Qadimda bir donishmand yashagan ekan. Uning shogirdlari ko`p va qisqa vaqtda turli ilmlarni egallashar ekan va buning boisi esa donishmand shogirdlariga o`rgatayotgan har bir ilmda hayotiy misollar keltirib o`tishi ekan.
Kunlarning birida donishmand shogirdlarini yoni chaqirib shunday debdi:
- Hozir men bir guruh mehmonlarni uyga mehmonnavozlikka taklif qilaman va sizlar ushbu mehmondorchilikni diqqat bilan kuzatinglar so`ng xulosa yasaysizlar.
Katta xonani bezatishibdi, chiroylik va katta dasturxon yozilibdi, dasturxonga turli xildagi nozu-ne'matlar, turli tansiq taomlar va shirinliklar qo`yilibdi va shaharning barcha ziqna odamlarini chaqirishibdi.
Mehmonlar kelgach, ularga issiqqina lazzatli sho`rva taomi uzatilibdi. Kelgan mehmonlar dasturxondagi nozu-ne'matlarni va shirinliklarni ko`rib ishtahalari ochilgandan ochilibdi va sho`rvani ichishga kirishibdi. Ne ko`z bilan qarashmasinki dasturxonga mehmonlar uchun har biriga qoshiq qo`yilibdi-yu ammo bu qoshiqning sopi juda ham uzun emish. Mehmonlar avvaliga bunga e'tibor xam berishmabdi va darrov sovib qolmasin deya sho`rvani ichishga tushishibdi. Qanchalar xarakat qilishmasin qoshiqni og`izlariga olib borisholmabdi va sho`rvadan bir qoshiq ham icha olishmabdi. Bir oz vaqt o`tgach bir-biriga tikilishib qorinlari och holatda uylariga ketishibdi.
Bu holatni ko`rgan shogirdlar donishmandning bu ishini tushunishmabdi va donishmandga jumboqli nazar tashlabdi.
Shunda donishmand uyiga, kelishilganidek shaharning eng saxiy odamlari kirib kelishibdi. Ularning yuzlaridan nur taralar ekan, bir-birlariga mehrli boqishar ekan.
Donishmand ularni darrov dasturxon atrofiga chorlab taomlardan olib tanavvul qilishlarini va sovib qolmasdan sho`rvani ichishlarini so`rabdi.
Saxiy odamlar bir-birlariga muloyimgina boqib sopi uzun qoshiqda sho`rva olib ro`parasida o`tirgan bir-birlariga uzata ketishibdi va shu zaylda sho`rvani ichishibdi. Qorinlari to`ygach hammalari shukr aytishibdi va mezbondan ruxsat so`rab uylariga ketishibdi.
Donishmand shogirdlarini yoniga chaqirib shunday debdi:
-Mana, ko`rdilaring-mi? Kimki hayotda faqat o`zini o`ylasa, ziqnalik qilsa, och qoladi. Kimki boshqalarni o`ylasa, uni ham boshqalar o`ylaydi, qornini to`yg`azadi. Yaxshilikka-yaxshilik, mehr ko`rsatsang - mehr ko`rasan.
B. YuSUPOV,
Oqqo`rg`on tuman 1-son kasb-hunar
maktabi maxsus fan o`qituvchisi