Odobli bola elga manzur, degan gap bor. Aqlli, tarbiyali o`g`il-qizni hamma yaxshi ko`radi, unga e'tibor qaratishadi. Ho`sh, odobli bola deganda kim nazarda tutiladi, u qanday xislatlarga ega bo`lishi kerak? Bugun aynan shu mavzuda suhbatlashamiz va bu borada eng kerakli hamda qimmatli tavsiyalarni ulashamiz.
1-tavsiya: Yoshi katta insonlarni ko`rganingizda, hamisha salom berib, xushmuomala bo`ling. Harxasha qilmaslikni, aqlli bola bo`lishni odat qiling. Axir siz endi yosh bola emassizku!
2-tavsiya: Ovqatlanib bo`lganingizdan so`ng, albatta, idishingizni tozalang. Kosa-tovoqlarni ehtiyotkorlik bilan yuvib qo`ying. Oyingizga, opangizga bu borada yordamchi, dastyor bo`ling. Hatto o`g`il bola bo`lsangiz ham!
3-tavsiya: Honada o`yinchoqlaringizni o`ynab bo`lganingizdan keyin ularni yig`ishtirishni, yana o`z qutisiga solib qo`yishni unutmang. Bundan ota-onangiz faqat va faqat xursand bo`ladi va sizni rag`batlantirishadi!
4-tavsiya: Kechirim so`rashni o`rganing. Biror xato qilsangiz, kimningdir ko`nglini og`ritsangiz, kechirim so`rash eng to`g`ri yo`ldir. Shu bilan birga, o`zingiz ham kechirimli bo`lishni esingizdan chiqarmang.
5-tavsiya: Eshikdan tashqariga chiqayotganingizda, ortingizda o`zingizdan yoshi katta kimdir kelayotgan bo`lsa, har doim eshikni ochib, tutqichidan ushlab turing. Agar tutqichga qo`lingiz etmasa, eshikning yuzasidan ushlasangiz ham bo`ladi. Ular chiqib bo`lishganidan keyin, eshikni yopgan holda tashqariga chiqasiz. Bu jarayonda «Marhamat!», «Sizdan keyin», «Avval siz chiqing» kabi jumlalarni ishlatish ham zarar qilmaydi.
6-tavsiya: Tabassum qiling va hamisha ijobiy kayfiyatda yuring. Unutmang, katta odamlar tabassum qilgan va har doim jilmayib turadigan kichkintoylarni yaxshi ko`rishadi. Aqlli bola bo`lib, kulib tursangiz, atrofingizdagilarga xushkayfiyat ulashasiz va siz eng odobli farzand hisoblanasiz. Bu o`zingiz hamda boshqalar uchun hamma narsani yaxshilaydi!
7-tavsiya: Iltimos qilishni, rahmat aytishni odat qiling. Ota-onangiz yoki aka-uka, opa-singillaringizdan biror narsa so`raganingizda, iltimos degan so`zni, albatta, ishlating. Masalan, «Iltimos, sharbatni uzatib yuboring», «Iltimos, non bering», «Iltimos, ertak aytib bering», «Iltimos, kitob o`qib bering»… kabi. Ular iltimosingizni bajo keltirishganidan so`ng aslo erkalanib ketmang, odobli bola ekanligingizni darhol esga olingda, ularga rahmat aytishni, jilmayib qo`yishni kanda qilmang.
8-tavsiya: Kattalar o`zaro gaplashib turganida, telefonda suhbatlashayotganlarida hech qachon ularning gapiga aralashmang. Suhbatiga xalal bermang. Muhim biror narsani so`ramoqchi, savolingizga javob olmoqchi bo`lsangiz ham, bu vaziyatda sabr qilishni o`rganing. Gaplashib bo`lganlaridan so`nggina, odob bilan suhbatga qo`shilingiz mumkin. Bu yaqinlaringizga hurmat ko`rsatishning eng yaxshi usulidir.
9-tavsiya: Suhbatdoshingizning ko`zlariga qarab gapirishga odatlaning. Aslo nigohingizni olib qochmang, yon-atrofga alanglamang. U ota-onangiz, do`stingiz, dugonangiz, bog`cha opangiz yoki ustozingiz bo`lsa ham. Bu o`zingizga bo`lgan ishonchni shakllantirishingizga yordam beradi.
10-tavsiya: Yoshi kattalarga ko`proq savol bering. Tushunmagan narsangiz haqida yaqinlaringizdan so`rashga aslo tortinmang. «U kim?», «Bu nima?», «Yer nega yumaloq?», «Telefon nimaga to`rtburchak?» singari savollar sizda hamisha tayyor tursin va ularni doim shoshirib qo`ying.
11-tavsiya: Qizg`anchiq bo`lmang. O`yinchoqlaringiz, shokolad yoki konfetingizni o`rtoqlaringiz bilan bo`lishishni, ular bilan baham ko`rishni o`rganing va bunga odatlaning. Bu boshqalarga g`amxo`rlik qilayotganingizni ko`rsatadi va do`stlaringiz soni ko`payishiga sabab bo`ladi.
12-tavsiya: Uydagi gaz, elektr buyumlari va tok rozvedkalariga aslo yaqinlashmang. Ota-onangiz taqiqlagan narsalarni qilib ko`rishga umuman qiziqmang. Axir siz odobli, aqlli, esli-hushli bolasizku, to`g`rimi?