x

Ko`p holatlarda bolaning injiqliklari uzog`i 10 kun davom etadi. Lekin, ota-onalar bog`cha tarbiyachilariga o`z farzandlarini ishonmasliklari ham bola ongiga ta'sir qiladi.

 Har bir oila farzandini necha yoshda bog`chaga berish xaqida bosh qotiradi. Kimdir bolani bog`chaga berish uchun eng maqbul yoshni 3 yosh deb o`ylasa, yana kimdir vaqtliroq harakat qilish kerak, deb xisoblaydi. 

Ota-onalar farzandlarini necha yoshdan bog`chaga berganlari ma'qul?

Davlat bog`chalariga 3 yoshdan 7 yoshgacha bo`lgan bolalar qabul qilinadi. Hususiy bog`chalar esa o`zlarida belgilangan tartibdan kelib chiqib qabul qiladi. Psixologlar bolalarni uch yoshda bog`chaga yuborish yaxshiroq deb hisoblashadi. Ammo, amaliyot buning aksini ko`rsatmoqda. Uch yosh bola bog`chaga ikki yarim yoki to`rt yoshli bolaga qaraganda ko`proq jizzaki munosabatda bo`ladi. Ko`p xolatlarda uch yoshli bolalar krizis (inqiroz)ni boshdan kechiradilar. Krizis vaqtida bolani bog`chaga berish xato. Sababi u bu orqali ikki barobar ziyon ko`rishi mumkin.

Nega bolalar bog`chaga borishni istamaydilar va bunday holatlarda qanday yo`l tutish kerak?

Amaliyotimda bog`chaga borishni istamaydigan bolalarni ham uchratganman. Bunga asosan, bog`chaning muhiti ta'sir qilishi mumkin. Bunda bolaga bog`cha opaning munosabati yoqmasligi yoki bog`chada bolalar uni ajratib qo`ygan bo`lishi ham mumkin. Agar bunday jarayon davom etsa, bog`chani yaxshilab o`rganish va kerak bo`lsa uni almashtirish xaqida ham o`ylab ko`rish kerak bo`ladi.

Yana bir sabab, bolaning uydagi qulaylik qobig`idan chiqishni istamagani bilan bog`liq bo`lishi mumkin. Onalar uyda bolaga telefon yoki shu kabi gadjetlardan foydalanishiga ruhsat berishi yoki kun bo`yi televizor qarshisida o`tirishga o`rganib qolgan bola bog`chada shu narsalarni qumsashi tabiiy. Ko`p holatlarda bola ota-onasidan ayrilishni istamay, injiqlik qilishi mumkin. Lekin bu uzog`i 10 kun davom etadi. Undan so`ng bola ota-onasini ma'lum bir soat davomida ko`rmaslikni qabul qilib, bog`cha muhitiga moslashadi. Bolani bog`chaga bermaslik xato. Chunki, ular insonlarga va jamiyatga qo`shilishni bog`chadan boshlaydi.

Ota-onalarga farzandlarini bog`chaga tayyorlash uchun maslahatlar bera olasizmi?

Ota-onalar farzandlarini bog`chaga berishdan oldin o`zlari bunga tayyor bo`lishlari kerak deb o`ylayman. Sababi ko`p kuzatiladigan holatlardan biri ota-onalar bog`cha tarbiyachilariga o`z farzandlarini ishonishmaydi. Havotir olishlar, kun bo`yi yomon gumonda bo`lib, farzandim yiqildimi yoki yig`ladimi deb xayolingizdan o`tkazishingiz ham bola ongiga ta'sir qiladi.

Ota-onalar uchun bir nechta maslahatlar:

bolani bog`chaga bergan vaqtda uni so`rg`ichlardan ayirmaslik lozim. Avval so`rg`ichlardan ayirib, keyin bog`chaga bergan ma'qul;

bog`chaning rejimiga moslashing. Ya'ni uyda ham bog`chadagidek uyqu va ovqatlanish rejimini qo`llang;

bolaga uyda sevib o`ynaydigan o`yinchog`ini bog`chaga olib borishiga ruhsat bering;

kechqurun bolalar bog`chasi atrofida farzandingiz bilan sayr qiling. Farzandingiz o`zi kabi bolalarni ota-onalari tashqarida kutib o`tirganliklarini va olib ketishayotganini ko`rsa, u ham qolib ketmasligiga amin bo`ladi;

farzandingizni bog`chaga sekinlik bilan o`rgating. Unda moslashuv paydo bo`lgandagina u o`zini yaxshiroq his qiladi.

 

 

To Top ↑
To Top ↑