Aziza opa kelinining bu harakatidan hayron qoldi. Bolasini emizishni istamaydi, “qomatim buziladi” deydi, o`g`li ertalabgacha bolaga qarab chiqadi. Kunduz kuni esa chaqaloqni qaynonaga tashlab, uy yumushlari bilan band. Yaxshiyamki o`zi qaraydi, bo`lmasa chaqaloq yig`layverib, betob bo`lib qolardi. Bu ham etmaganday uch kunga qizinikiga ketganida, tinmasdan pampers kiydirib, qorni og`risa dorilar berib betob qildi. Aziza opa: “O`zining bolasi bo`lsa ham shunchalik bemehr, beparvomikan” deb kelinini koyib berdi. Nabirasini erkalab, qaynonasidan o`rgangan usullarni qilib parvarishladi. Keliniga qancha o`rgatmasin “o`zidan ortib” bolasiga qarashni istamadi.
Afsuski, bugun aksari yoshlar bola qarashning oson yo`lini tanlashadi. Aslida g`arb mamlakatlarida ham shunday bo`lgan va natijada mehr ko`rmagan bolalar o`z ota-onalariga mehr berishmagan.
So`nggi vaqtlarda ko`plab juvonlar onalikni his qilmayapti. Sababi, ularning o`zi hali bola. Bular qachon katta bo`ladi, dersiz. Bu ketish bo`lsa - hech qachon! Ular vaqtini seriallarga sarflaydi, telefonda soatlab “behuda” o`tirishadi, uy ishlari bilan band, qarabsizki bola shu bilan maktabga chiqadi. Bejizga ijtimoiy tarmoqlarda bolaning “telefon bo`lishni istayman, onam menga hamisha qarar edi” degan so`zlari mashhur bo`lmadi. Biz bolaligimizda onamiz bilan o`yinchoqlarimizni o`ynaganmiz. Ular bizni eshitar, biz ularning so`ziga quloq solardik. Hozir esa farzandingizga e'tibor bersangiz sizdan ko`ra dugonasi yoki do`sti bilan yaqin bo`layotganini ko`rasiz. Chunki u siz bermagan mehrni do`stidan topgan.
Aksariyat hollarda turmushga chiqqan qizlarimizni uy ishlarini eplasa bo`ldi-da, deymiz. Natijada ajrimlar ko`payadi. Ota-onalarimiz o`zaro janjallashsa, kamdan-kam holatlarda bizdan alamini olishgan. Hozir esa deyarli har bir ona bolasini “jazolab” kelmoqda.
Yaqinda ko`chada bir ona o`g`lini yoniga chaqirdi. Chamasi, birinchi sinf o`quvchisi. Bola titrab “yo`q urasiz, urmang” deydi. Bolani titrab turganini ko`rib, kaltaklardan bezor bo`lganini bilish qiyin emas. Ertaga u ham, Alloh asrasin, onasini urishi hech gap emas. Bu kabi manzaralar, onalar bolalarini katta ko`chada, begonalar oldida “tarbiyaga” chaqirib qo`yishi, urishi yoki haqorat qilishi ko`payib ketdi. “Bolaning g`ururi ko`pchilikning oldida sinmasin, uyga borganda gaplashib qo`yaman” deydigan onalar sanoqligina, nazarimizda.
Ma'lumot o`rnida, bir qator jinoyatlarni sodir etgan xavfli shaxslarning jinoyatchi bo`lishiga oiladagi muhit sabab bo`larkan. Ularning ko`pchiligi hamisha bosim va qo`rquv asosida yashashgan. Afsuski, oramizda ana shunday ota-onasidan qo`rqib katta bo`layotgan bolalar kam emas. Ular hozir go`dak bo`lgani uchun zaif bo`lishi mumkin. Ertaga mehrsiz, yovuz insonlarga aylanmasligiga hech kim kafolat bermaydi. Mehr esa eng avvalo ona suti bilan kiradi. “Sutim etmayapti”, “Sutim zararli ekan”, “Bola to`ymayapti” deb kelinlar onaning farzandi oldidagi majburiyatini bajarmayotganligi, bolasi bilan hech bo`lmasa mana shu berilgan ozgina vaqtda ham bo`lmayotgani bor gap. Aslida bolani “shisha”da katta qilish xorij davlatlariga xos. Hozir onalar chaqaloqni qo`liga shishani tutqazib “o`z huzurini” o`ylashmoqda.
Bu borada qaynonalar va onalar ham talabchan bo`lishi kerak. Zamon shunday deganlar, zamon emas insonlar o`zgarishini bilishi lozim. Kelinlarimizni uy yumushlariga emas farzandining tarbiyasiga mas'uliyatli qilaylik. Qizlarimizni ertaga birovning xonadonida xizmatini qilasan deb emas, qori va qoriyalarning, yurt koriga yaraydigan insonlarning onasi bo`lasan, deb ilmli qilishimiz to`g`riroq bo`ladi.
KamolaAdashboyeva
Manba: Azon.uz