x

Darhaqiqat, farzand ota-onaga Allohning buyuk ne'matidir. Bir parcha etlik paytidan navqiron bir inson bo`lguncha bor mehrini fido qilib ulg`aytiradilar. Aslida o`shalar emasmi farzand yig`laganda yig`lagan, kulganida kulgan, emaklasa orqasidan yugurgan va yuksalishini tunu kun so`raganlar?.  Ba'zan bu haqiqatlar farzand hayotida unitilgandek bo`ladi. Yaratgan ota-onalarga farzandlarining mehrlarini solib qo`yganki, xatto qarigan chog`larida qo`zlaridan nur, bellaridan mador ketganida biror narsaga suyanadigan bo`lganlarida ham, hassaga suyanadilar. Aslida farzand ularga tirgovich, suyanchiq bo`lishlari kerak emasmi? Ular farzandlaridan ko`p narsa umid qilmaydilar. So`rasalar birgina quriq jussalarini ko`rishlikni tilaydilar xolos. Ammo farzand bu haqiqatni ko`pda xis qila olmaydi.

Bas, shunday ekan g`animatlarimiz bo`lgan mehribon ota-onalarimizni hayotlik chog`larida qadrlaylik. Qancha ularga vaqt ajratsak, shuncha ozdir.

Qur'oni karimida tartib raqami 12- bo`lgan, 111 oyatni tashkil etgan, bitta qissani avvalidan oxirigacha, boshqa narsalarini aralashtirmay hikoya qilgan yagona sura “Yusuf surasi”dir. Bu sura musulmonlar najot izlab, Allohning O`ziga iltijo qilishdan boshqa chorasi qolmagan, “mahzunlik yili” deb nomlangan bir paytda Payg`ambar alayhissalom va musulmonlarga ulkan tasalli va buyuk dars sifatidan nozil qilingan. Surai karimada ko`proq oilaviy munosabatlarga e'tibor qaratilgan.

Ulug` payg`ambar yosh va go`zal yigit Yusuf alayhissalom o`z akalarining fitnasiga uchraydi. Akalari uni otalari Ya'qub alayhissalomdan qizg`onib turli xilalar qilib ko`rgani oxir oqibat haqiqat qaror topganiga guvoh bo`lamiz. Mazkur surada "Bas, xushxabarchi kelib, uni (ko`ylakni Ya'qubning) yuziga tashlagach, u ko`radigan bo`lib qoldi... " (Yusuf surasi 96-oyat). Ya'qub alayhissalom farzandlari Yusuf alayhissalom firog`ida yig`lab ko`zlari ojiz bo`lib qolgandi. Ya'qub alayhissalomning yuzlariga Yusuf o`g`illarining ko`ylaklarini tashlaganda, Yusuf alayhissalomning hidlari urgan ko`ylak bahona, Allohning irodasi bilan otalari Ya'qub alayhissalomning ko`zlari ochilib, qaytadan ko`radigan bo`lganlar. Bu holat hech ajablanarli ish emas. Hayotning o`zi shuni ko`rsatadiki, farzand dog`ida xastalikka chalingan mushfiq ota-onalar farzandlarini ko`rganlarida yoki xabarlarini eshitganlarida Alloh taolodan darhol ularga shifo etgan. Ilmiy baxslar ham bu ish haqiqat ekanini, kiyimda qolgan hid o`zi suygan insonning dardiga davo bo`lishini tasdiqladi. Endi hazrati Umar roziyallohu anhu davrlarida sodir bo`lgan bir ta'sirli voqiani zikr qilsak.

Umar roziyallohu anhu oldilariga Kilob ibn Umayya al-Kinoniy ismli bir shijoatli yigit keldi va urishga chiqishga izn so`radi. Umar roziyallohu anhu undan “Ey yigitcha ota-onang hayotmilar? - deb so`radilar. “Keksa yoshli otam bor, afsuski onam vafot etganlar,”- deya javob berdi. Shunda Umar roziyallohu anhu “Otangni xizmatida bardavom bo`l va roziligini ol!”- deb nasixat qildilar. Nasixatni olgan bola otasini xizmatida bardavom bo`ldi. Bir necha kundan so`ng yigitcha qaytdi va Umar roziyallohu anhuga murojaat kilib: “Ey mo`minlarning amiri otamdan rozilik oldim”- deya xursand bo`lib aytdi. Halifa Kilob ibn Umayyani askarlarga qo`shib safarga jo`natdi. Bir oydan so`ng xalifaga elchi keldi va: “Ey mo`minlarning amiri, men Kilob ismli yigitni otasidan sizga maktub olib keldim” - deb qo`llariga uzatdi. Maktubda ota Umar roziyallohu anhudan farzandini qaytarishga yolvorib so`rayotganini va ota farzand dog`ida ko`zi ojiz bo`lib qolgani va og`ir axvolda ekanligini, farzand sog`inchi qiynayotganini bitgandi.

Umar roziyallohu anhu tezda bir choparni chaqirib Kilobni huzuriga olib kelishga buyurdi. Umar “Ey Kilob, otangni xizmatini kanday kilgansan”-deya so`radi. Kilob: “Nima topsam birinchi otamga so`ng o`zim va ahlim bilan ulashardim, nima istasalar muhayyo qilardim. Bir kecha muzdek sut ichkilari kelganini aytdilar. Sut sovuqroq bo`lsin deya, tuyaning eliniga muzdek suv qo`yib sovutdim va sog`ib otamga olib kelsam, uxlab qolibdilar, uyg`ongunlarigacha ustilarida sut bilan kutdim. Bomdodga uyg`ondilar va issiq sut ichkilari kelayotganini aytilar shunda tezda borib sut sog`ib berdim”- deb aytdi. Umar roziyallohu anhu sut sog`ib kelib, xonaga kirib o`tirishga  buyurdi. So`ng otasini huzuriga chaqirdi. “Ey Umayya sizni nima bezovta qilmoqda”-dedilar hazrati Umar. Kilobning otasi “Farzand sog`inchi, bolamsiz tomog`imdan hech narsa o`tmayabdi”- deya javob berdi. “Unda mana bu sutni iching va kuting hozir o`g`lingiz kelib qoladi”- dedilar. Umayya qo`liga kosani olganda xayqirib “O`g`limni qo`lini hidi kelyabdi”-deb so`yinib ketdi. Shu pallada o`g`li kirib otasini bag`riga o`zini bosdi.  Hazrati Umar o`g`ilga qarab, bor otangning hizmatini qil!- Uning rizosi Yaratgan Allohning rizosi, uni roziligi seni ikki dunyo saodatingdir-deb kuzatib qo`ydilar.

Hulosa o`rnida muqaddas dinimiz manbalarida, ota-onaning yuziga nazar solishning o`zi ibodat ekani, ularga muhabbat qilish ma'naviy amal, bor molini sarflash esa, moddiy–moliyaviy amal hisoblanadi. Endi, ota-onani iqtisodiy yordamdan mahrum qilish moddiy-moliyaviy amal bo`lsa, ularni hijronga qo`yish ma'naviy faoliyatdir. Shunday ekan, ota-onalarimizga yaxshilik qilish, ularni roziliklarini topish, duolarini olishga astoydil bel bog`laylik! Zotan, ular bizning jannatlarimizdir.

To Top ↑
To Top ↑