Tarbiya — ota va onaning burchi va farzandlarning haqqi hisoblanadi. Islom ulamolarining ta’kidlashicha, ota-onaning farzand ne’matiga erishishgani uchun qiladigan shukri aynan uning tarbiyasiga mas’uliyat va sharaf bilan yondashishida namoyon bo‘ladi.
Farzand tarbiyasida ota-onaning o‘rni qanchalar katta ekani haqida payg‘ambarimiz Muhammad solallohu alayhi vasallamning quyidagi hadisi shariflaridan ham bilib olish mumkin:
“Har bir tug‘ilgan bola faqat fitrat (sof tabiat) ila tug‘iladi. Bas, ota-onasi uni yahudiy yoki nasroniy yoki majusiy qiladi. Bu xuddi hayvonning bus-butun hayvon tug‘ishiga o‘xshaydi. Siz unda quloq-burni kesilganini his qilganmisiz?”
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadigan ushbu hadisdan ma’lumki, bola tug‘ilganida pok, sof tabiatli bo‘ladi. Uning yaxshi inson bo‘lib kamolotga yetishi yoki johil kimsaga aylanishi ota-onaning beradigan tarbiyasiga bog‘liq.
Yuqoridagi hadisi sharif Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining “Baxtiyor oila” nomli kitoblarida to‘liqroq tushuntirilgan bo‘lib, unda har bir hayvon bolasi onasidan bus-butun tug‘ilishi, birortasining qulog‘i yoki burni kesilmagan bo‘lishi sharhlanadi. Ular bus-butun yaratilsa-da, egalari belgi qo‘yish maqsadida va yana boshqa niyatda ularning quloqlarini, burunlarini kesadilar va hokazo. Shunga o‘xshab, inson ham onadan sof tabiat bilan tug‘iladi, u yahudiy, nasroniy yoki majusiy bo‘lib tug‘ilmaydi. Ota-onasining tarbiyasi tufayli yahudiy, nasroniy yoki majusiy bo‘ladi.
Albatta, ota-ona ham farzandining solih va solihalardan bo‘lishini, Allohning oldida ota-onasiga rahmat keltiruvchi bo‘lishini istaydi. Biroq aksariyat hollarda tarbiyaga jiddiy e’tibor qaratishmaydi yoki buni kechroq anglaydilar.
Turli manbalarda bola tarbiyasi uch bosqichda amalga oshirilishi qayd etiladi. Bular – munosib jufti halol tanlash, homila davridagi parvarish, farzand dunyoga kelgan kundan boshlab beriladigan tarbiya hisoblanadi. Afsuski, ko‘pchiligik tarbiyani uchinchi bosqichdagina hal qilish mumkin deb o‘ylaydi. Keling, hozir shu uch bosqich haqida qisqacha mulohaza yuritsak.
Munosib jufti halol tanlash
Turmush qurayotganda odobli va salohiyatli juft tanlash muhimdir. Farzand tarbiyasidagi eng muhim bo‘lgan bu bosqich to‘g‘ri asosda amalga oshsa, keyingi bosqichlar ham ijobiy natija berishiga zamin yaratiladi.
Qur’oni karimda ham solih farzandni, avvalambor, u hali homilaga aylanmay turib duoda so‘rash haqida oyat-ibratlar kelgan. Jumladan, «Oli Imron» surasi 38-oyatida bunday deyiladi: «O‘sha joyda Zakariyo Rabbiga iltijo qilib, dedi: «Rabbim, menga (ham) o‘z huzuringdan pok zurriyot ato et! Darhaqiqat, Sen duoni eshitguvchidirsan».
Homila davridagi parvarish
Farzand tarbiyasining ikkinchi bosqichi homila davrida amalga oshiriladi. Bu bosqichda ayolga tashqi jihatdan va o‘zi tomonidan katta e’tibor qaratish talab etiladi. Bola tug‘ilguniga qadar ayolga moddiy-ma’naviy sharoit yaratib berilishi kerak. Farzandni sog‘lom tug‘ilishi uchun uni barcha og‘ir vazifalardan ozod qilish lozim. Homilador ayolni asabiylashishdan juda ehtiyot qilish kerak. Ayol ko‘p asabiylashsa, majburiy qiynoqlarga ro‘baro‘ qilinsa, bola asab kasalliklari bilan tug‘ilishi tibbiy jihatdan ham o‘z isbotini topgan. Demak, homilador ayolga munosib sharoit yaratish bilan, aslida tug‘ilajak farzandlarga yaxshilik qilgan, bolalarni ruhiy jihatdan asragan bo‘lamiz.
Farzand dunyoga kelgan kundan boshlab beriladigan tarbiya
Ko‘pchilik biladigan, ammo shuni ham u qadar mas’uliyat bilan amalga oshirmaydigan ushbu bosqichida ona farzandini oziqlantirishda ozodalik qoidalariga amal qilishi, bolani poklikka birinchi kundanoq o‘rgatishi lozim. Bola shirinso‘z bo‘lib o‘sishi uchun tili chiqqan ondanoq shirinsuxanlikka o‘rgatib borish zarur. Farzand biror yomon so‘zni qo‘llay boshlasa, uning so‘zlariga ayrim kishilarga o‘xshab «zavq»lanmasdan, aksincha, uni qaytarish, qo‘llayotgan so‘zi esa juda yomon ekanini bildirish kerak. Tili endigina chiqayotgan bola yon-atrofdagilarga taqlid qiladi. Demak, oilada hamma bir-biriga chiroyli va xushmuomala bo‘lishi katta ahamiyatga ega. Shundagina tarbiya topayotgan bola ham go‘zal so‘zlashuv odobiga amal qilib ulg‘ayadi.
So‘zimiz yakunida Payg‘ambarimiz alayhissalomning quyidagi so‘zlariga e’tibor qaratsak. «Birorta ota o‘z farzandiga odob-axloqdan afzalroq meros berolmaydi». Demak, farzand uchun mol-dunyo to‘plash, ularning to‘qin hayot kechirishi uchun jon kuydirishdan ham ko‘ra, ularni solih va solihalardan qilish, chiroyli xulq va tarbiyali qilib voyaga yetkazish ota-ona zimmasidagi asosiy vazifadir.