x

«Bolam kam ovqat eydi», «Farzandimga ovqatni majburlab ediraman», - kabi onalar shikoyatini ko`p eshitganmiz. Haqiqatdan ham, bolalar ovqatni yaxshi emasligi sababi nimada?

Ota-onalar xavotiri boisini tushunish mumkin. Chunki bola to`laqonli ovqatlanmasa, sog`lom o`smasligi va yaxshi rivojlanmasligi mumkin. Bolalarning ovqatdan bosh tortish sabablari juda ko`p Ularning oldini olish uchun ota-onaga sabr, kichkintoyga nisbatan diqqat-e'tibor kerak bo`ladi.

Bola betob bo`lganda uning hatti-harakatlari birdan o`zgarib qoladi. U injiq, qaysar, yig`loqi bo`ladi. Ishtahasi bo`g`iladi. Bunday paytda darhol bola haroratini o`lchab, yotqiziladi va shifokor chaqiriladi. Shifokor kelib, bola kasalligini aniqlagunga qadar unga qaynagan suv yoki shirin choy beriladi.

Ishtahaning tug`ma buzilishi

Mutaxassislarning fikrlaricha, muddatdan avval tug`ilgan ayrim qizaloqlarda bosh miyaning oziqlanish markazi shikastlanishi natijasida ko`rish qobiliyati susayishi va ishtahasizlik kelib chiqishi mumkin.

Masalan, anorektsiyada umuman ovqatdan voz kechish yuzaga keladi. Bunday bolalarni ovqatga chaqirsangiz unamaydilar, esa hatto qusishi ham mumkin. Bola bo`shashib, ozib ketadi. Ko`pincha, anorektsiya o`spirin qizlarda turli xil parhezlar ta'sirida, yosh bolalarda esa keskin qo`rqish oqibatida kelib chiqadi. Bunday vaziyatda bola nafaqat davolovchi shifokor, balki ruhshunos yordamiga ham muhtoj bo`ladi.

Anorektsiyada organizm trofikasi va ichak faoliyatini yaxshilash uchun apilak, sut va nordon sut mahsulotlari (qatiq, tvorog, zardob), bifidum va kolibakterin, bifikol, sut laktobakterini kabilarni shifokor maslahatiga ko`ra qo`llash tavsiya etiladi. Bolalarning sof havoda etarlicha bo`lishi, to`g`ri rejim, ijobiy ruhiy muvozanat, massaj, jismoniy mashqlar bilan shug`ullanish, chiniqtirish, shifobaxsh vannalar qabul qilish kabi tadbirlar yordamida ishtaha buzilishining oldi olinadi.

So`lak kam miqdorda ajralishi

Asabiy bolalarda ovqat paytida so`lak kam ajraladi. Ular hatto kichkina kotlet yoki quyuq ovqatlarni eyolmaydilar. Bunday paytda ovqatdan oldin chuchuk mevalar (olma, nok), mevali va sabzavotli sharbatlar beriladi.

Bolangiz sog`lom bo`lsa, ammo ovqatlanishda uni eyman, buni eyman deb xarxasha qilsa, chimxo`r bo`lsa, hamma ovqatlanib bo`lgandan so`ng non kovshasa aslo diqqat bo`lmang. Bu ishda sizning ittifoqdoshingiz – bola ishtahasidir. Ishtahaning tabiiy yo`l bilan ochilishiga imkon bering.

Ko`pchilik onalar nonushta va tushlik orasida, sayr vaqtida bolalariga non, pechen'e berib ishtahasini bo`g`ib qo`yadilar. Bunday qilishni to`xtatish kerak. Bola yaxshigina och qolsa, maza qilib ovqatlanadi. Ovqatdan bosh tortmay, aksincha qo`shimcha ovqat suzib berishni so`raydi.

Hamma ovqatlarni ( salat, sharbatlar, shirinliklar, mevalar)ni dasturxonga birdaniga qo`ymang

Faqat ko`krak suti bilan boqilgan chaqaloqlar bir yoshgacha bo`lgan paytlarida o`zlariga zarur bo`lgan ovqatni tanlay oladilar. Chunki ularning ta'm bilish qobiliyati hali buzilmagan bo`ladi.

2-5 yoshlardagi bolalarga oldin birinchi taomni to`la edirish, so`ngra qolganlarini berish lozim. Aks holda bola ovqat tanlaydigan, injiq bo`lib qoladi.

Erkalashdan voz keching

Turli shirinliklar va'da qilib bolani ovqatga undash, bittagina konfet berish, bolangizni ovqatdan tamoman voz kechib, sizni xohlagan ko`yga solishi uchun etarli bo`ladi. Bunday paytda, ona mehrining eng ma'qul ko`rinishi bola sog`lig`i uchun kerakli bo`lgan ovqatlanish rejimiga qat'iy rioya qilishdir.

Tushlik yoki kechki ovqatni tomoshaga aylantirish

Bola bir oz qaysarlik qilsa, butun oila uning oldida parvona bo`ladi. Darhol unga qiziqtirish uchun ertaklar aytiladi, chapak chalinadi, stol ustiga yaxshi ko`rgan o`yinchoqlari qo`yiladi. Ovqat esa «rag`batlantiruvchi konfet yoki boshqa bir shirinlik»lar va'da qilinadi. Buning o`rniga ovqatni stoldan olib qo`yib bolaning yaxshilab ochiqishini kutish kerak.

Majburlab ovqat edirish

Har qaysi ona «bitta qoshiq oyi uchun, bittaginasi dada uchun», deb bolasini zo`rlab ovqat edirganining ko`p guvohi bo`lganmiz. Majburlab edirilgan ovqat kichkintoy uchun faqat zarar olib keladi. Aksincha, biron bir bo`tqa, kisel' yoki sabzavotli pyurega nisbatan nafratini oshiradi. Har bir katta yoshli odamning umuman yoqtirmaydigan taomi bo`ladi. Odatda, bu uning bolaligida majburlab edirilgan taomi bo`lib chiqadi. Shuning uchun bola qornini deyarli to`ydirgandan keyin, qolganini emayman deb tixirlik qilsa, uni aslo majburlamang.

Ovqatlanish paytida ortiqcha nasihat qilmang

Bolalarga u yoki bu mahsulotning foydasi unchalik tushunarli bo`lmaydi. Shuning uchun turli sharbat, bo`tqalar foydasi yoki uni emasa tishi og`rishi haqida haddan ziyod nasihat qilmang. Bolangizning ta'bi buzilgan bo`lsa, (ko`p narsa tatib ulgurgan) u atayin ko`p shokolad eyishi mumkin. Undan ko`ra bolani oddiy, foydali uy taomlari bilan ovqatlantiring.

Sut – beqiyos jannatiy ne'mat

Bolalarni to`g`ri ovqatlantirishda asosiy va almashtirib bo`lmaydigan mahsulot sut va sutli mahsulotlar hisoblanadi. Sut me'da shirasi kislotaligini pasaytiradi, bu uni gastrit, yara kasalligi, o`t pufagi va jigar kasalliklarida qo`llashga yo`l ochadi. Sigir sutida 2,8% to`la qimmatli oqsil mavjud. Sut oqsilida almashtirib bo`lmaydigan aminokislotalar – lizin, metionin, triptofan, leysin, valin, argininlar bo`lib, ular mikroblarga qarshi ta'sirga ega. Sigir sutida yog` miqdori 3,5-6% gacha bo`lib, engil hazm bo`ladi. Sutda qand miqdori laktoza – 4,5% bo`ladi. Sut turli mineral tuzlarga, ayniqsa, fosfor- 0,9 g/l va kal'tsiy- 0,5 g/l ga boy. Sutda temir moddasi kam, biroq u yaxshi so`riladi. Bundan tashqari sut C, B, A, D, E vitaminlariga boy. Sigir suti oqsilini ko`tara olmaydigan bolalarga davo sifatida echki suti tavsiya etiladi.

 

 

To Top ↑
To Top ↑