Ma'lumki, islom shariati jamiyat hayotidagi deyarli barcha masalalarga javob topib kelgan. Dinimiz boshqalar arzimas deb qaragan ishlarga ham katta ahamiyat beradi. Oila - bu muqaddas dargoh, jamiyatning tayanchi. Oila sog`lom bo`lishi uchun nikohning ahamiyati katta. Fiqh kitoblarimizning barchasida, nikoh bobida bola emizish masalasiga alohida urg`u berilgan.Bir qarashda arzimasdek tuyulgan bu ishda qanday hikmatlar bor va nima uchun dinimiz bu ishga shunchalar katta ahamiyat bergan?
Avvоlom bor bola emizish masalasining shar'iy hukmlariga to`xtalib o`tsak. “Razo'” so`zi lug`atda emizish so`rish ma'nosini bildiradi. Shar'iy istilohda, ikki yoshga to`lmagan bolaning qorniga ayol kishi sutining etib borishidir. Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhamat qiladi: “Volidalar bolalarini to`liq ikki yil emizurlar. Kim emizishni batamom qilishni hohlasa”. (Baqara, 233). Shunga ko`ra bola ikki yoshgacha bo`lgan muddatda begona onani emsa (Imomi A'zam rahmatullohi alayh ikki yarim oygacha, deganlar) va bolaning qorniga sut etib borgani aniq bo`lsa emikdoshlik hukmida bo`ladi. Bola ikki yarimdan oshganda emsa, emgani bilan sut bolaning qorniga etib bormaganligi aniq bo`lsa yoki suti yo`q ayollarni emsa emikdoshlik hukmida bo`lmaydi. Oysha (r.a)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (s.a.v): Nasab jihatidan nikohi harom bo`lganlar emish jihatidan ham harom bo`ladi”, dedilar”. Agar bir ayolni ikkita bir-biriga begona bo`lgan bolalar emsa, ularning biri qiz va ikkinchisi o`g`il bola bo`lsa,bular bir-biriga emikdosh bo`ladi va nikohlari durust bo`lmaydi. Agar shunday yigit va qiz bir-birlari bilan nikohlangan bo`lsa, ularning emikdosh ekanligini adolatli ikki er kishi yohud bir er kishi va ikki ayol kishi birgalikda guvohlik bersa nikohlari to`g`ri bo`lmaydi. Uqba ibn Horis (r.a) aytadi: “Bir ayolga uylandim. So`ngra oldimizga bir qora xotin kelib, ikkovingizni emizganman, dedi. Shunda men borib Payg`ambarmiz (s.a.v)ga xabar berdim va: “Albatta, bu ayol yolg`onchi bo`lsa kerak”, dedim. U Zot yuzlarini o`girib oldilar. Men yana yuz tomonlariga o`tib: “Albatta u yolg`onchi”, dedim. U Zot: “Qandoq qilib, axir, u ikkovingizni emizganini da'vo qilmoqda-ku! Uni qo`yib yubor”, dedilar”. Hozirgi zamon tibbiyoti ham qarindoshlar o`rtasidagi nikohlarda nasl kasallari bilan kasallanish ko`p uchrashini tasdiqlaydi. Shunday nikohlar tufayli bir qancha bolalar nogiron, mayib-majruh tug`ilishiga hayotda guvoh bo`lib turibmiz. Go`dakning ikki yoshgacha asosiy oziqasi ona suti bo`ladi. Go`dakning o`sishi, rivojlanishi shu sutdan oladigan oziqaga bog`liq. Onada sut paydo bo`lishi otadan urchish sabablidir. Demak, ona sutida ham ona, ham ota organizmidagi moddalar mavjud. Bu sutni emgan turli bolalar qarindoshlarga o`xshab qoladi va nikohlari salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.Ba'zan ayollarimizdan tug`ruqxonada ayrim bolalar o`z onasini sutiga to`ymagan paytda, yonidagi ayollar emizishini yoki sutini sog`ib ichkazishini eshitib qolamiz. Bunday holatlarga o`ta e'tiborli bo`lish lozim. Avvalom bor begona bolani emizish uchun erning roziligi bo`lishi kerak. Emizgan bolaning ota-onasini, bolani aniq bilish va eslab qolish lozim. Chunki, vaqti kelib bu go`dak voyaga etganda shu onaning bolalari bilan nikoh bog`lashni hohlab qolishi mumkin. Bunday nikoh esa aslo mumkin emas. Chunki, bu bolalar bir-biriga emikdosh bo`lib qolgan. Shuning uchun farzandlarimizni nikohlashni hohlaganimizda bu narsalarga ham alohida ahamiyat berishimiz lozim.
Manba: muslim.uz