Bolalar bilan pulning qayerdan paydo bo`lishi, uning ahamiyati va vazifasi nimalardan iboratligi haqida gaplashing. «Biz kambag`almizmi, boymizmi?», «Nega falonchida o`yinchoq yoki telefon bor?» degan savollarga javob berib, sabr bilan pul resurs, vosita ekanligini, uni boshqara olish katta mahorat ekanligini tushuntiring. Suhbatni faqat pul mavzusiga aylantirmang, lekin nazardan ham qochirmang.
Daromad, sovg`a, xarajat, jamg`arma, mavjud mablag`larni ko`paytirish vositalarini misollar yordamida tushuntiring. Moliyaviy fikrlash bola tafakkurining bir qismiga aylanmaguncha turli misollarni takrorlayvering.
Sotib olayotgan narsangizni muhokama qiling. Bolalar nima zarurligini (masalan, qish uchun issiq etiklar), rivojlanish va kelajakka sarmoya (sport, kitoblar, kurslar va boshqalar) va o`tkinchi istak (qo`shimcha o`yinchok) nima ekanligini bilishlari kerak.
Bolani pul ishtirok etadigan jarayonning to`liq ishtirokchisiga aylantiring. Masalan, do`konda muzqaymoqni 10 000 yoki 100 000 so`mga nechta sotib olishi mumkinligini tushuntiring. Taksida onlayn to`lov nimaligini yoki ota-onalar taksidan bir marta foydalanish uchun qancha ishlab topishlari kerakligini o`rgating. Birgalikda kommunal xizmatlar to`lovini hisoblab chiqing.
Sekin-asta amaliy vazifalarni yuklang. Misol uchun, dastlab bola faqat siz bilan xaridlarni amalga oshiradi, keyin aniq ro`yxat va ma'lum miqdordagi pul bilan mustaqil ravishda do`konga borib keladi, vaqt o`tishi bilan u ma'lum mikdordagi pulga nimadan qancha sotib olish mumkinligini hisoblay olishi kerak.
Pul haqida bolalar kitoblarini o`qib bering, birga o`yinlar o`ynang. Bu moliyaviy fikrlashni rivojlantiradi. Kitoblar va o`yinlar bank qanday ishlashini, ish haqi, jarimalar nima ekanligini va boshqalarni ko`rsatadi. Eng muhimi, ular boshqa maqsaddagi ishtirokchilar bilan qanday munosabatda bo`lishni o`rganadilar.
Sifatli va arzon variantni tanlashni, xaridlar va bola tuplagan pullardan keladigan quvonchni his qilishni o`rgating. Farzandingiz bilan u yoki bu harakatning afzalliklarini ko`rsatish uchun tanlovni tahlil qiling.
Pul yig`ishni o`rgating. O`zingiz nima uchun pul yig`ayotganingizni, bunga qancha vaqt va kuch sarflashingiz kerakligini gapirib bering. Bankda pulni saqlash, depozit qanday ishlashini ko`rsating.
Farzandingiz bilan turli tadbirlarda qatnashing, ayniqsa, boshqa bolalar sotuvchi, xizmat ko`rsatuvchi yoki tashkilotchi sifatida ishtirok etishsa. Pulning manbai nima, boshqalarga nima foydali ekani, uni o`z manfaati bilan qanday uyg`unlashtirish mumkinligi haqidagi tushunchalar mana shunday shakllanadi. Ishda yoki ofisda emas, balki uyda noutbuk ro`parasida vaqt o`tkazsangiz ham, ishingiz haqida gapirib bering - nima uchun u sizga qadrli?
Turli halol yo`llar bilan pul topish istagini qo`llab-qo`vvatlang: topshiriqlarni bajarish, o`z mahsuloti yoki xizmatlarini sotish (videoga yoki suratga olish, master-klasslar o`tkazish, dasturlash), ota-onaga ularning loyihalarida yordam berish. Bu xatti-harakatlar javobgarlikni, istiqbolni ko`zlab o`ylashni, daromad va xarajatlarni hisoblashni o`rgatadi. O`smirlar o`z bilim va ko`nikmalarini pulga aylantirishni qoyillatadilar.
Biror narsaga ega bo`lish istagini qo`llang. Bola bunga qanday ega chiqishi mumkinligini muhokama qiling. Masalan, siz sotib olib berasiz, lekin bola hammasini o`z pulidan, buyurilgan vazifalarni bajarib olgan ish haqidan to`lab beradi. Shunday qilib, tovarning qadri va uning qanchalik zarurligini tushunish paydo bo`ladi.
Kurslar, sport yoki badiiy to`garaklar uchun to`lovni (to`liq yoki qisman) to`lashga yordam berishni muhokama qiling. Bu bolaning harakati, urinishi va to`lov o`rtasidagi munosabatni yaratadi.
“Men, bolam va pul” kitobidan