Oilaviy hayot, bu faqat er-xotin o`rtasidagi munosabatlardan iborat emas. Shuning uchun endi siz va bolalaringiz to`g`risida so`z yuritmoqchiman. Mazkur bobda men sizning bolalar bilan munosabatingizni tahlil qilmoqchi emasman, balki ma'lumot uchun bir necha amaliy maslahatlarni tavsiya etaman. Inson tanasi va ruhi farzand tarbiyasining asosi hisoblanadi.
“Go`dakning bo`lajak taqdiri hamisha onasining ishidir”, degan edi Napoleon. Haqiqatan, inson fe'l-atvori uning taqdirini belgilar ekan, shak-shubhasiz, boshqa hech kim ona kabi bolasining taqdirini yarata olmaydi. U farzandida ilk bilim, ilk his-tuyg`u, ilk orzu-istakni uyg`otadi va barpo etadi.
Aslini olganda, ona bolani nafaqat vujudidan, balki qalbidan ham dunyoga keltiradi. U inson ruhiy va jismoniy kuchlarining bosh tarbiyachisi va xazinabonidir. Bola erkak yoki ayol bo`lib, bu mitti jonda kelgusidagi yoshi katta odamning mazmun-mohiyati joy olgan. Siz qanday tarbiyalasangiz, u pirovardida shunday odam bo`ladi. Barcha bolalar ichki jihatdan turli-tuman iste'dod nishonalari hamda o`ziga xoslikka ega. Bir daraxtda bir-biriga o`xshagan ikkita yaproq bo`lmaganidek, ikki odam ham o`zaro bir-biriga aslo mos kelmaydi. Har bir kishi, bu — yagona shaxs, u ozmi-ko`pmi o`ziga xoslikka ega. Shu bilan birga, inson qanday bo`lsa, tarbiyasi ham aynan shunday bo`ladi. Har bir shaxs alohida tarbiyalanmogi lozim. Bu har qanday tarbiyaning asosiy vazifasidir. Buni doimo tarbiyachilarga eslatib turish kerak. Siz Hudo tomonidan bolalaringizga ato etilgan tabiiy fazilatlarni tarbiyalashga da'vat etilgansiz! Hurmat qiling, ruhlantiring, uni mustahkam kishiga aylantiring, ammo unutmang: har qanday odam yakka holda butun insoniyatga xizmat qilishga burchlidir. Ana shunda u o`zining qadr-qimmati va haq-huquqini qo`lga kiritadi, hayotga tatbiq etadi hamda boshqalarning o`ziga xos hayotiga zarar keltirmaydi.
Shundan so`ng jismoniy jihatdan oshqozon, mushaklar va asablarga, ularning xossalariga e'tibor berish kerak. Har biri bir xil daraja yoki miqdorda barcha uchun to`g`ri kelavermaydi. Ammo qanday bo`lmasin, tana a'zolarining uyg`unligi va kuchi inson salomatligini kashf eta olmaydi. Mushaklari mustahkam erkak xasta bo`lishi, ko`rinishi zaif odam esa har tomonlama barkamol rivojlangan, behad sog`lom holda huzurlanishi mumkin.
Har bir bolaning fikr-mulohaza yuritish layoqati turlicha tarzda va miqdorda namoyon bo`ladi. Ularga talab qo`yishda ana shu turfa qobiliyatlarga e'tibor qarating. O`tkir aql faqat ozuqa talab qiladi, agar u mavjud bo`lsa, o`z-o`zidan shakllanadi.
Faqat hosildor ekin etishtiraman, deb majburiy yo`l tutmang, notabiiy yo`l bilan zaiflashib, hosil bermaydigan holatga etkazmang. «Agar bola fikr-mulohaza va bilimga chanqoq, lekin o`jar va tortinchoq bo`lsa, — deydi Komeniy, ular tarbiyasida ehtiyotkorlik kerak, toki yaxshi ot eshakka aylanib qolmasin». To`g`ri tarbiya berilgan farzandlardan komil insonlar etishib chiqadi. Aksincha, o`qishni xohlaydigan, ammo bilimni etarli darajada tez o`zlashtira olmaydigan bolalarni majburla maslik kerak. Ular keyinchalik maqsadga muvofiq tarzda harakat qilib, yutuqlarni qo`lga kiritadilar. Bundaylarni kuch bilan mehnatga jalb etmang. Ularni qo`lidan kelmaydigan ishga yo`naltirishning hojati yo`q. Darvoqe,bunday bolalarni qobiliyatli, uddaburon tengqurlari bilan tanishtirib, biriktirib qo`yish kerak: bu kabi hamjamiyat tufayli ular jonlanib, harakatga tushadi.
Fikrlashi sust bolani qadam-baqadam olg`a olib yurish, bir bekatdan yaqin ikkinchisigacha etaklamoq lozim. Ularni mehnatga duchor etmay, kuchi etmaydigan ishga jalb qilmang. Bilimning keng doirasiga ham qiziqmagani ma'qul, keyinchalik xuddi shunday doirada o`zini engil va emin-erkin his etadigan bo`ladi.
Shu bilan birga bolalaringizdan birortasi alohida qobiliyatga ega ekanligi ma'lum bo`lsa, qanotini qirqib qo`ymang. U haddan ziyod baland uchadi, deb xavotirlanmang. Iqtidorli bolani qandaydir boshqa sohaga kiziktirish ham yaramaydi.
Bolangizdan siz istagan shoir yoki rassom, bastakor yoki me'mor, faylasuf yoki tabiatshunos, matematik yoki mexanik chiqmasligi mumkin, ammo u tabiatdan o`ziga ato etilgan iste'dodiga mos ravishda voyaga etadi. Siz tegishli ozuka berib tursangiz, bolangiz erkin o`sadi. Faqat ehtiyot buling: u matematikani engilgina o`zlashtirishi, chunki gapirishni tez o`rganishi, xotirasida nomlarni osongina saqlay olishi tufayli raqamlarni engil o`zlashtirib olishi mumkin.
Bir qobiliyat juda kuchli, boshqasi esa nihoyatda zaif bulishi mumkin. Kimki bilimning bitta muayyan sohasida o`z kuchini namoyon etsa, uni boshqasi yoki hammasida shu darajada a'lochi deb bo`lmaydi.
Fanda tub muvaffaqiyatlarga erishmaydigan bolalar kelgusida ham yutuqqa erishmaydi, degan aqidalarga ishonmang.
“Oilada baxtga erishish yo`llari” kitobidan