x

Bugungi kunda jahon maktabgacha ta'lim tizimida italiyalik mashhur pedagog Mariya Montessorining mualliflik metodikasi juda keng tarqalgan. Jumladan, mamlakatimizdagi ayrim MTMlarda ham pedagoglar ushbu metodikadan foydalanadi. Keling, bugun ana shu o`qitish usuli haqida gaplashamiz.

Mariya Montessori qanday dastur?

"Help me to do it myself" – "menga buni (o`zim) qilishni o`rgating" – bu dasturning asosiy shiori hisoblanadi. Ya'ni bola qiziqishlari va tanlovidan kelib chiqib, mashg`ulotlarni o`qituvchi ko`magida  o`zi bajaradi. "Play and learn" – o`ynab o`rganish tamoyiliga qurilgan bu dastur orqali bola birinchidan zerikmaydi, ikkinchidan stressning oldini oladi va butun diqqat e'tiborini o`rganayotgan ma'lumotiga qaratishi oson bo`ladi. Montessori dasturi nafaqat kichik yoshdagi balki katta sinf o`quvchilari uchun ham mavjud. Bu dastur qiziq va manfaatli bo`lganligi tufayli hatto ikkinchi jahon urushi davrida ham o`z kuchini saqlab qola olgan.

Mazkur o`qitish usuli bolaning qobiliyatlarini rivojlantirish, o`qituvchi ko`rsatib bergan mashg`ulotlarni o`zi mustaqil bajara olishi, dunyoqarashni kengaytirishga xizmat qiladi. Bu dastur asosida ta'lim olayotgan bola vazifalarni majburlikdan bajarmaydi, aksincha, o`zi qiziqib amalga oshiradi. Albatta buning uchun uyda etarli sharoit yaratib berilishi kerak.

"Biror ishni o`zi bajara olishiga ko`zi etgan bolaga hech qachon yordam bermang!"

Mariya Montessori

Mariya Montessori kim bo`lgan?

Mariya Montessori dasturi asoschisi, shifokor va pedadog – Mariya Tecla Artemisiya Montessori xonimdir. U 1870 yil Italiyada tavallud topgan. Rimda tibbiyot sohasini tamomlagandan so`ng, shifoxonalarning biridagi psixiatriya bo`limida yoshi kattalar va kichik yoshdagi bolalar bilan ishlay boshlagan. Pedagog bo`lishiga esa aynan shu bolalar sababchi bo`lgan. 1907 yilda Rimda o`zining eng birinchi maktabi – kam ta'minlangan oilalarning farzandlari uchun maktab ochgan. Dunyo tan olgan va hozirda bolalar bilim olishida foydalanib kelinayotgan bu dastur uchun Mariya Montessori xonimga esa uch marta Nobel' mukofoti berilgan.

Uning dasturiga ko`ra, bolalar ta'limdan tashqari, eng avvalo, atrof muhitni toza saqlash, kiyimlarini tartiblash, inson larga nisbatan hurmat, qisqa qilib aytganda tartib-intizomga o`rgatilgan.

Mutaxassis nima deydi?

O`n to`qqiz yoshidan beri ingliz tilidan dars berib kelayotgan va oxirgi etti yilda Janubiy Koreya davlatida istiqomat qilib, u erda bolalarga Montessori ta'limi asosida bilim bergan hamyurtimiz Mahliyo Toshtemirovadan ushbu ta'lim dasturi haqida qo`shimcha ma'lumotlar oldik.

O`tgan yili yurtimizga qaytgan M. Toshtemirova jamiyatimiz hayotiga o`z hissasini qo`shish maqsadida aynan Montessori ta'limi asosida o`zbekistonlik bolalarga onlayn ta'lim berib kelmoqda. Hususan, bugundan boshlab onalar ko`magi bilan bolalarni ingliz tilida kitob o`qishlari uchun bepul onlayn darslar boshlanmoqda. Batafsil ma'lumotni EnglishMontessoriSchoolbyMahliyo kanalidan olishingiz mumkin.

Mahliyo Toshtemirovaning ta'kidlashicha, ota-onalar farzandlariga ingliz tilini o`rgatishlari uchun o`zlari bu tilni yaxshi bilishlari shart emas, alifboni bilishlari kifoya qiladi.

"Bolalar 18 oylikdan boshlab 4 yoshgacha juda ham qiziquvchan bo`lishadi. Tabiiyki, ko`p harakat qilishadi va bir joyda o`tirib dars qila olmaydilar. Qiziquvchanligidan foydalangan holatda, rang-barang o`quv materiallari bilan Montessori asosida dars o`tilsa, bola diqqatini bir joyga jamlashi ham oson bo`ladi", – deydi mutaxassis.

Ma'lumot o`rnida, Mahliyo Toshtemirova Andijon davlat universitetining xorijiy tillar fakul'tetini tamomlagan. IELTS va TESOL sertifikatlariga ega. Talabalik davridan boshlab bolalarga ingliz tilidan dars bergan. Koreya davlatida ham xususiy maktablarda Mariya Montessori metodikasi asosida ingliz tili o`qituvchisi sifatida faoliyat olib borgan.

U o`zining 6 yoshli o`g`li va 20 oylik egizaklarining ham ustozi sanaladi. Aynan Montessori ta'limi asosida o`qitilgan 6 yoshli Muhammadis'hoq hozirda o`zbek va ingliz tillaridagi matnlarni qiynalmay o`qiy oladi.

Dilmurod Tilovov

To Top ↑
To Top ↑