x

Qachonki bolada chiroyli xulq, maqtovga arzigulik bir fe'l sodir bo`lsa, uni hurmat bilan sharaflamoq, ko`nglini quvontiradigan narsa bilan taqdirlamoq. ko`pchilik orasida bu fe'lni izhor etmoq zarur. Ba'zi holatlarda bir marta bu fe'liga xilof ish qilib qo`ysa, uni ko`rmaganga olish foydaliroq. Ayniqsa, bola bu ishini yashirishga harakat qilsa. Chunki bola bunday holda aybidan ortiqroq jazoga tortilib qolsa, jazo aks ta'sir etishi, aybining ochilib qolishiga o`rganib, xatoga jur'atli bo`lib qolishi mumkin.

Agar bola siz ko`rmaganga olgan aybini yana takrorlasa, u holda unga yashirin, ya'ni uni yolg`izligida tanbeh bermoq, bu ishning oqibati yomon ekanligini bolaga uqtirmoq zarur bo`ladi. Lekin tanbeh berishning haddan oshib ketishidan saqlanmoq kerak. Aks holda, bolaning qulog`i malomatga, xunuk so`zlarga odatlanib, pand-nasihatlar qalbga etib bormaydigan bo`lib qolishi mumkin.

Bola tarbiyasida otaning qat'iyati, so`zidan qaytmasligi muhim ahamiyatga ega. U o`zining bu tabiatini farzandiga doimo sezdirib turishi zarur. Ona ham o`z navbatida otaning aynan shu xususiyatini bolaning yodiga solib turmog`i, shu tarzda farzandini yomonliklardan qaytarmog`i lozim.

Ertalabki uyqu bolani yalqov qilib qo`yadi. Kechqurun ertaroq uxlash esa koni foyda. To`shakning haddan tashqari yumshoq bo`lishi gavdaning egiluvchanligini kamaytiradi, a'zolarning qotishiga olib keladi. Semirish taomga rag`batni kuchaytiradi. Shuning uchun bolani dag`alroq to`shakka, odmiroq libosga, oddiy taomga o`rgatish kechiktirib bo`lmaydigan vazifa.

Bola nimaniki yashirin qilsa, bu uning o`sha ishni yomon deb bilgani tufaylidir. Demak unga har bir ishni ochiq qilishga o`rgatmoq lozim.

Abu Homid G`azzoliy «Riyozatun nafs» (Nafs tarbiyasi) kitobi. Tarjimon Rashid-Zohid

 

To Top ↑
To Top ↑