x

Ma'lumki har bir bola bosqichma-bosqich rivojlanib boradi, bola katta bo`lar ekan ota-onalar unga kerakli narsalarni o`rgata boshlashadi. Ota-ona tomonidan bolaga o`rgatilishi kerak bo`lgan narsalarning biri bu bolani gorshokka o`rgatishdir. Agar siz ham bolangizni gorshokka o`rgatmoqchi bo`lsangiz quyidagilarni amalga oshirib ko`ring:

1. Bolangiz gorshokka o`tirishga tayyor ekanligiga amin bo`ling.

Gorshokka o`rganish bola rivojlanishidagi yangi bir bosqichdir. Qanday bo`lmasin, yangi bosqichdan o`tish bolada ma'lum bir psixologik va jismoniy o`zgarishni talab etadi. Bolaning turmush tarziga yangilik kiritayotganingizda avallambor uning o`ziga qarang. Bola bunga tayyormi, yo`qmi? Gorshokka tayyor bo`lganini quyidagilardan aniqlashingiz mumkin:

– bola sizning hojatga borishingizni taqlid qiladi;

– qorni ochganligi to`g`risida so`z bilan xabar bera oladi;

– "koptokni olib kel" kabi oddiy talablarni tushuna oladi;

– pampersi kir bo`lganda, g`ashiga tegayotganini bildiradi (uni echishni xohlaydi, pampersiga sizni nazaringizni qaratadi)

– gorshokda o`zi o`tira oladi;

– 3 soatcha quruq yurishi mumkin;

– o`z jinsiy a'zolarini o`rganadi.

2. Bolangizni gorshokka o`rgatishga o`zingiz tayyor ekanligingizga ishonch hosil qiling.

Siz tayyormisiz? Gorshokka o`rgatish vaqtini boshqa zarur ishlar bo`lmagan paytga (yangi farzand tug`ilish arafasi, ishxonadagi stress, katta farzanddagi muammolar va hokazo) mo`ljallaganingiz ma'qul. Undan tashqari, iliq yoki issiq havoda pampersdan chiqish osonroq kechadi. Sizga quyidagilar kerak bo`ladi:

– sabr-toqat; - gorshok; - o`rgatuvchi ishtonlar; - hazil tuyg`usi; - ijod qilish.

Bolangizga gorshok haqida ko`rsatib aytib bering. Boshqa bolalar gorshokka borishini ko`rsating. Qo`g`irchoq, gorshokka bog`liq o`yinchoqlarni jalb qiling. Gorshokka borishni o`rgatadigan bolalar kitobchalaridan foydalaning.

3. Bolaga qayerga borishni va bu nima deb atalishini tushuntirib o`rgating.

Bolangizga gorshokni yaxshilab tanlab olib bering. Gorshok bola uchun qulay, xohlasangiz qiziqarli, eng asosiysi xavfsiz va oson yuviladigan bo`lishi kerak. Gorshokda qilayotgan ishiga nom bering.

4. Bolaga hissiyot bilan jarayonni ulay olishni o`rgating.

Bu bosqichda bola organizmidagi hissiyotlarni tushuna bilib, gorshokka borishni, gorshokka o`tirib ishini qilishini anglay olishi zarur. Boshida siz uning kuzatuvchisi va yo`l boshlovchisi bo`lasiz.

5. Bolani butunlay pamperssiz qoldirib, o`rgatuvchi ishtonlarda olib yuring.

Bu ishtonlar oddiy ishton bo`lib, faqat oson echiladigan va tez quriydigan bo`lishi kerak.

6. Bolangizga yoshiga qarab ishtonini echish, kiyish va ishini qilib bo`lgach qo`lini yuvishni o`rgating.

Bolangizni yutuqlari uchun ko`p maqtang, boshida ko`p sodir bo`ladigan "avariyalarga" ko`zingizni yuming.

7. Hamma ishni surib qo`yib, butunlay bolangiz bilan birga bo`ling.

Bunda siz bolangizni doim kuzatib borib, uning gorshokka borish xohishini vaqtida seza olasiz, vaqtida unga yo`l ko`rsata olasiz, borib borib bola nima qilayotganini tushuna oladi.

Shuni unutmang, gorshokka o`rgatayotganingizda kechalari dam bering. Kunduzi gorshokka borishni o`rgangan bola, 2-3 haftalarda kechasi ham pamperssiz uxlashga o`rganadi.

Agar bolangiz sizning barcha qilgan iltimoslaringizga qaramay gorshokka o`tirishdan bosh tortsa, demak u hali tayyor emas. Shu deb uni qiynamang. Bu borada "vaqtlidan ko`ra kechroq" degan ibora o`rinli bo`ladi. Havotir olmang, bolangiz bir ozdan so`ng albatta tayyor bo`ladi.

 

 

To Top ↑
To Top ↑