x

Ba'zi oilalarda bolaga aytganni faqat baqirib qildirish mumkin, degan tushuncha bor. Ammo psixologlar baqirish, bola ruhiyatiga va shaxs bo`lib shakllanishiga salbiy ta'sir qilishini ta'kidlaydi.

Muammo bor joyda echim ham bo`ladi

Muammoga echim topish uchun uning kelib chiqish sabablarini bilish kerak. Birinchi navbatda ovozingizni nima uchun ko`tarayotganingizni aniqlab oling. Ma'lum vaziyatga reaktsiya bildirishingizni o`zgartirish uchun maslahatlarga amal qiling.

Sabr etishmasligi

Aksariyat ota-onalar bolalarining to`g`ri gapni tushunmasligi, quyushqondan chiqmaslikka harakat qilib, takrorlashlariga qaramay bola aytganni qilmasligini ta'kidlaydi. Aslida esa bola boshqachasiga tushunmaydi emas, ota-onalar boshqachasiga tushuntira olmaydi yoki kattalarda, bola o`zi mustaqil ravishda vazifani bajarish. tanlov va nima qilish kerakligi borasida qaror qabul qilishiga imkon berish uchun sabr etishmaydi.

Nima qilish kerak?

O`z ustingizda ishlashga harakat qiling. Uy va boshqa joylarda nima va qanday omillar sizni asabiylashishga majbur qilishini bilib, shunga yarasha ish tuting. Agar boshqa odamlar bilan suhbatlashish davomida ham agressiv muloqot qilayotganingizni payqasangiz, unda muammoga bolani aybdor qilishning keragi yo`q. Bu sizning odatiy taktikangiz va sizga xos bo`lgan xulq-atvor. O`zingizni nazorat qilish va tutishga o`rganing. Hayotda har jabhada o`zingizni boshqarishni o`rgansangiz, bola bilan munosabatlaringiz avtomatik tarzda yaxshilanadi. O`z ustingizda ishlaganingizdan keyin vaziyatga xolis baho berishni, g`azabni boshqarishni va alamni boladan olmaslikni o`rganasiz.

Bolaning noadekvat o`zini tutishi sabab

Ba'zida bolaning o`zini tutishi odamni quyushqondan chiqishiga sabab bo`lishi, u aytganni teskarisini bajarishi va o`zini eshitmagandek tutishi, xarxasha qilishi mumkin. Bunda ota-onalar ham o`zini shunday tutishi va baqir-chaqir qilib aytganni qildirmoqchi bo`ladi.

Nima qilish kerak?

O`zingizni bosing va o`zingizga vaziyatni nazorat qila olishingizni ta'kidlang. Uni tinchlantirish uchun o`zingiz ham sokin bo`lishingiz kerak. Unutmang, jazavaga tushgan ikki kishi hech qachon til topisha olmaydi. Adekvat, etarlicha tajribaga ega katta odam vaziyatni nazorat qilsa, bosimsiz ham muammoni hal qila oladi. Bolangizga seni tinchlanishingga yordam beraman, o`zingga kelganingda suhbatni davom ettiramiz, deb ayting.

Jazavaga tushgan bolaga: bor, sen bilan boshqa gaplashmayman, menga bunday bolaning keragi yo`q, deya ko`rmang. Chuqur nafas oling, beshgacha sanang va vazmin bo`lishga harakat qiling.

Bolangizni bo`yi baravar o`tiring, ko`zlariga boqing. Bag`ringizga bosishingiz shart emas. Shunchaki qo`llaridan tuting, elkasidan ushlang yoki boshini silang va shundan keyingina aytmoqchi bo`lgan gapingizni boshlang.

Reaktsiyani ko`paytirish maqsadida

Ota-ona bolasiga dars qilishni bir necha marta takrorlasa ham bajarmaganidan va beparvoligidan keyin baqirsam, bajaradi deb ovozini ko`tarishga o`tadi. Bola esa darhol aytganni bajaradi. Lekin bunday vaziyatda bola nima uchun qilayotganini tushunish muhim. Bola kattalarni aytganini hurmat yuzasidan yoki natija bilan ularni quvontirish uchun emas, qo`rquvdan bajaradi.

Nima qilish kerak?

Avvaliga o`zingiz uchun aniqlab oling: siz uchun nima muhimroq: bolangizni hurmat qilgan holda gapingizni ikki qilmagani yaxshimi yoki hamma narsani qo`rquv bilan bajarganimi? Agar siz hamma vaqt bolaga baqirishda davom etsangiz, unda ham shunday reaktsiya bo`ladi.

Oqibatda biror narsani ongli va kerak deb bilganidan emas, boshqa baqirmasligingiz uchungina bajaradi, bunda esa sizning iltimosingiz va vaziyatning umuman qizig`i bo`lmaydi. U o`zining xatti-harakatlarini zarurligini anglay olmaydi va iltimosning muhim ekanini tushunmaydi. U aytganni shunchaki, qulog`i tinchishi va ota-onasini o`zini boshqara olmaydigan ahvolda ko`rishni istamaganidan bajaradi.

Jazo sifatida baqirish

Ba'zida ota-ona bolasini jazolash maqsadida baqiradi. Ular tushuntirish va qilmishining oqibatlari nimaga olib kelishi mumkinligini tushuntirib o`tirgandan shunchaki baland ovoz bilan qo`rqitib qo`yish kerak, deb hisoblaydi. Ammo baqirganda bola informatsiyani tinglamaydi. Agar bolangiz sizning gapingizni jiddiy qabul qilishi va uning muhim deb tushunishini istasangiz, tinch joyda sokin ohangda gaplashing. Bola tinch holatdagina nima demoqchiligingizni anglashi mumkin.

Nima qilish kerak?

Qayerda xato qilganingizni anglashga harakat qiling. Jazo maqsadida jazolashda mantiq yo`qligini tushuning. Asosiysi, bola xulosa qilishi va xatolarini takrorlamasligi muhim. Baqirganingizda bola keyingi safar jazolanmasligi uchun qilmishini yashirishga harakat qiladi.

Undan ko`ra, mantiqiy echim tanlang. Masalan, bola yoyib tashlasa ketidan yig`masdan agar narsalarini joy-joyiga qo`ymasa, shunday tartibsizlikda yashashiga to`g`ri kelishini ayting. Yana boshqa bir variant: Sen darsga kech qolganing uchun jazolamayman, mavzuni o`zlashtirmaganing va kerakli fandan o`ta olmaganing oqibatida baholaring tushib ketdi. Mas'uliyatni his qil va muammoni hal qilish uchun nimadir qil, deng.

To Top ↑
To Top ↑