x

Qur'oni karimning “Kahf” surasida Hizr alayhissalom bilan Muso (alayhissalom)ning o`rtasida bo`lib o`tgan muloqot zikr qilingan. Unda jumladan shunday deyiladi: “So`ngra yana yo`lga tushdilar. Borib bir bolani uchratganlarida (Hizr) uni qatl etdi. (Buni ko`rgan Muso) dedi: “Hech kimni o`ldirmagan bir begunoh jonni o`ldirding-a?! Haqiqatan, (sen) xunuk ish qilding!”” (Kahf, 74).

Oyati karimada bayon qilinishicha, Muso (alayhissalom)ning Hizr (alayhissalom)ga e'tiroz tarzida bergan savoli o`rinli edi. Chunki, norasida go`dakni o`ldirish Muso (alayhissalom)ning shariatida ham man etilgan edi.

Tafsir kitoblarida keltirilishicha, bolaning ismi Jaysur bo`lib, u ota-onasining yolg`izgina suyukli arzandasi edi. Ota-onasi uni eru ko`kka ishonmas, unga nisbatan muhabbatlari haddan tashqari edi. Biroq, uning taqdirida “kofir bo`lishi” yozilgan edi. Bu haqda Alloh taolo Hizr (alayhissalom)ni ogoh etgan edi. Chunki, Hizr (alayhissalom)ga Alloh taolo kelajakda bo`ladigan ishlarni ham ilmini bildirgan bo`lib, Muso (alayhissalom) bunday ilmga ega emas edilar. Muso (alayhissalom) Hizr (alayhissalom)ga hamroh bo`lgan vaqtlarida u kishining bir qancha g`ayrioddiy ishlar sodir etganlariga guvoh bo`ldilar, biroq ularning haqiqatini anglab etishga ilmlari etmasdi. Shuning uchun ham Hizr (alayhissalom) Muso (alayhissalom)ga norasida bolani o`ldirishining sababini aytib berishiga to`g`ri keldi.

“U (Hizr) aytdi: “Mana shu sen bilan mening ajrashimizdir. Endi men seni sabr qilishga toqating etmagan narsalarning ta'vili (sharhi)dan ogoh qilurman” (Kahf, 78).

“Haligi bolaning esa, ota-onasi mo`min kishilar edi. Bas, biz u (bola) tug`yon va kufr bilan ularni qiynab qo`yishidan qo`rqdik” (Kahf, 80).

Bir begunoh jonni o`ldirish barcha payg`ambarlarning shariatida ham harom qilingan. Ammo, bu erda Hizr (alayhissalom) tomonidan bu bolaning o`ldirilishiga sabab, uning mo`min bo`lgan ota-onasining imonini saqlab qolish edi. Chunki, bola katta bo`lgach, ota-onasini ham imondan voz kechib, uning diniga o`tishga majbur qilar edi.

“Shu sababdan, ularga Parvardigorlari u (bola)dan ko`ra pokizaroq va undan ko`ra mehribonroq (boshqa bir bolani) badal (evaz) qilib berishini istadik” (Kahf, 81).

Oyatning tafsirida bayon etilishicha, Hizr (alayhissalom) bolani o`ldirgan vaqtda Alloh taolo uning onasiga homila ato etgan edi. Vaqti soati etib qiz bola tug`ildi. Voyaga etgach, o`sha davrning payg`ambariga turmushga chiqdi va uning zurriyotidan etmishta payg`ambar chiqdi (Ruhul bayon tafsiri).

Ushbu voqea ustida chuqurroq mulohaza yuritadigan bo`lsak, undan farzand tarbiyasida qo`llashimiz mumkin bo`lgan bir qancha foydalarni olishimiz mumkin. Zero, Alloh taolo Qur'oni karimda tarixda bo`lib o`tgan voqealar haqida zikr etar ekan, ularni mo`minlarga ibrat bo`lishi uchun nozil qilganligini bayon etadi.

“Darhaqiqat, ularning qissalarida aql egalari uchun (katta) ibrat bordir. (Ushbu Qur'on) to`qib chiqariladigan gap emas, balki o`zidan oldingi narsalarni (ya'ni, samoviy kitoblarni) tasdiq etuvchi, unga imon keltiradigan qavm uchun barcha narsalarni mufassal bayon qilib beruvchi hidoyat va rahmat (manbai bo`lgan bir Kitob)dir”. (Yusuf, 111).

Ushbu voqeaning farzand tarbiyasidagi ahamiyati:

1. Ota-ona farzandiga bir ko`zda mehr va bir ko`zda qahr bilan boqib, tarbiyani olib bormog`i lozim. Imom Ahmad rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytadilar: “Biror narsaga haddan tashqari muhabbat qo`yish ko`zni ko`r, quloqni kar qilib qo`yadi”. Hizr (alayhissalom) qatl etgan bolaning ota-onasining unga bo`lgan muhabbati ularni ko`r qilib qo`ygan edi. Ota-onasiga bolaning aybi ko`rinmas edi. Ota-ona uning uchun hamma narsaga rozi edilar. Agar u katta bo`lib, ota onasini imonlaridan kechib, kofir bo`lishlarini talab qilsa, ota-ona uning bu talabini ham qondirishga tayyor edi.

2. Ota-ona kezi kelganda farzandini erkalashi, uning ko`ngliga ham qarashi kerak. Biroq doimo shunday bo`lish yaramaydi. Ko`ngli tusaganini muhayyo qilib turgan ota-onaning farzandi oldida qadri qolmaydi. Bir kun kelib farzandining ra'yini qaytargan ota yoki onasiga farzand zug`um o`tkazishi, hatto ulardan yuz o`girib ketishi ham ehtimoldan xoli emas. Hozirgi kunda ba'zi ota-onalar biz ko`rmagan narsani farzandimiz ko`rsin, deb bolalarining ko`ngli nimani tusasa, shuni qilib beryapti. Albatta, ota-onaning topgani farzandi uchun, bu ma'lum. Lekin, milliylikka, musulmonchilikka to`g`ri kelmaydigan narsalarni talab qilganda ota-ona farzandining bunday talablarini ham qondirib beravermasligi kerak.

3. Imon va e'tiqod masalasi eng muhim masala va u hamma narsadan qadrlidir. Oyati karimada bayon qilinishicha, bolaning ota-onasi imonli kishilar edi. Shunday ekan, ularni imonidan ayiradigan farzandning boridan yo`g`i... Ota-onasiga turli tuman jafolar etkazadigan farzandlar yo`q emas. Ammo, buzuq aqidalarga ergashib, imonli ota-onasini ham o`z e'tiqodiga ergashishga da'vat qilsa, uning e'tiqodiga yurmaganlari uchun ularni imonsizlikda ayblasa, bundan og`ir jafo, bundan og`ir gunoh yo`q.

4. Tarbiyali farzand ota-onasini boshiga ko`taradi, ularga rahmat olib keladi. Noqobil tarbiya topgan farzand esa, oxir oqibat ota-onasini el-yurt orasida yuzini qora, boshini xam qiladi.

To Top ↑
To Top ↑