x

Islom dini oilaning har bir a'zosi uchun u loyiq bo`lgan maqom va darajani belgilab qo`ygan. Unga ko`ra oilada eng oliy maqom sohiblari ota‑onadir. Chunki, insonni dunyoga kelishiga haqiqiy sabab Alloh taolo bo`lsa, ota‑ona esa zohiriy sababdir. Bu haqiqatni farzandlar bir lahza ham unutmasliklari lozim.

Alloh taolo Isro surasi, 23‑oyati karimasida shunday deydi: “Rabbingiz, Uning O`zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. (Ey inson!) Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga etsalar, ularga “uf!..” dema va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so`z ayt”.

Alloh taolo Luqmon surasi, 14‑oyati karimasida shunday deydi: “Biz insonga ota-onasini (rozi qilishni) buyurdik. Onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan (qornida) ko`tarib yurdi. Uni (ko`krakdan) ajratish (muddati) ikki yilda (bitar). (Biz insonga buyurdikki), “Sen Menga va ota-onangga shukr qilgin! Qaytishlik Mening huzurimgadir”.

Qur'oni karim oyatlarida farzandlarga yaxshilik qilishdan ko`ra ota-onaga yaxshilik qilish xususida ko`p aytilgan. Chunki, ota‑onaga farzandinga yaxshilik qil deb aytish shart emas. Ular o`zlari emay ediradilar, kiymay kiydiradilar. Farzand uchun barcha rohatlaridan voz kechadilar. Ularning bu xislatlari barchaning ehtiromiga loyiq.

Payg`ambarimiz alayhissalom “Jannat onalar oyog`i ostidadir” deganlar. Onalarga itoatkor bo`lish va ularni rozi qilish jannatga kirishga sabab bo`ladi. Yuqoridagi hadisdan murod, onaga yaxshilik qilish va uning xizmatini qilishda uning oyoqlari ostidagi tuproqdek bo`lish kerak.... deganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yana bir muborak hadisi shariflarida ota-onaga yaxshilik qilish, ularning xizmatlarini qilib duolarini olish, ularni norozi qilib qo`ymaslik, ranjitib qo`ymaslik haqida ko`p marhamat qilganlar. Hatto ular vafotlaridan keyin ham farzand zimmasida haqlari borligini ta'kidlaganlar.

Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan: Amallarning qaysi biri afzal? deb so`radim. Vaqtida o`qilgan namoz dedilar. Keyin nima? dedim. Ota-onaga yaxshilik qilish dedilar.

Ota-onaga yaxshilik qilgan farzandga quyidagicha asosiy foydalar bor:
1. Umri ziyoda va barakali bo`ladi.   
2. Amallari qabul bo`ladi va jannatga kiradi.
3. Gunohlari mag`firat qilinadi va tavbasi qabul bo`ladi.
4. Duosi ijobat bo`ladi.
5. G`am tashvishi ketadi va mushkuli oson bo`ladi.

Zar qadriga zargar etadi deganlaridek, ota-onaning qadriga bu ummatning ulug`lari etganlar. Quyida ularning hayotlaridan ba'zi lavhalarni keltiramiz, shoyadki, ibrat olib bizlar ham o`zimizni o`nglab olsak.

Boyazid Bistomiy hazratlari ulug` olimlardan, valiyyulloxlardan bo`lganlar. U Zot aytadilar: Sovuq bir qish kechasi edi. Onam uyg`onib, suv ichishni istadilar. Men darrov suv olish uchun o`rnimdan turdim. Lekin idishda suv yo`q edi. Buloq boshiga borib, idishga suv to`ldirdim. Uyga kelganimda onamning yana uxlab qolganlarini ko`rdim. Uyg`otishga ko`zim qiymadi. Idishni qo`targanimcha uzoq muddat kutdim. Kun juda sovuqligi sababli qo`lim idishga yopishib qolgan edi. Ancha vaqtdan keyin onam yana uyg`onib suv so`radilar. Men idishni uzatganimda qo`limning terisi shilinib qonab ketdi, bu holni ko`rib onam: “Yo Allohim, men o`g`limdan roziman. Sen ham rozi bo`l!” deb duo qildilar. Onalariga qilgan yaxshiliklari, xizmatlari va onalarining mana shu duolari sababli Alloh taolo Boyazid Bistomiy hazratlariga olim va avliyo bo`lishlik baxtini ato qildi.

Ota-onalarimiz hayot bo`lsalar, ularni rozi qilib xayrli duolarini olib qolmoqlikni biz farzandlarga Alloh taolo nasib etsin.

To Top ↑
To Top ↑