x

Farzand – qalb rayhoni. Yoshlik chog`ida bolakay o`z hatti-harakatlari bilan ko`zimizni quvnatib, xonadonimizga shodlik olib kelsa, ulg`aygani sari o`z yutuqlari, o`zgalarga bo`lgan hurmat-e'tibori, bilimi, kamoloti, madaniyatiyu ma'naviyati bilan ota-onasiga rahmat keltirib, oilasining nomini saqlaydi. Farzandlarni kamolotga etkazish, har tomonlama barkamol, aqlli, dono, zukko qilib tarbiyalashda ota-onalarning o`rni beqiyos. Islom ta'limoti yoshlarning har tomonlama komil inson bo`lib etishishlarini talab qiladi.

Hadisi shariflarda keltirilishicha: “Kishining o`z farzandini chiroyli odob-axloq bilan tarbiyalashi ko`p miqdordagi nafl sadaqa berishidan yaxshiroqdir”.

Boshqa bir hadisda: “Ota bolaga go`zal odobdan yaxshiroq narsani bera olmaydi” deyilgan.

Islomda bolalar tarbiyasi ota-onaning eng mas'uliyatli va uzoq davom etadigan burchlaridir. Ota-onaning farzand ne'matiga haqiqiy shukrlari ham aynan tarbiya mas'uliyatini sharaf bilan ado etish orqali yuzaga chiqadi. Shuning uchun ham ota-ona bolalariga doimo yaxshi va go`zal o`rnak bo`lishlari lozim. Har bir bola uchun uning ota-onasi dunyodagi eng ulug` kishilardir. Bola ota-onasiga taqlid qiladi va ulardan o`rnak oladi. Ota-ona farzandlariga namuna bo`lishlari bilan birga, ularga odobni zerikmasdan, qunt bilan o`rgatib borishlari lozim.

Hadisi sharifda: “Farzandlaringizni hurmatlang va ularning odobini go`zal qiling” deb ta'kidlanadi.

Bola ota-ona huzuridagi omonat bo`lib, nimani o`rgatilsa o`shani qiladi. Agar yaxshilik o`rgatilsa savobiga ota-ona va ustozlari sherik bo`ladi. Agar yomonlik o`rgatilsa gunohiga ota-ona va ustozlari sherik bo`ladi. Ularning pokiza qalblarini yaxshilikka moyil qilib, yomonlikka nisbatan nafrat xissini uyg`otish lozimdir. Ana shundagina farzandlarimiz halollikka yondoshib, yomonliklarning barcha hillaridan uzoqda bo`lishga harakat qiladi.

Odob-axloq, or-nomus kabi boqiy qadriyatlar xalqimiz ma'naviyatining ajralmas qismiga aylanib ketgan. Afsuski bugungi kunda “ommaviy madaniyat” niqobi ostida yoshlarimizga turli yot g`oyalar, ma'naviy buzuqlik va axloqsizliklarni targ`ib etishga urinayotgan ayrim g`alamislar aynan shu qadriyatlarimizni yo`q qilishga urinayotgani sir emas. Mana shunday vaziyatda ota-onalar tarbiyadek sharafli vazifani ado etishda sustkashlikka yo`l qo`ymasliklari lozim. Chunki farzand tarbiyasida ozgina loqaydlikka yo`l qo`yilsa orqasidan turli yomonliklar kelib chiqishi mumkin.

Hazrati Ali (r.a): “O`zingizga va ahlingizga yaxshilikni ta'lim beringlar va ularni odobli qilinglar”, deganlar.

Demak har bir ota-ona farzandning imon-e'tiqodi, odob-axloqi va boshqa jihatlariga muntazam ahamiyat berishi lozim. Farzand – ota-ona uchun bir sinov, uning qalbi pokiza gavhar. U har qanday naqshni qabul qilaveradi. Farzandlarimizga shunday tarbiya beraylikki, ular o`z-ota-bobolariga, o`z tarixi va ona Vataniga sodiq bo`lib qolishsin. Chunki ilmli, odobli, farosatli odam hayotda o`z o`rnini topib oladi. Zero oilada olingan hayot ilmi ham ularga suv va havodek zarur.

Holmurod MAMAJONOV,

Farg`ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi

To Top ↑
To Top ↑