Bolalik davrlarim. Uchinchi sinfda oʻqiyman. Maktab darsliklarimni koʻz qorachigʻimdek avaylayman. Kitoblarimning ustiga gʻilof tutib yurishni yaxshi koʻrardim.
Onamdan kitoblarim ustiga qalin gʻilof qildirib berishlarini soʻraganimda shart emasligini aytib jerkib berdilar. Onam tabiatan biroz pishiqroq boʻlganlari uchun ham bu iltimosim onamga yoqmadi. Men onamning gaplaridan xafa boʻlib yigʻladim. Onam nega yigʻlaysan deb urushib turganlarida dadam xonalaridan chiqib qoldilar. Dadam vaziyatni anglagach, menga shunday mehr bilan qaradilarki, shu nigohlarini hali-hanuz eslayman.
Otam iltimosimni yerda qoldirmadilar. Kitoblarimni olib chiqib ketdilar. Birozdan soʻng hammasiga bir xilda chiroyli gulli, qattiq muqovalar qildirib keldilar.
Oʻsha voqeadan koʻp oʻtmay, taqdir ekan, otam Yaratganga omonatlarini topshirdilar. Men dadamni juda yaxshi koʻrardim. Janoza kuni koʻp yigʻladim. Dadam muqova qildirib bergan oʻsha kitoblarimni quchib yigʻladim...
Haligacha dadamning oʻsha qarashlarini koʻzimda yosh bilan xotirlayman. Hozir yoshim 22 da. Alloh nasib etib farzandli boʻlsam, men ham bolalarimga dadam kabi mehribon ota boʻlishni istayman. Lekin nazarimda u kishidek mehribon boʻlishni iloji yoʻqdek tuyuladi.
Hozir shu topda u kishini juda sogʻindim...
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmuʼtining
“Farzand tarbiyasida 700 ta saboq” kitobidan
Gʻiyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.