Ertalabki badantarbiya dangasalikni quvadi. Kiyimlarining oldini ochib, qo`llarini yoyib, shoshish odobga muvofiq emas. Ota-onasida bor narsalar bilan yoki tansiq egulik, qimmatbaho liboslari, antiqa qalam-daftarlari bilan do`stlariga maqtanmog`i yomon xulqdir. Balki u har bir do`stiga tavoze va hurmat bilan muomala qilishga odatlanmog`i lozim. Agar bolalardan biri unga nimadir bersa, garchi u buni o`ziga nisbatan hurmat deb bilsa ham olishga odatlanmaslik lozim. Chunki yuksaklik olishda emas, berishda! Olishda malomat va tubanlik bor. Ta'ma qilish xorlik, bu xuddi itning qilig`iga o`xshaydi: it biror luqma ilinjida dumini likillatib, doimo nimadir ta'ma qiladi.
Bolalarning oltin, kumushni yaxshi ko`rishi juda xunukdir. Aslida bu narsalardan ilon va chayonlardan ham ko`proq hazar qilmoq kerak. Oltinu kumushni yaxshi ko`rish, uni qo`lga kiritishni istash nafaqat bolalar uchun, balki kattalar uchun ham zaharning ziyonidanda kuchliroq ofatdir.
Ko`pchilik ichida tupurish, oyoqni chalishtirish, kaftni iyakka tirash yaramas odatlardan hisoblanadi. Boshni elkaga tashlab turish ham yalqovlik belgisi.
Bola suhbat qoidalaridan xabardor bo`lmog`i lozim. Ko`p gapirish tufayli kishi surbet bo`lib qolishi, «mahmadona» degan nom olishini unga doimo eslatib turilsa va avvalo, eslatuvchining o`zi bu gapiga amal qilsa, bola albatta, bu nasixatni oladi.
Hoh rost, xoh yolg`on, bola yoshligidan qasam ichishga o`rganib qolmasin. So`zni avval boshlamasin, so`ralgan narsagagina javob bersin. Modomiki, suhbatdoshi o`zidan katta ekan, uni tinglasin. Chunki suhbatdoshning gapini bo`lishdan ko`ra, uni tinglash chiroyliroqdir.
Odobli bola yig`inlarda kattalarga joy beradi, befoyda gaplardan tiyiladi, birovni so`kmaydi, la'natlamaydi.
Bolani dag`al, so`kinib gapiradigan og`zi shaloq kishilarga aralashib qolishdan asrash tarbiyaning asosi hisoblanadi. Agar bola muallimidan kaltak esa, shovqin-suron ko`tarmasin, kimdandir himoya kutmasin, balki sabr etsin. Buni bola, albatta bilishi kerak. Buning uchun unga bosiqlik – botir er kishilarning odati, dod-voy solib, shovqin suron ko`tarish esa – qullar va ayollarga xos odat ekanligi anglatiladi.
Abu Homid G`azzoliy «Riyozatun nafs» (Nafs tarbiyasi) kitobi. Tarjimon Rashid-Zohid