Balki siz farzandingiz ota-onalar yig`ilishi haqida so`z ochsa, “vaqtlari yo`q desangchi, biror nima deb bahona toparsan”, – deya qo`l siltarsiz. Yoki o`qituvchi bergan vazifalarni tayyorlab o`tirgan bolangizni “Ertaga yaxshisi mazam bo`lmay qoldi, deya bormay qo`yaverasan” – deb uy ishlarni bajarishga majburlarsiz. To`g`ri, bular oddiygina misollar xolos. Ammo hammasi oddiylikdan boshlanadi-da. Shuning o`zi bola ongida “yolg`on gapirsam bo`laveradi, onam aytyapti-ku” degan tushunchani tug`dirmaydimi?
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir go`dak bolaga “mana buni ol” desa-yu hech narsa bermasa, u odam yolg`onchi bo`ladi”, dedilar. (Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyati)
Yolg`on gapirish mo`minlikka xos bo`lmagan amaldir. Bu yo`sindagi tarbiya farzandingizning sizga bo`lgan ishonchini yo`qotadi. Har bir o`g`il-qiz uchun eng ideal odami, tabiiyki, bu uning ota-onasidir. Bola ulg`ayar ekan, ota-onasi, yaqinlarining gap-so`zi, xatti-harakatlaridan o`rnak oladi.
Afsuski, kuzatishlarga ko`ra, insonlar harakatining kun davomidagi ko`p foizi yolg`ondan iborat ekan. Shu o`rinda psiloxologiya ham haqiqatdan ko`ra, yolg`onga ishonish insonlarda osonroq kechishini ta'kidlaydi. Bu sizni taajjublantirishi tabiiy. Shu on xayolingizda “men hech qachon yolg`on gapirmayman-ku, yoki kim menga yolg`on gapirishi mumkin...” degan o`ylar kechayotgan bo`lsa ham ajab emas. Hulosa chiqarishga shoshilmang. O`sha yolg`on ortidan aka-uka, opa-singillik rishtalarining uzilishi, oilalardagi ajralishlar, o`sib kelayotgan yosh avlodning to`g`ri yo`ldan adashishi kabi achinarli holatlar afsuski jamiyatimizda yo`q emas.
Dinimiz har bir musulmonni rostgo`ylikka chaqiradi. Rost gapirgan insonga hamisha yaxshiliklar yog`ilishi, jannat eshiklari ochilishi hadislarimizda keltiriladi. Donishmandlardan biri bunday degan ekan: “Agar yolg`on ham haqiqat singari bir xil bo`lganda-ku, ahvolimiz ancha engillashardi. U holda biz yolg`on so`zlayotgan odamning gapini teskari tushunib qo`ya qolardik. Lekin haqiqatning aksi bo`lgan yolg`onniig minglab qiyofasi bor va uning had-chegarasi yo`qdir”.
Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Qachonki bir banda yolg`on gapirsa, farishta u gapning sassiqligi uchun u bandadan bir mil masofaga uzoqlashadi”, dedilar. Tasavvur qiling, insonni doimo himoyalab turadigan farishtalar ham yolg`onchidan uzoqlashar ekan. Endi o`ylab ko`ring, farzandingiz yolg`on gapirgan, uni tom ma'noda shunga o`rgatgan ota-onasidan ham qalban uzoqlashib qolmaydimi?
Huvaydo HO`JAMQULOVA