Farzandingizning kitob o`qishini xohlasangiz, yoshligidan kitob bilan do`stlashishiga yordam bering. Bu borada o`zingiz o`rnak bo`lishingiz yaxshi natija beradi. Axir siz televizor ko`rib o`tirsangiz, bolangiz ham yoningizga kelib siz ko`rayotgan narsani ko`radi. Huddi shunday siz har kuni kitob mutolaasi orqali bolada kitobga mehrni uyg`otishingiz mumkin. Ota-onasi bo`sh vaqti bo`ldi deguncha kitob o`qiyotganini ko`rgan bolakay haqiqiy zavq, eng maroqli mashg`ulot aynan kitob o`qish ekan, deb qabul qiladi.
Shuningdek, bola bilan davomli kitob o`qib turish kerak. Uyingizda bolalar kitobi kamlik qilsa kattalarni kitoblarini o`qib, bola tilida tushuntirishga harakat qiling. Aksariyat ota-onalar farzandlari tug`ilmasidan avval unga kitob o`qib berishgani va bola ulg`aygach chindan ham kitobxon bo`lganini ta'kidlashadi.
Hali maktabga chiqmagan bolalarga rasmli kitoblar bering, boshida rasm tomosha qilsada keyinchalik kitob o`qishga qiziqish uyg`onadi. Unutmang, kitobni majburlab sevdirib bo`lmaydi. Aksincha, majburlash natijasida bola kitobdan bezib qoladi.
Bundan tashqari, bolalarga alohida kitob javon yoki kutubxona qilib bersangiz ham bo`ladi. Negaki, ko`p hollarda bu holat, bu muhit bolani kitob o`qishiga, kitobga muhabbatli bo`lishiga sabab bo`ladi.
Dilmurod Tilovov