x

1. Takrorlash orqali ko`p narsani o`rgansa bo`ladi. Uydagi buyum, ko`chadagi hodisalar, bajarayotgan ishlaringizning nomini ayting, hozir dada, buvi yoki mehmonlar kelishi haqida ogohlantiring. Ishoning, natija tezda namoyon bo`ladi.

2. Bolaning ortidan takrorlash. Cheksiz ravishda «du-du-du-du» deb aytish zerikarli bo`lib tuyulyaptimi? Hor bo`lib aytib ko`ring. Yangi «do-do-do» qo`shig`ini aytishga harakat qilib ko`ring. Takrorlayaptimi? Shu tarzda davom ettiring. Bu nafaqat nutq apparati uchun mashq, balki rivojlantiruvchi o`yin hamdir.

3. Nutqning rivojlanishi mayda motorika bilan uzviy bog`liq. Barmoq uchi va o`z harakatlarini boshqarish ko`nikmasi miyaning nutq uchun javob beruvchi qismlari bilan bevosita bog`liq. Albatta, oyoq kiyim bog`ichini bog`lashga hali erta. O`yin uchun turli – dumaloq, qovurg`ali, yumshoq, yopishqoq, mayin va boshqa buyumlarni bering. Qanchalik xilma-xil bo`lsa, shuncha yaxshi.

Hech kimga sir emaski, ko`pchilik bolalar qimmatbaho rivojlantiruvchi gilam va o`yinlarni emas, qopqoqli, qoshiqli oddiy bankalarni o`ynashni yoqtirishadi. Ipga o`tkazilgan turli rangdagi tugmalar mashhur. Tanlash huquqini bolaning o`ziga bering.

4. Bir yildan keyin imo-ishoralardan voz kechishga harakat qiling. O`zingizni uzatilgan qo`l, barmoqni sezmayotgandek tuting, bolaga biror narsani bera turib «ber» deb ayting. Variantni borgan sari murakkablashtiring – «Oyi, nokni ber deb ayt».

5. Hayvonlar tovushlari va ularga «mu-mu», «vov-vov», «vaq-vaq» va v h.k. tarzidagi taqlid faol qiziqish uyg`otadi. 

6. «Tilga kirgan» yoki yoshi kattaroq bolalar bilan muloqot qiling. Taqlid qilish istagi barcha muvaffaqiyatsizliklarni yo`qqa chiqaradi.

7. Qo`shiqlar kuylang! Hatto eshitish qobiliyati va ovozingiz bo`lmasa ham. Ayyorona usulni qo`llang – kutilmaganda ayrim so`zlarni «adashtirib» ayting va biroz tanaffusdan keyin bolakay o`zi sizni to`g`rilaydi.

8. Oson yodda qoladigan she'rlar ko`ngilochar mashqqina emas, ta'lim olish hamdir. She'rni 10 martalab aytish mumkin va bola har safar uni birinchi marta eshitayotgandek tinglaydi. Eng qiziq joyida o`zingizni ayrim so`zlarni unutib qo`ygandek tuting. Davomini yoki tugallanishini boladan eshitishga muvaffaq bo`lasiz.

9. Bolaning sizga biror narsa hikoya qilish istagiga befarq bo`lmang. Ko`ziga boqib, diqqat bilan tinglashga harakat qiling. Hayron qolish, qayta so`rash, «Qanday qilib?» tarzida lol bo`lish mumkin. O`ta qiziquvchan ko`rinishni namoyon eting. Ana o`shanda bolaning o`zi ko`rgan va eshitgan hamma narsani sizga aytish istagiga guvoh bo`lasiz, sezasiz.

Sayrdan keyin yuz bergan voqealarni oila a'zolariga hikoya qilib berish ayniqsa foydali. Masalan, dadasiga. Qor yog`gani, sovuq, oppoq ekani, qo`lga olish mumkinligi, Aziz uni ushlab ko`rgani va h.k. Dada tasdiq ma'nosida boshini qimirlatib turishi kerak.

10. Bir yoshli bolaning o`yin muhitini elektron o`yinchoqlar bilan qurshab olmaslikka harakat qiling. Chunki bola faol ishtirokchi emas, passiv kuzatuvchiga aylanib qoladi. Tasavvuri ishlamaydi, barcha harakatlar cheklanadi (tugmani bosishdan tashqari) va bola o`yin jarayoni ham, natija ham unga bog`liq emasligiga ko`nikadi. Koptok, mashina, kublar, piramidalar, matryoshkalar o`ynang, yaltiroq kashfiyotlarni esa keyinga qoldiring.

To Top ↑
To Top ↑