Bolalar uchun yozgi ta'tilni maroqli, mazmunli tashkil etish muhim ahamiyatga ega.
Zero, yozgi ta'til maktab mashg`ulotidan charchagan o`quvchi to`liq dam olishi, kuch to`plashi va sog`lig`ini yaxshilashi mumkin bo`lgan vaqt hisoblanadi.
Ma'lumotlarga ko`ra, mamlakatimizda bolalarning mazmunli dam olishini tashkil etish maqsadida Halq ta'limi vazirligi huzurida “Yoz-2022” shtabi tashkil etildi. 205 ta statsionar oromgohda faoliyat yuritish uchun jami 4 683 pedagog-kadr ro`yxati shakllantirilib, ular maxsus dastur asosida o`qitildi.
Joriy yoz mavsumida mamlakatimiz bo`ylab ochilgan 1 131 oromgohda 297 441 nafar bola dam olishi rejalashtirilgan. Mavsum davomida bolalarni oromgohga jalb etish va sog`lomlashtirish tadbirlari tashkil etish uchun jami 100 milliard so`mdan ziyod mablag` yo`naltiriladi.
Bundan tashqari sog`lomlashtirish maydonchasi tashkil etilgan 533 ta'lim muassasasida 47 840 nafar o`g`il-qiz dam oladi.
Yoz – har bir bola orziqib kutadigan ajoyib davr. Farzandlarimiz maroqli xordiq chiqarishi nafaqat xohish-istakka, balki muayyan davlatning an'analariga ham bog`liq. Tabiiyki, dunyo mamlakatlarida ham ta'til turlicha.
Yaponiyada rasmiy “bilim kuni” – 1 aprel', o`quv yili yakuni – 1 mart. Yaponlar ko`p o`qiydi, bu keyinchalik ularga yaxshi maoshli ish topishga yordam beradi. Bolalar “bayramlar qiyin mavzuni tushunish uchun qo`shimcha vaqt topish maqsadida yaratilgan” deya ishontiriladi. Ko`pchilik ta'tilda o`qituvchi tomonidan berilgan vazifani bajarish bilan mashg`ul bo`ladi yoki iyeroglif chizish, yozish qobiliyatini rivojlantiradi.
Frantsiyadagi ta'lim muassasalari ish jadvali, shu jumladan, bayramlar mintaqaga bog`liq. Umuman, milliy bayramlarni hisobga olmaganda, o`quv yili davomida bola besh marta dam oladi. Darvoqe, frantsuz onalari iloji boricha farzandining yaxshi o`qishini ta'minlashga intiladi. Shuning uchun ta'til payti ko`pchilik bola bilimi bilan bog`liq mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga kirishadi.
Ko`pgina ispan maktablarida "Yoz" 20-23 iyunda, o`quv yili, taxminan, sentyabr' oyi o`rtasida boshlanadi. Demak, kichik ispaniyaliklarning yozgi ta'tili biroz qisqa. Aksariyat yoshlarvaqtini oila a'zolari, katta avlod – bobo va buvilar davrasida o`tkazadi. Ispaniyada o`ziga xos yozgi oromgohlar ko`p. "Sampamentos", odatda, so`lim tog`li hududda yoki qirg`oqda joylashgan. Bunday maskanlarda maktab o`quvchilariga milliy qo`shiq yoki raqs o`rgatiladi. Ayniqsa, yoshlarga chet tillarini chuqur o`rgatadigan muassasalar juda ommabop. Ispanlar o`qishga jiddiy ahamiyat beradi, bolalar yozda ham ko`p o`qiydi. Ota-ona dam olishni farzandi bilan birga rejalashtirishi uchun ta'lim muassasasi veb-saytida zarur ma'lumotlar e'lon qilinadi.
Dam olish kunlari bolalar uchun nafaqat an'anaviy maktab yoki dala oromgohi, balki maxsus oromgohlar ham tashkil etiladi. Masalan, raqsni, pazandalikni o`rgatadigan, badiiy yo`nalishli oromgohlarga talab kuchli. Sport turlari orasida ispan bolalar tennisni afzal ko`rishadi.
Ispaniya maktab ta'limidagi asosiy muammolardan biri bolalarga haddan ziyod ko`p uy vazifasi berilishidir. Ta'til topshirig`ini bajarish uchun ba'zi maktab o`quvchilari dam olish kunlarini ham darsga sarflashga majbur bo`ladi.
Amerika Qo`shma Shtatlarida maktab ta'tili uchta bayram – Rojdestvo, Pasxa va Shukrona kuni bilan bog`langan. Dam kunlari davomiyligi va sanasi turli shtatlarda bir-biridan farq qilishi mumkin. Kichkina amerikaliklar bo`sh vaqtini o`zlari rejalashtiradi. Ko`pincha bolalar internetda muloqot qilishadi yoki televizor ko`rishadi.
Britaniya maktablarida o`quv yili uch davrga bo`lingan. Mashg`ulot Rojdestvo va Pasxa bayrami sharafiga ikki haftalik ta'til bilan to`xtatiladi. Shuningdek, oktyabr', fevral' va may oylarida "yarim trimestr" haftalik ta'tili mavjud. Mamlakatda o`quv yili iyun' oxiri – iyul' oyi boshigacha davom etadi va sentyabrda boshlanadi.
Britaniya boshlang`ich maktablarida uyga vazifa berish bir necha yil oldin bekor qilingan. Bu yurtda uy vazifasi o`n-o`n bir yoshgacha ortiqcha stressga sabab bo`ladi, bola dars bilan emas, balki ota-onasi bilan ko`proq vaqt o`tkazishi kerak, deb hisoblashadi. Ba'zi xususiy maktablarda uy va ta'til uchun vazifalar ixtiyoriy ravishda taqsimlanadi.
Avstraliyada o`qish davri to`rt chorak davom etadi, orada ikki haftalik ta'tillar mavjud. Bu mamlakat ta'lim tizimi boshqa davlatlardan keskin farq qiladi. Masalan, maktabda haftasiga faqat besh kun o`qish odat tusiga kirgan, uyga vazifa berilmaydi, o`rta ta'lim davomiyligi o`n ikki yil. Avstraliyada issiq iqlim tufayli sportga alohida e'tibor qaratiladi, yoshlar har kuni, hatto, bayramlarda ham to`xtamay mashq qiladi. O`rta va katta yoshli o`quvchilariga bayram va ta'tilni o`zlari rejalashtirishiga ruxsat beriladi.
1,5 milliard aholisi bor Hitoyda o`qish-o`rganish bolaning tili chiqishi bilan boshlanadi va hech qachon tugamaydi. Hitoy tizimi sayyoramizdagi eng qiyin ta'lim jarayoni, deyish mumkin. Maktabdan yiliga ikki marta – qishda va yozda ta'til beriladi. Yozgi ta'til bir oydan ko`proq cho`ziladi: iyul' oyi o`rtasidan avgust' oyi oxirigacha. Qishki ta'til esa yanvar' oyi o`rtasidan fevral' oyi o`rtasiga qadar davom etadi. Aslida, bu vaqtni ta'til, deb atash ham qiyin, chunki bolalarga juda ko`p uy vazifasi beriladi. Ba'zi ota-onalar ma'lum bir fanni yaxshi o`zlashtirishi uchun farzandini mashhur va maxsus kurslarga yuboradi.
Bilim olish uchun bola 15 yil vaqt sarflaydi. Shundan so`ng maktab o`quvchisi hayotdagi eng muhim imtihon – universitetga tayyorlanadi. Kundalik jismoniy tarbiya mashg`ulotida bola muntazam ravishda stressni bartaraf etishga da'vat etiladi. Afsuski, bunday "terapiya" doim, hammagayam yordam beravermaydi.
Bir so`z bilan aytganda, har bir mamlakatning o`rta ta'lim tizimi o`ziga xos, muayyan davlatning madaniy an'analariga, aholisi mentalitetiga asoslanadi. Baribir, aksariyat davlatlarda bolalarning ta'lim olishi davomida vaqtini mazmunli o`tkazishi, maroqli dam olishiga ham jiddiy e'tibor qaratiladi. Zero, yosh avlodni har jihatdan to`g`ri tarbiyalash va kamolga etkazish kelajak uchun qo`yilgan mustahkam poydevordir.
Go`zalSattorova, O`zA