x

Bir jamoa a'robiylar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirishdi. U kishining oldilarida nabiralari Hasan ibn Aliy o`ynab yurgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni o`pdilar. Bir a'robiy taajjublanib so`radi:

– Sizlar bolalaringizni o`pasizlarmi?!

– Ha!

– Allohga qasamki, bizning hech birimiz bolamizni o`pmaymiz!

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga dedilar:

– Alloh sizning qalbingizdan rahmatni sug`urib olgan bo`lsa, men nima qila olar edim?!

Jafokor otalar ko`p. Huddi ularning qalbi boshqa insonlarniki kabi go`sht va qondan iborat emas. Ularning qalbi toshdan iborat. Ba'zilar esa buning aksi o`laroq, juda ham farzandlariga mehribon. Ammo bu mehrni izhor qilishni erkaklikka zid deb o`ylashadi. Ular nazdida bolalarini erkalash go`yo shaxsiyatning zaifligidir. Bu tushunchani ular qayerdan olgan noma'lum.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqiqiy rijol edilar. Bu narsaga e'tibor bersak, u zotni nabiralariga mehrlarini izhor qilishdan man qilmayapti.

Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadi:

«Oilasiga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ko`ra mehribonroq kishini ko`rmaganman. O`g`illari Ibrohim Madinaning boshqa bir mahallasida emizishga berilgan edi. Ora-orada men u kishi bilan birga o`sha mahallaga borib turar edim. Rasululloh sollallohu alayh vasallam Ibrohimni o`par edilar. So`ngra qaytar edik!».

Sizning tuyg`ularingizni farzandlaringiz keyinchalik eslashadi. Boshqa narsalaringizni emas.

Ular siz uyingizni jihozlagan mebellarni emas, ularni mindirgan mashinangizni emas, ularga edirgan ovqatingizni emas, ularga olib bergan hashamatli yotoq mebellarini emas, ular sizning mehringizni eslashadi.

Men sizga ular abadiy unutmaydigan narsalar haqida gapiraman:

Ular hayot ularni sindirganida ularni suyaydigan elkalarni unutishmaydi.

Ular imtihondan yiqilishganda ularni o`ziga oladigan quchoqni unutishmaydi. Qizlaringizga sovchi kelmaganida ular o`zlarini yupatadigan issiq quchoqni unutishmaydi.

Ular sizning qaynoq so`zlaringizni, iliq tabassumingizni unutishmaydi.

Ular uyqudan oldin ularga aytib bergan hikoyalaringizni unutishmaydi.

Ular xotiningiz ovqatni kech olib kelganida siz chilparchin qilgan uy qoidalarini unutishmaydi.

Ular boshqalarning oldida ularni maqtab yoki yomonlab gapirgan gaplaringizni unutishmaydi.

Ular muvaffaqiyat paytidagi sovg`alarni unutishmaydi.

Ular siz ularga taqdim qilgan baxtli onlarni unutishmaydi.

Ular oilaviy safarlarni unutishmaydi.

Ular siz ularning yuzlarida chizgan tabassumlarni unutishmaydi!

Ana shu narsalar ularning zehnida abadiy qoladi. Agar bu fursatlarni zoye qilsangiz keyingi ishlaringiz bularning o`rnini bosa olmaydi!

Abdulqodir Polvonov

Manba: islom.uz

To Top ↑
To Top ↑