Halq orasida chapaqaylar o`naqaylarga nisbatan iqtidorliroq bo`ladi, degan fikr bor. Olimlar bu haqda o`z ilmiy ishlarida nimalar deganiga Meduza nashri qiziqib ko`rdi. Dastlab, umumiy narsalar haqida.
O`naqaylar chapaqaylardan necha barobar ko`p?
Taxminan, o`n barobar. Chapaqay erkaklar chapaqay ayollarga nisbatan ikki marta ko`proq uchraydi.
Odamlar nima uchun chapaqay bo`lib tug`iladi?
Aniq javob yo`q. Bu, to`liq bo`lmasada, genetika bilan bog`liq bo`lishi mumkin. Bir tuxum hujayradan paydo bo`lgan egizaklarda genlar bir xil bo`ladi, biroq bunday juftliklarning 17 foizida ishchi qo`llar har xil bo`ladi. Ba'zan homilada chapaqaylik tashqi ta'sirlar natijasida yuzaga keladi. Masalan, bir tadqiqotga ko`ra, agar ona homiladorlik vaqtida tez-tez stress holatiga tushgan bo`lsa, chaqaloqning chapaqay bo`lib tug`ilishi imkoniyati oshadi. Yana orttirilgan chapaqaylik ham bor — biror jarohat yoki boshqa bir hodisa sabab kishi chapaqay bo`lib qoladi.
Chapaqaylar iqtidorliroq, degan gap qayerdan chiqqan o`zi?
Odamlar, katta ehtimol bilan, ko`plab taniqli shaxslar chapaqay ekanligiga e'tibor qaratgan. 1970 yillar oxiridan beri tadqiqotchilar tomonidan chapaqaylik bilan iste'dod o`rtasidagi bog`liqlikka bag`ishlangan ko`plab ilmiy ishlar e'lon qilingan. Har xil tadqiqotlar o`tkazilgan: chapaqaylar ko`pincha iqtidorli rassomlar, me'morlar, musiqachilar, matematiklar orasida uchrashi haqidagi nazariyalar tekshirilgan. Bolalar va o`smirlar ishtirokida tajribalar o`tkazilgan.
E'lon qilingan tadqiqot natijalari chapaqaylar qaysidir yo`nalishda o`naqaylarga nisbatan yaqqol ustun ekanligi haqida fikr bildirishga asos bermaydi. Ba'zi tadqiqotlar chapaqaylarning iqtidorli ekani haqidagi nazariyalarni tasdiqlagan, biroq keyinchalik bu ilmiy ishlarning hisoblash uslubida jiddiy kamchiliklar borligi aniqlangan. 2009 yili avstraliyalik olimlar e'lon qilgan boshqa bir tadqiqot doirasida 4-5 yosh oralig`idagi besh ming bola haqida axborot to`plagan. Unda bolalar bilan katta interv'yular uyushtirilgan, ulardan o`qish, yozish, turli ijodiy topshiriqlarni bajarish so`ralgan. Tadqiqot davomida chapaqay bolalar motorika (yozish, rasm chizish) bilan bog`liq vazifalarni qiyinchilik bilan uddalagan. Ayni vaqtda, iqtidorli ekani ochiq ko`rinib turgan bolalar soni chapaqaylar orasida ham, o`naqaylar orasida ham teng chiqqan. Motorika bilan bog`liq bo`lmagan vazifalarni barcha bolalar bir xilda muvaffaqiyatli uddalagan.
Chapaqaylarda motorika bilan bog`liq muammo bormi? Bolalarni o`ng qo`lga o`rgatgan ma'qulmi?
Yo`q. Birinchidan, tadqiqotlar motorika bilan bog`liq vazifalarni bajarishda chapaqay va o`naqaylar o`rtasida uncha katta bo`lmagan farqlar borligini ko`rsatgan, xolos. Ikkinchidan, u yoki bu qo`lda yozishga qayta o`rgatish foydadan ko`ra ko`proq zararli ekani haqida olimlar ancha avval aniq xulosaga kelib bo`lgan. O`naqay, masalan, yozma topshiriqni bajarayotgan vaqtda, miyasining asosan chap yarim shari ishlab turadi. Chapaqayda esa aksincha — o`ng yarim shar. Qayta o`rgatish miya faoliyatiga qariyb ta'sir ko`rsata olmaydi. O`ng qo`lda yozishga o`rgatilgan chapaqay, aksariyat hollarda, to`pni chap qo`li bilan uloqtiradi yoki o`tinni chap qo`li bilan yoradi. Bundan tashqari, qayta o`rgatish vaqtida bolada ruhiy muammolar paydo bo`lishi mumkin. Qo`lni bog`lab qo`yish yoki barmoqlarga chizg`ich bilan urish uslublari haqidaku, umuman gapirmasa ham bo`ladi.
Biroq jahonda hamma narsa o`naqaylar uchun mo`ljallangan. Chapaqaylar tez-tez noqulayliklarga duch keladimi?
Ha. Ammo vaqt-soati bilan odamlar jahonda o`naqaylardan tashqari boshqalar ham borligini tushunib etadi. Chapaqaylar uchun mo`ljallangan mahsulotlar — sport uskunalari, pichoq, qaychi, ruchka, soat, kiyim-kechak kabilarni ishlab chiqarayotgan kompaniyalar safi borgan sari ko`payib bormoqda