x

Habaringiz bor, 21-22 iyun' kunlari Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev rasmiy tashrif bilan yurtimizda bo`ldi. Shu munosabat bilan biz Ozarbayjonda bolalarni qiynayotgan ayrim masalalarni eslab o`tishni lozim topdik.

Ma'lumki, Kavkaz mintaqasidagi eng zich joylashgan davlatlardan biri bo`lgan Ozarbayjon uzoq vaqt notinchliklar iskanjasida bo`lgan. Bu esa o`z-o`zidan mamlakatdagi bolalar hayotiga ham o`z ta'sirini o`tkazmay qolmagan. Garchi so`nggi yillarda bolalarning turmush tarzida anchayin ijobiy o`zgarishlar kuzatilgan bo`lsa-da, ayrim muammolar haligacha to`liq hal bo`lmagan. Quyida ozarbayjonlik bolalar duch keladigan ayrim muammoli sohalarni keltirib o`tamiz.

Qashshoqlik

Nisbatan barqaror iqtisodiy vaziyatga qaramay, asosan neft' sanoatidan olinadigan daromadlar xalqning aksariyat qismiga etib bormaydi. Shu sabab ba'zi oilalarda yashash sharoiti og`ir bo`lib, ular farzandlarining farovon hayotini ta'minlay olishmaydi. Shu sabab ayrim holatlarda bolalar mehnati ham kuzatilishi mumkin. BMTning Bola huquqlari to`g`risidagi Konventsiyasida belgilangan tamoyillar ana shu sabablar tufayli to`liq hayotga tatbiq etilmaydi.

Salomatlik

Yashash sharoiti haminqadar bo`lgan pastki qatlam bolalari tibbiy jihozlar va infratuzilmalarning etishmasligi tufayli sog`lik bilan bog`liq muammolarga duch kelishadi. Aholining aksariyati A vitamini tanqisligidan aziyat chekadi. Natijada ko`plab bolalar ruhiy salomatlik muammolari bilan tug`iladi. Statistikaga ko`ra, yiliga taxminan 20 mingta holat aynan shunday oqibatga olib keladi. Shuningdek, bolalarni emlashda foydalaniladigan vaktsinalarni saqlashda ayrim kompaniyalarning sanitariya talablariga amal qilmasligi, natijada bunday vaktsina bilan emlangan bolalarning kasallikka chalinish ehtimoli yuqori ekani ta'kidlanadi.

Bundan tashqari, kambag`al oilalarda to`yib ovqatlanmaslik natijasida tug`iladigan chaqaloqlarning 10 foizi kam vaznga ega bo`ladi.

Yetimbolalar

Ozarbayjonda ota-onasidan ajralgan 20 mingga yaqin bola bor. Ularning ba'zilari mehribonlik uyiga joylashtirilgan bo`lsa, ba'zilari ko`chada yashashi ham mumkin. Ko`pincha bunday bolalar chidab bo`lmas sharoitlarda kun kechiradi. Yana bir kutilmagan jihat shundaki, ayrim bolalar ota-onasi tirik bo`lsa ham oiladagi yomon munosabat tufayli o`zlarini "ijtimoiy etim" deb hisoblashar ekan. Bundan tashqari ta'lim, sog`liqni saqlash va boshqa xizmatlardan foydalanishda qarovsiz bolalarning imkoniyatlari mavjud emas.

Qurolimojarolardaqurbonbo`lganbolalar

Tog`li Qorabog` mintaqasi geografik jihatdan Ozarbayjon hududida joylashgan bo`lishiga qaramay, Armanistong bilan ushbu hududga egalik masalasida nizoli munosabatlar mavjud. Qorabog`da bo`ladigan qurolli to`qnashuvlar natijasida ko`plab bolalar ham halok bo`ladi. Bu muammo nafaqat bolalar, balki butun mintaqa aholisi uchun ayanchlidir.

Ta'lim

Ozarbayjonlik bolalarning to`rtdan bir qismidan ko`prog`i maktabga bormaydi. Ba'zi oilalar maktab xarajatlariga pul topa olmagani uchun farzandlarini o`qita olmaydi. Bundan tashqari ayrim oilalarda bola maktabga bormasa ko`proq foyda keltiradi, deb hisoblashadi. Chunki maktabga bormagan bolada ishlash uchun vaqt bo`ladi va nochor oila uchun bu ham bir najot bo`lib ko`rinadi. Qolaversa, ayrim maktablarda ta'lim sifati ham qoniqarli emas. Eski binolar, malakasiz o`qituvchilar sababli bolalar sifatli ta'lim ololmaydi.

Bolalarganisbatanzo`ravonlik

Oiladagi zo`ravonlik Ozarbayjonda nisbatan keng tarqalgan hodisadir. Biroq bunday holatlarning oldini olish uchun qonunchilikda belgilangan normalar bo`lsa-da, ular amalda unchalik samara bermaydi. Bundan tashqari zo`ravonlik qurbonlari uchun yordam va qo`llab-quvvatlash tizimi etarli darajada emas. Afsuski, zo`ravonlikka uchrayotgan bolalar arzini aytadigan tizim yo`qligi sababli aksariyat hollarda jimgina azoblanishga majbur bo`lishadi.

Ertanikoh

Ozarbayjonda qizlarning 10 foizdan ortig`i 18 yoshga to`lmasidan turmushga chiqadi. Bunday erta nikohlar esa ularning salomatligi bilan bog`liq og`ir oqibatlarni keltirib chiqaradi.

Bu muammolarni yozish barobarida kimningdir kamchiliklarini ko`rsatmoqchi yoki faqatgina negativ ma'lumotlarni ulashmoqchi emasmiz. Albatta, nafaqat Ozarbayjonda balki boshqa MDH davlatlari, dunyo mamlakatlarida ham bola huquqlari masalasida quvonarli holatlar mavjud. Ammo ularni sanasak, mutasaddilar va bolalarni himoya qilishi kerak bo`lgan har bir insonda g`ururlanish hissi paydo bo`lib qolmasin, deb qo`rqamiz. Dunyoda yaxshilar ham ko`p, yutuqlar ham talaygina. Lekin ular bilan quvonish ila cheklanib qolmay, qolgan muammolarni hal etish har bir mamlakat, butun insoniyat oldida turgan mas'uliyatli vazifadir.

SheraliSOLIYeV

To Top ↑
To Top ↑