(ertak)
Butun koinotni vahima qurshadi, sayyoralar sarosimada: Marsning isitmasi ko`tarilib, tobi qochib qolibdi! Uni do`stlari erkalab Mirrix deb chaqirishardi. Qahramonimiz tinmay yo`talar, tuni bilan ingrab chiqardi. Ahvoli esa soniya sayin yomonlashmoqda. Noxush xabar bir zumda barcha sayyoralar, hatto minglab chaqirim uzoqdagi Yupiter – Mushtariygacha etib boribdi. U Mirrixning bolaligidagi eng yaqin do`sti bo`lgan, shunchalar yaqinki, hatto Marsning qizil dog`i Mushtariyga ham ko`chib qolgan edi...
Mushtariyning tinchi yo`qoldi. Butun koinotdagi eng katta, sun'iy yo`ldoshlari ko`p sayyora bo`lsangu, rangidan rang olgan do`stingning og`ir kunida yonida bo`lolmasang, alam qilarkan! Bolaligida ikkalasi somon yo`lini changitib o`ynashardi, eh-he, Pluton degan koinotdagi eng kichik, tosh va muzdan iborat koptokchani rosa tepishardi. Har bahor yulduz uchirib, shu'lasiga mahliyo bo`lib o`tirishardi. Hullas, hamma xotiralar Mushtariy ko`z oldidan kino tasmasidek birma-bir o`tib boshladi. Mirrixning betoblik payti yonida bo`lolmayotganidan afsus cheka boshladi. Hamma ishini chetga surdiyu, do`stining yoniga otlandi. Ammo masofa yiroq, etib borishi uchun vaqt kerak…
Saturn koinotning shifokori edi. Vazni boshqa sayyoralarga nisbatan bir necha barobar engil, qolaversa, gazdan tashkil topgani uchun u juda tez harakatlanardi. Mirrixning ahvoli ancha og`irlashib qoldi, Saturn ham yashin tezligida uning yoniga etib keldi. Saturn shunchalar tartibli ishlardiki, bu boshqa hech qaysi sayyorada yo`q qobiliyat edi. U shoshilgancha belbog`iga qistirilgan turli shifobaxsh moddalarni bir-biriga qo`shib, birin-ketin Marsga ichirdi. Natija esa…
Mirrix qancha harakat qilmasin, hech o`zini qo`lga ololmasdi. Saturn bergan dorilar ham foyda qilganday bo`ldiyu, baribir unga nimadir kamdek tuyulardi. Tinmay boshi aylanar, isitmasi baland, bo`g`ziga yig`i tiqilib, ko`zlari dam-badam yoshlanardi. Vujudida olov qaynaydi, lekin sovuqqotardi. Saturnning esa boshi qotgan, nima qilish kerak?
Koinotning bir chetida Uran degan nuroniy sayyora boshqalarning koinot uzra elib-yugurishayotganini kuzatib, yonboshlab yotardi. Sayyoralarga yordam bermoqchi bo`lib, u ham chora izlay boshladi. Hayoliga matematik hisob-kitoblar orqali kashf etilgan donishmand Neptun sayyorasi keldi. Ha, faqat Neptungina Marsning dardiga shifo topa oladi. Lekin masofa… donishmand sayyora hammadan uzoqda, osmonning narigi burchagidagi tuynuklarning birida ilm bilan shug`ullanar, kecha-kunduz fan bilan mashg`ul edi. Uran bobo sun'iy yo`ldoshlari orqali neptunga xabar jo`natib, bu erdagi vaziyatni tushuntirdi. Masofa uzoqligi uchun xabarchilarning etib borishi juda qiyin bo`ldi, nihoyat ancha vaqt o`tib, Neptundan shunday javob keldi:
«Uzoqdagi do`stingdan yaqindagi qo`shning afzal! Unutmang, uzoqdagi qarindoshdan ham yaqindagi qo`shning yaxshi. Marsga toza havo, shifobaxsh, tabiiy giyohlar kerak. Mirrixning yonginasidagi Yer sayyorasi borku, ana o`sha joyda hayot bor, shu sayyoraga sun'iy yo`ldoshlarni jo`nating, ular giyohlar terib kelib, Mirrix uchun Yerdagi havodan olib kelishsin!»
Yerda hayot qaynaydi. Odamlar, hayvonlar, o`simlik va barcha jonzotlar yashash uchun kurashadi, bir zum ham tinim bilmaydi. Bu sayyorada kechayu kunduz shovqin-suron, yugur-yugur to`xtamaydi. Yer koinotdagi voqealardan bexabar, chunki aynan o`sha kuni sayyorada Halqaro ona Yer kuni nishonlanayotgan edi. Odamlar erni tozalashgan, chiqindilarni yig`ishgan, daraxt va gullar ekishgan, tomorqalarini tartibga keltirishgan va hokazo. Yer Mirrixning ahvoli haqida xabar topdiyu, nogoh bir silkinib oldi. Yuragining allaqaysi joylarida zilzila ham bo`lib o`tdi: Marsga yordam kerak!
Yer darhol sun'iy yo`ldoshlar orqali Mirrixga kerakli dori-darmonlarni, shifobaxsh giyoh va o`simliklar, qolaversa, toza havodan jo`natdi. Mars va Yer orasidagi masofa juda yaqin bo`lgani uchun sun'iy yo`ldoshlar bir zumda Marsning yoniga etib kelishdi. Mars sekin-asta o`ziga keldiyu, tiniqib uxlab qoldi. Uyqudan turganida esa og`riqlaridan asar ham qolmagan edi. Mirrix doimgidek soppa-sog` bo`lib uyg`ondi. Qarshisida esa eng yaqin do`sti – Mushtariy turardi. Mirrix shunaqa xursand bo`ldiki…
Qissadan hissa, xoh uzoqda bo`ling, xoh yaqinda, hech qachon do`stlaringizni qarovsiz qoldirmang. Har kuni ularning holidan xabar oling. Issiq jon – har qanday holat bo`lishi mumkin. Marsga o`xshab betob bo`lib qolsangiz, uzoqdagi Yupiterdan ham, yaqiningizdagi Yerdan ham ilinj kutasiz, ularning ozgina vaqt ajratishiga ilhaq bo`lib, do`stlaringizni kutasiz. Shunday paytda ular yoningizda bo`lishi, avvalo, sizga ham bog`liqdir. Yaqinlaringizni mahkam ushlang, ardoqlang, ularni yo`qotib qo`ymang. Shunda do`stlaringiz Yupiterdek uzoqda bo`lsa ham, albatta, yoningizga etib kelishadi…
Abdulaziz AHMEDOV