Begona ayolni emish tufayli halol-haromga bog`liq o`ta ahamiyatli hukmlar kelib chiqishini emikdoshlik tufayli nikohi abadiy harom qilingan ayollar haqida so`z yuritganimizda ko`rib o`tdik.
Ana o`shandoq o`ta nozik va muhim ishning sobit bo`lishiga qanday emizishlik qay vaqtda sabab bo`ladi? Uning miqdori qancha?
Qaysi vaqtdaUmmu
mazkur emizishlik sobit bo`ladi va qandoq sobit bo`ladi?
Shu va shunga o`xshash savollarga ushbu faslda javob topishga harakat qilamiz. Odatda emizishlik masalasi asosan hadis va fiqh kitoblarimizda doimo nikohga qo`shib zikr qilinadi.
Fazl roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Bir emish yoki ikki emish, bir so`rish yoki ikki so`rish harom qilmaydi», dedilar».
Sharh: Shofe'iy va Hanbaliy mazhablari ushbu hadisga amal qilib, bir-ikki emish bilan nikohni harom qiladigan emish sodir bo`lmaydi, deganlar.
Ammo Hanafiy va Molikiy mazhablari ulamolari bu hadisni amal qilish uchun qabul qilmaganlar. Ularning fikricha, bu hadis nasx qilingan–amaldan qolgan hadis hisoblanadi. Chunki Alloh taolo Qur'oni Karimda:
«Va sizlarni emizgan onalaringiz va emikdosh opa-singillaringiz… (nikohi harom qilindi)», degan.
Sizlarni ikki martadan ko`p emizgan onalaringiz degan emas. Shu oyatga binoan, nomi emish bo`lsa, nikohni harom qiluvchi emishlik sobit bo`lgan bo`ladi.
Rivoyatda kelishicha, odamlar Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuga Ibn Zubayr bir emish yoki ikki emishning ahamiyati yo`q, demoqda, deyishganida:
«Allohning hukmi uning hukmidan yaxshidir, Alloh taolo «Va sizni emizgan onalaringiz, degan», deb aytganlar. Oyati karimada kelgan bayon turganda hadisda unga xilof narsa kelsa, hadis nasx qilingan bo`ladi.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Qur'onda nozil qilingan narsalardan o`n ma'lum emizish harom qilishi edi. So`ngra ular besh ma'lum bilan nasx qilindi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etganlarida ular Qur'ondan o`qilayotgan narsalar ichida edi».
Ikkovini beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.
Sharh: Shofe'iy va Hanbaliy mazhablari ushbu rivoyatga amal qilib, shar'iy emizish sobit bo`lishi uchun besh marta to`yib emish kerak, deyishgan.
Hanafiy va Molikiy mazhablari esa, bu rivoyat o`ta mushkul rivoyat, deyishgan. Chunki Qur-'onda o`n emish haqida ham, besh emizish haqida ham hech qachon oyat bo`lmagan. So`ngra Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafot etganlarida o`qilib turgan bo`lsa, nima uchun hozir o`qilmaydi? Bunga o`xshash savollar juda ham ko`p. Ulamolar ushbu rivoyat haqida ko`p bahs yuritishgan. Oxiri ushbuga o`xshash iboralar o`sha vaqtda saho-balarning o`zlariga ma'lum narsalar bo`lgan, lekin hozirda tushunilishi qiyin masala, degan xulosaga kelganlar.
Yana o`sha kishidan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam oldimga kirganlarida bir kishi o`tirgan edi. Bas, bundoq bo`lishi u Zotga og`ir botdi. U Zotning yuzlarida g`azabni ko`rdim. So`ngra:
«Ey Allohning Rasuli, bu mening emikdosh akam», dedim.
«Emikdosh akalaringizga nazar solinglar. Emizishlik ochlikdan bo`lur», dedilar».
Uchovlari rivoyat qilishgan.
Sharh: Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Erkak kishi o`z oilasida bo`layotgan ishlardan xabardor bo`lib, so`rab-surishtirib turishi kerakligi.
2. Emikdosh aka-ukalar ayol kishiga mahram bo`lishi.
3. Oisha onamiz roziyallohu anhoning ziyrakliklari. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning g`azablarini yuzlaridan bilib, uzr aytishga kirishishlari shuni ko`rsatadi.
4. Emizish ochlikdan, ya'ni, bola ochligini sut bilan to`yg`izadigan vaqtda, emizish uchun tayinlangan muddatda sobit bo`lishi.
Bu muddatni Alloh taolo Qur'oni Karimda:
«Volidalar bolalarini to`liq ikki yil emizurlar. Kim emizishni batamom qilishni xohlasa», (Baqara, 233) degan oyat bilan belgilab qo`ygan.
Huddi shu ma'no Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bir necha hadisi shariflarida ham ta'kidlangan.
Demak, bola ikki yoshidan keyin emsa, shar'iy emizish sobit bo`lmaydi. Ushbu ma'noni yaxshi tushunib olmoq kerak. Oddiy kishilar ichida bu borada tushunmovchilik bor. Suti yo`q kampir ko`krak solib qo`ysa ham emizish sobit bo`ldi, deb yurishadi. Kattaroq yoshdagi bolalar ko`krakni og`ziga olib qo`ysa ham emizish sobit bo`lib qoldi, deb aytib yurishadi.
Ba'zi savodli kishilarning xato qilishlariga esa, Buxoriy va Muslimlarning «Sahih»larida kelgan bir rivoyat sabab bo`lgan bo`lishi mumkin.
Unda aytilishicha, Abu Huzayfa roziyallohu anhuning xotinlari Sahla binti Suhayl roziyallohu anho Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:
«Ey Allohning Rasuli, Abu Huzayfaning mavlosi Solim uyimizda yurib, er etdi, erkaklar biladigan narsani bildi», dedi. Shunda u Zot:
«Uni emizgin, unga harom bo`lib qolasan», dedilar.
Bilmagan kishilar bu rivoyatni sharhsiz, ustidan o`qib qachon bo`lsa ham, kim bo`lsa ham, qandoq qilib bo`lsa ham bir ayolni emsa, unga mahram bo`lib qolar ekan, deb tushunadilar.
Eng qizig`i, islomiy hukm bundoq emasligini qayta-qayta bayon qiluvchi oyatlar va ko`plab hadislar turib, bitta shu rivoyatga ergashadilar.
Avvalo, Sahla roziyallohu anhoning Solim bilan bo`lib o`tgan qissalari shar'iy emizishlikning muddati bola ikki yoshga kirguncha muddat ichida bo`lishi haqidagi hukm joriy qilinishidan oldin bo`lib o`tgan.
Ikkinchidan, bu ish Payg`ambar sollallohu alayhi vasallamning amrlariga binoan, Sahla va Solim roziyallohu anhumoga xos bo`lgan.
Uchinchidan, Sahla roziyallohu anho sutlarini sog`ib berganlar, Solim ichgan. Chunki balog`atga etgan odam begona ayolning ko`kragini og`ziga olishi mutlaqo mumkin emas. Ushbu masaladagi tushunmovchilik behuda gap va muammolar keltirib chiqarmasligi kerak.
Davomi bor.