Bolalar maktabni tamomlagan yili oliy ta'lim muassasalariga o`qishga kirish shart emas. Rivojlangan davlatlarda maktabni bitirgan o`quvchilar asosan bir yil vaqt olishadi, odatda buning nomini “gapyear” – bo`shyil deb nomlashadi. Mana shu yilda voyaga etgan o`quvchi dunyo aylanadi, turli kasblarda ishlab ko`radi.
Bu yilning shunday xususiyati borki, unda o`quvchi o`zini anglab olishga, qaysi kasbni tanlashi kerakligini tushunib olishga harakat qiladi. O`quvchi keyingi yili mustaqil qarori bilan oliygohga topshiradi yoki boshqa biror kasb o`rganishga kirishadi.
Bizning jamiyatda esa bu sal boshqacharoq shakllangan: o`quvchi maktabni bitirgan zahoti oliy ta'limga kiritishga harakat qilamiz, qanday bo`lmasin bizga oliy ma'lumotli bo`lib olish kerak. Sen o`qib olaver, diplomli bo`lsang, bir ish topilib qoladi deymiz. Qanday ish? U ish o`quvchiga yoqadimi? Oliygohni bitirib nima ish qiladi? Albatta bu savollar aksar hollarda o`ninchi darajali bo`lib qolaveradi.
Keyin esa diplomi chang bosib yotgan taksistlar ham ko`payib ketdi deb yuraveramiz. Aslida yaxshi daromadli ish topish uchun oliy ma'lumotli bo`lish ham shart emas, faqatgina nima qilishingizdan qat'iy nazar o`sha ishni seving va chin ko`ngildan bajaring, bo`ldi. Pul oqimi o`zi siz tomon kela boshlaydi.
Buning uchun esa hali endi maktabni bitirgan o`quvchining o`zini anglab olishiga vaqt berishimiz kerak.