Farzandlarga bo`lgan e'tibor keljakka bo`lgan e'tibor ekanligi ko`p bora ta'kidlanadi. Ularni yaxshi ko`rishimiz, kezi kelganda erkalatishimiz, ta'lim-tarbiyasi bilan shug`ullanishimiz bizning ota-onalik burchimiz desak o`rinli bo`ladi. Shu o`rinda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yosh bolalarga bo`lgan munosabatlari, namunali muomalalari bilan bir oz tanishib chiqsak foydadan xoli bo`lmaydi, degan umiddamiz. Zero, Alloh taolo O`zining kalomida: “(Ey mo`minlar), sizlar uchun – Alloh va oxirat kunidan umidvor bo`lgan hamda Allohni ko`p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg`ambari (iymon-e'tiqod va xulq-atvori)da go`zal namuna bordir” (Ahzob 21), deb marhamat qilgan. Oyati karima bizga Payg`ambar (s.a.v) dan o`rnak olishimizni tavsiya qilmoqda.
Bu xususda payg`ambarlarning oxirgisi bo`lgan Rasululloh (s.a.v) ning hayoti har jabhada bizga namuna bo`lganidek bolalarni yaxshi ko`rish, erkalatish borasida ham bizga namuna bo`ldilar. Hammamizga ma'lumki, Rasululloh (s.a.v) o`z nabiralari bo`lgan Hasan va Husan (roziyallohu anhuma)larni orqalariga ko`tarib erkalatganlar. Ular U zotning boshlariga ham chiqqanlarida tegmaslikka buyurganlar.
Bir kuni Rasululloh (s.a.v) o`z nabirasi Hasan (r.a.) ni quchoqlab, erkalatib turganlarida yonida Akra ibn Habis bor edi. U kishi: Ey Allohning Rasuli mening o`nta bolam bor, lekin ularning bittasini ham erkalatib o`pmadim, dedilar. Payg`ambarimiz (s.a.v) hayrat bilan unga qarab: Rahm-shafqat kilmaganga rahm-shafqat qilinmaydi, deb farzandlarga rahm-shafqat va sevgidan uzoq bo`lgan bolalar insoniy marhamatdan uzoq bo`lishini aytdilar. (Imom Buxoriy rivoyati)
Rasululloh (s.a.v) ning huzurlariga bir jamoa U zotdan: Sizlar farzandlaringizga rahm-shafqat qilib, erkalatib o`pasizlarmi, deb so`radilar. Shunda Payg`ambarimiz (s.a.v): “Ha” deb javob berdilar. Ular: Allohga qasamki, biz farzandlarimizga rahm-shafqat va ularni erkalatib o`pmaymiz, dedilar. Shunda Rasululloh (s.a.v): Alloh sizning qalbingizdan rahm-shafqat tuyg`usini chiqarib tashlagan bo`lsa men nima qila olaman, dedilar. (Imom Muslim rivoyati)
Yana bir rivoyatda bunday deyiladi: Payg`ambarimiz (s.a.v) ning qaramog`iga olgan farzandi Usoma bin Zayd aytadilar: Allohning elchisi meni bir tizzalariga, Hasan (r.a.) ikkinchi tizzalariga chiqarib: Allohim bularga rahmat va baxt ehson qilgin, men bularga yaxshilik va xursandchilik tilayman, der edilar.
Payg`ambarimizning bolalar bilan boladek o`ynaganliklarini Abu Hurayra shunday rivoyat qiladi: Ikki qulog`im eshitdi, ikki ko`zim ko`rdi, Allohning elchisi Hasan va Husaynni ikki qo`lidan ushlagandi. Uning oyog`i o`zlarining oyog`ini ustida edi. Chiq chiq deb aytardi, bola oyoqlarini Payg`ambarimiz (s.a.v) ning ko`ksilarigacha ko`tarib bordi. Keyin bolani o`pib, “Ey Allohim buni yaxshi ko`r, men ham yaxshi ko`rdim” dedilar. (Imom Buxoriy rivoyati)
Bundan ko`rinib turibdiki, Rasululloh (s.a.v) bolalarga mehr muruvvatli edilar, hayotlarida namuna sifatida ko`rsatib berdilar. Yuqoridagi hadislar inson bolasi o`z farzandiga mehribon, rahm-shafqatli bo`lishi kerakligini anglatmoqda.
Hulosa o`laroq aytadigan bo`lsak, farzand bir ne'matdir. Avvalo, farzandlar ota-ona va yaqinlariga Alloh ta'olo tomonidan berilgan omonatdirlar. Omonatga vafo qilish esa farzandni rahm-shafqatli, mehribon, din va xalqining kelajagini o`ylaydigan, ruhan sog`lom, jismonan baquvvat qilib tarbiyalash, yaxshi ta'lim-tarbiya olishi uchun sharoit qilib berishdir. Shu bilan birga har doim qo`llarimizni duoga qo`tarib: “Ey Robbimiz, O`zing bizga jufti halollarimizdan va zurriyotlarimizdan ko`zimiz quvonadigan narsa ato et hamda bizlarni taqvodorlarga yo`lboshchi qil”, (Furqon 74) deb duo qilishimizdir. Farzandlarimiz xalqimizning kelajagi, ota-bobolarimizdan qolgan ilmiy, tarixiy merosning qo`riqchisidirlar. Bularni sevgisiz, rahm-shafqatsiz, mehr-muruvvatsiz qilib tarbiyalasak Vatanimiz va kelajagimizni xatarga qo`ygan bo`lamiz.