Ota-ona bolaga hamma vaqt do`q-po`pisa qilinavermaydi, chunki koyish eshitish, xunuk ishlarni qilish unga engil tuyulib qoladi, qalbidan gapning ta'siri tushib ketadi. Ota bolasi bilan birga bo`ladigan so`zlashish haybatini saqlasin va bolasini doim emas, balki ba'zi vaqtlarda koyib tursin. Ona esa uni otangga aytaman, deb qo`rqitsin, uni yomonliklardan shu bilan qaytarsin.
Uni kunduzi uxlashdan man qilsin, chunki bu dangasalik keltiradi. Kechasi uxlashdan esa man qilinmaydi, lekin yumshoq to`shaklarda yotqizmasin. Shunda uning a'zolari mustahkam bo`ladi, badani semirib ketmaydi va o`zini ovqatdan tiyishga muhtoj bo`lmaydi. Yotishda, kiyishda dag`alroq narsalarga odatlantirsin.
Yana go`dakni yashirincha qiladigan har bir ishidan man etish lozim. Chunki bola bir ishni yashirib qiladigan bo`lsa, albatta uni yomon ish, deb e'tiqod qiladi. Shunday paytda man qilinsa, yomon ishni tark etadi. Kunduzi ba'zan dangasalik g`olib kelmasligi uchun yurish, harakatlanish, jismoniy tarbiya qilish odatlantiriladi. Badanini ochib yubormaslik, tez yurmaslikka o`rgatiladi. Qo`lini butkul tashlab ham yurmaydi, ko`kragiga qo`yib oladi. Tengdoshlariga ota-onasi ega narsalar yo eydigan, yo kiyadigan narsalar yoxud lavhi va siyohdonlari bilan faxrlanishdan qaytariladi. Balki kamtarlik va atrofidagi har bir kishini hurmat qilish, ular bilan gaplashganda muloyim bo`lish odat qildiriladi.
Boylarning bolalaridan unga chiroyli bo`lib ko`ringan narsalarni olish man qilinadi. Balki unga buyuklik olishda emas, berishda ekani uqtiriladi. Albatta olish pastkashlik va xasislikdir, garchi kambag`alning bolalari olsa ham. Ta'ma qilish va olish pastkashlik, xorlik ekani hamda bu itning odati ekani uqtiriladi. Chunki it bir luqmani kutib, unga ta'ma qilib dumini likillatib turadi.
Yana bolalarga tilla-kumushni yaxshi ko`rish, ularni orzu qilish yomon ko`rsatiladi. Ular tilla-kumushdan ilon-chayondan ko`ra ko`proq ehtiyot bo`lishga chaqiriladi. Chunki tilla-kumushni yaxshi ko`rish, ularni orzu qilish ofati bolalarga zaharlarning ofatidan ham zararliroqdir. Hatto kattalarga ham shundaydir.
Yana o`tirgan joyida tuflamaslik, burun qoqmaslik, boshqalarning oldida esnamaslik, birovga orqa o`girib o`tirmaslik, bir oyog`ini ikkinchisiga chalishtirib o`tirmaslik, kaftini jag`i tagiga qo`ymaslik, bilagi bilan boshini suyamaslikka odatlantirish lozim. Chunki bular dangasalik belgisidir. Unga qay holatda o`tirish o`rgatiladi, ko`p gapirish behayolikka dalolat qilishini, u pastkashlar farzandlarining ishi ekani bildirib qo`yiladi.