Odobli bola uyqudan vaqtliroq turib, kiyimlarini kiyib, yuz qo`lini yuvadi, ota- onasiga salom berib, ulardan hol-ahvol so`raydi. Yomon bolalar esa uyqudan turib, yuzlarini yuvmasdan ovqatlanishga o`tirib oladilar, ota-onalarining holidan xabar olmaydilar.
Odobsiz bolaning yana bir belgisi shuki, u uyqudan turishi bilan yuz-qo`lini yuvmasdan ko`chaga o`ynashga chiqib ketadi, choy vaqti o`tib bo`lgach, hammadan ortda qolib bir o`zini nonushta qiladi. U choy ichib bo`lgunicha maktabga borish vaqti o`tib ketadi. Maktabga kech qolib o`qituvchilarida gap eshitadi, dasrlarni yaxshi o`zlashtirolmaydi. Sababi tongda yo`l qo`yilgan birgina xato mana shunday natijaga olib keladi. Shu sabab barvaqt turib, hamma ishlarni o`z vaqtida bajarish kerak.
Odobli bola o`rnidan turib, choy vaqti bo`lgunicha o`tgan kundagi saboqlarini takrorlaydi. Ushbu kunda o`tiladigan saboqlarini bir-ikki marta ko`rib chiqadi. Choy vaqti bo`lganidan so`ng kattalar qatorida odob bilan o`tirib choy ichadi. Choyini ichib bo`lib, maktabga boradi.
Odobli bola maktabga yaxshi xulq va odob bilan boradi. O`z yo`lidan yuradi. Yo`lda hurmatli kishilar, kattalar, qariyalarni ko`rsa, salom beradi. Ularga hurmat ko`rsatadi.
«Bola odobi bilan aziz» kitobidan