Barchaga ma'lumki, Umar ibn Hattob roziyallohu anhu Abu Bakr Siddiq roziyallhu anhudan keyin hijriy 13 yil 21 jumodul oxirdan 23 yil 26 zulhijjagacha (milodiy hisobda 634 yil 21 avgustdan 644 yil 2 noyabrgacha) musulmonlarga xalifalik qilganlar.
Hazrat Umar roziyallohu anhuning xalifa, musulmonlarning bosh rahbari sifatida olib borgan faoliyati namozga o`tish, fath ishlarini boshqarishdangina iborat bo`lmagan. U kishining maqsadi Qur'oni karim va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari, shariat ta'limotlari asosida, hayotning barcha jabhalarida namunali jamiyat qurishdan iborat bo`lgan.
Rivoyat qilinishicha, Islom dinining poytaxti bo`lmish Madina shahriga savdogarlar karvoni kelib tushdi. Karvonda ayollar, yosh bolalar ham bor edi. Halifa Umar ibn Hattob sahobalardan Abdurrahmon ibn Avf roziyallohu anhuga: “Karvondagilarni qo`riqlashga vaqting bormi?” – dedilar. Ikkovlon kechasi bilan karvondagilarni qo`riqlab, namoz o`qib chiqishdi. Umar roziyallohu anhu yosh bolaning yig`isini eshitib, o`sha tomon bordilar va uning onasiga: “Allohdan qo`rq! Go`dagingga yaxshi qara!” – deb ortlariga qaytdilar. Bola yana yig`lashda davom etdi. Umar roziyallohu anhu yana uning onasi oldiga qaytib kelib: “Allohdan qo`rq! Go`dagingga yaxshilik qil!” – deb ortlariga qaytdilar. Tun oxirlab qolganda yana bolaning yig`isini eshitgan xalifa haligi onaning oldiga borib: “Sho`ring qurisin. Yaxshi ona emasga o`xshaysan. Kechasi bilan o`g`ling tinchimadi-ya!?” – dedilar.
Qarshisida turgan odam rahbar ekanini bilmagan ona xuddi qorovulga gapirayotganday: “Ey Allohning bandasi, kechasi bilan meni tinch qo`ymading. Axir, men uni ko`krakdan ajratmoqchiman. U bo`lsa ko`nmay, injiqlik qilyapti”, – dedi. “Nima uchun?” – deb so`radilar Umar roziyallohu anhu. “Chunki Umar faqat ko`krakdan ajratilgan bolalarga nafaqa tayin qilgan”, – dedi ayol. “Bolaning yoshi qanchalik bo`ldi?” – dedilar Umar. “Falon oylik bo`ldi”, – dedi ayol. Umar roziyallohu anhu: “Uni ko`krakdan ajratishga shoshilma”, – dedilar va orqalariga qaytib ketdilar. So`ng xalifa borib, bomdod namoziga imomlikka o`tdi. Namozdagi odamlar uning yig`isidan qiroatini ajrata olishmadi. Bo`lib o`tgan hodisadan qattiq ta'sirlangan xalifa yig`lab turib namoz o`qir edi. Salom berganidan so`ng: “Umarning sho`ri qurisin! Musulmonlarning qanchadan-qancha bolalariga zulm qilibdi”, – dedi va jarchini chorlab: “Bolalaringizni ko`krakdan ajratishga shoshilmanglar! Biz Islomda har bir tug`ilgan bolaga nafaqa beramiz!” – deb jar solishga amr etdi. Bu haqda boshqa yurtlarga ham farmon yubordilar.
Bundan xulosa qilishimiz mumkinki, bolalarga tug`ilganidanoq nafaqa ajratish Hazrati Umarning davrlaridan beri mavjud va biz ham ularning izlaridan og`ishmasligimiz lozim. Zero, farzand Alloh taolo tomonidan berilgan ne'mat. Unga rahm qilganga Alloh rahm qiladi.