x

Birinchidan, ona ro`za tutgan farzandining salomatlik ahvolini doim kuzatib turishi kerak. Qachonki farzand nihoyatda holsizlanib, sog`ligiga zarar etadigan darajada o`zini noxush his qilsa, ona unga ro`zasini ochishga ruxsat berishi lozim.

Ikkinchidan, bolaning ro`za tutishida muddat bosqichma-bosqich uzaytirib borilishi kerak. Ya'ni, dastlab kundan-kunga, keyinchalik yildan-yilga ro`za tutish muddati uzaytirib boriladi. Natijada bola tanasi asta-sekin chiniqib, hech qanday qiyinchiliksiz ro`za tuta oladigan holatga keladi.

Uchinchidan, ota-onasi, aka-opasiga qarab, ularga taqlid qilib ro`za tutishga ishtiyoqli bo`lib turgan bolani “sen hali kichkinasan”, “hali sening kuching etmaydi” kabi so`zlar bilan hafsalasini pir qilmaslik kerak. Chunki bola bu oyning o`zgacha shukuhidan ruhlanadi, oila a'zolarining saharlik va iftorlik dasturxonida to`planib taomlanishi, qilinadigan samimiy duolardan o`zgacha ruhiy quvvat oladi. Bolani bu ne'matlardan mahrum qilmaslik kerak.

To`rtinchidan, iftorlik dasturxonini ham nihoyatda boyitib yubormaslik kerak. Asosan xurmo, meva sharbatlari kabi miqdori oz, foydasi ko`p bo`lgan mahsulotlar bilan dasturxon tuzash kerak. Shuningdek, iftor vaqtida sovuq ichimliklar ichishdan nihoyatda ehtiyot bo`lmoq lozim.

Beshinchidan, saharlik dasturxoni ham o`ziga xos bo`lishi kerak. Ya'ni, kunduzi chanqatadigan tuzlangan mahsulotlar, shirinliklar bo`lmagani ma'qul.

Oltinchidan, ro`za vaqtida bolani jismoniy mehnatlardan biroz bo`lsa-da ozod qilish kerak. Aqliy mehnat esa cheklanmaydi, aksincha ro`za vaqtida ko`proq aqliy mehnat bilan shug`ullanish tavsiya etiladi.

Yettinchidan, bola ro`za tutmagan taqdirda ham saharlik vaqtida uni uyg`otish kerak. U ota-onasining, aka-opalarining xatti-harakatlari, qilayotgan ibodatlarini ko`rib, ulardan o`rnak olishi va ramazon shukuhiga o`rganib borishi kerak. Ota-ona ramazon oyida farzandini nafaqat ro`za tutishga, balki namoz, qur'on o`qishga, otasi, akasi bilan jamoat namozlariga chiqishga ham o`rgatishi lozim.

Hulosa qiladigan bo`lsak, ramazon oyi nafaqat o`zimizni tarbiyalashimiz uchun, balki farzandlarimiz irodasini mustahkamlashimiz, nafsni jilovlashga o`rgatishimiz, shar'iy ibodatlarga nisbatan muhabbat uyg`otishimiz uchun qulay imkoniyat. Bu imkoniyatni qo`ldan boy bermaylik.

Doktor Muhammad Mustafo as-Samri

Muhammad Sodiq Muhammad Ismoil tarjimasi.

To Top ↑
To Top ↑