Bog`cha bolasiga pul bilan muomala qilishni o`rgatishning eng oson yo`li unga puldon (kopilka) olib berishdir. Puldon sotib olayotganda uning shaffof, ya'ni ichi ko`rinib turadigan bo`lishiga ahamiyat bering. Shunda bola pulning to`planish jarayonini o`z ko`zi bilan ko`rib, kuzatib boradi.
Bolaga pul bilan muomala qilishni o`rgatishning yana bir yo`li - unga namuna bo`lish. Bola deyarli hamma vaqt kattalarni kuzatadi. Odatda, kattalar pulni qanday tasarruf qilishsa, bolalar ham shunday tasarruf qilishga urinishadi. Pul qayerdan kelayotgani, qayerga ketayotgani, nima uchun mana bu narsa olindi-yu, boshqasi olinmagani haqida ma'lumot berib borish kerak.
Har bir narsaning o`z qiymati borligini, hech narsa o`z-o`zidan bo`lmasligini tushuntirib boring. Buning uchun bolani do`konga olib boring, narsalarning narxini so`rab, ba'zilariga pul etmasligini unga bildiring, olinayotgan narsalar uchun qancha pul to`laganingizni ko`rsating. Imkon qadar shunday xaridlarda bola o`z puli bilan ishtirok etsin, shaxsiy pulidan oila uchun qimmat bo`lmagan biron narsa sotib olsin.
ʺMenbolam va pulʺ kitobidan