x

Ko`p farzandli oilalarda nizo, raqobat, qizg`anish muammolari tez-tez uchraydi.  Bunday paytda ota-ona ularning jim bo`lishini talab qilib, dakki berib qo`yishi etarli emas. Farzandlar o`zaro ahil, inoq bo`lib o`sishi uchun kattalardan ko`proq kuch va e'tibor talab etiladi.

Bu borada psixologlar qanday tavsiyalar beradi?

— Har bir bolaning individualligini tan olish va qabul qila bilish lozim. Bir oilaning o`zida ham bolalar turli temperament, did va qiziqishlarga ega bo`lishi mumkin. Bularning barchasini farzandlaringizda ko`ra bilishingiz va tan olishingiz lozim.

— Kundalik hayotda farzandlarni yoshi bo`yicha ajratib, kichigi yoki kattasiga yon bosmang.

— Katta farzandingizni kichigi uchun javobgar qilmang. “Ukangga yon bos, kattasan axir” kabi buyruqlarni oddiy hollarda qo`llash tavsiya etilmaydi, ulardan janjalli hollardagina foydalaning.

— Farzandlaringizga bir-birini namuna qilib ko`rsatmang. Bolani faqat o`z-o`zi bilan qiyoslash zarur (masalan, avval qanaqa edi, hozir qanday, ertaga qanday bo`lishi mumkin).

— Agar janjal yoki yomon ish sababchisi aniqlanmasa, bolalarning barchasini birdek jazolang yoki jazosiz qoldiring.

— Mehr yoki do`stona hissiyotlarni mustahkamlash uchun bolalarga har qanday yo`llar bilan oilaviy birdamlik tuyg`usini singdiring, ularning bir oila a'zolari ekanligini bildiring. Hulq-atvor qoidalarini tushuntirishda gapni “Bizning oilada…” qabilida boshlang, masalan, “Bizning oilada hech kim bir-biri bilan janjallashmaydi”.

— Bolalarni bir-biri bilan muomala qilishga o`rgating. Birgalikda qanday o`ynash, bahsni qanday hal etish, biror narsani qanday so`rash, qanday taklif qilish, qanday yordam berish va yordamni qanday qabul qilish, bularni qanday gaplar bilan bildirish — bularning barchasini o`rgatish va bunday vaziyatlarda yo`l ko`rsatish zarur.

— Bolalarni o`zaro kelishib olishga o`rgating. Ularga bahsni musht bilan emas, so`zlar yordamida hal etish lozimligini tushuntiring.

— Nizo uchun sharoit yaratmaslikka harakat qiling. Bolalarning diqqatini boshqa narsalarga jalb qilib, ular o`rtasidagi kelishmovchilikning oldini oling. Masalan, farzandlaringiz sayrga chiqqanda o`yinchoqqa talashib qolmasligi uchun, ko`chaga chiqishdan avval ularning har biri o`zining sevimli o`yinchog`ini olib olishiga ruxsat bering.

— Bolalar o`rtasidagi hamkorlikni rag`batlantiring. Buning uchun bolalarga bir jamoa bo`lib ishlash talab etiladigan majburiyatlarni yuklang.

 

To Top ↑
To Top ↑