Bir yolg`on ikkinchi yolg`onni keltirib chiqaradi. Bir gunohni tan olmaslik ikkinchi bir gunohni keltirib chiqargani kabi, noshar'iy yo`ldan dunyoga kelgan farzandlarni ularning ota-onalari o`limga ham mahkum qilib qo`ymoqda. Ko`plari bu dunyoga kelmasdanoq, oxiratga ketyapti. Tug`ilganlarining ayrimlarini tashlab ketish holatlari ham bor. Ularga nasihatimiz, aybni tan olish, pushaymon bo`lish, tavba qilish kerak bo`ladi.
Tavba qilinsa, yuvilmaydigan gunoh yo`q. Inson vafotigacha tavba eshigi yopilmaydi. Har qanday gunohdan tavba qilsa, astoydil va uning ortidan solih amallarni qilsa, in shaa Alloh tavba qabul bo`ladi. Tavba qilishi kerak, pushaymon bo`lishi kerak, farzand qanday yo`l bilan dunyoga kelgan bo`lsa ham, uni Alloh Taolo berdi, bolani tarbiyalab, unga g`amxo`rlik qilishi kerak.
Endi, ham noshar'iy yo`l bilan farzand tug`ilsa-yu, ham u o`ldirilsa, bu bir begunoh jonni o`ldirish, hayotiga zomin bo`lishdir. Qur'oni Karimda marhamat qilinadiki, bir begunoh insonni o`ldirish butun dunyodagi insonlarni o`ldirish gunohiga teng.
Shuning uchun bunday kishilarga nasihatimiz, bu kabi ishlarga qo`l urmaslik, tirik jonga qasd qilmaslik kerak. U sog`lom fitratda tug`ilgan bola, uni jamiyatga mehr-muhabbatli qilib tarbiya qila olsak, yaxshi inson bo`lib jamiyatga qo`shilib ketadi, in shaa Alloh.
Hikmatilla domla Toshtemirov