x

Allohga hamd boʻlsinki, uyda katta kutubxonamiz bor. Oʻzim koʻpincha uydagi vaqtimni oʻsha yerda oʻtkazaman. Kutubxonamiz 7 yoshdan 70 yoshgacha kishilar oʻqishi uchun moʻljallangan turli mavzulardagi kitoblar bilan toʻla. Qoʻplari otamdan qolgan. Yana ancha-munchasini oʻzim olib kelib kutubxonani toʻldirganman.

Bolalarimga oʻqishni targʻib qilishning yaxshi yoʻlini oʻylab topdim. Bolalarga atalgan kitoblarni farzandlarimning qoʻllari yetadigan pastki tokchalarga joylashtirib, har bir kitobning ustiga “Bu kitobni oʻqigan odamga falon ming soʻm mukofot” bor deb yozib chiqdim. Mukofot miqdorini yozishda kitobning hajmi va ahamiyatiga alohida eʼtibor berdim.

Koʻp oʻtmay hamma farzandlarim vaqtlarini men bilan birga kutubxonada oʻtkazadigan boʻlib qolishdi. Deyarli har hafta bir farzandim “Dada, men mana bu kitobni tugatdim” deb bir kitobni qoʻlimga tutqazadigan boʻldi. Tabiiyki, men mukoftotni berishdan oldin kitobni olib 5-10 daqiqa savol javob qilardim. Bolamdan kitob haqidagi taassurotlarini, kitob yoqqan- yoqmaganini soʻrardim. Gohida bu savol-javobga boshqa farzandlarim ham qoʻshilib ketib, kutubxonamiz katta kitobxonlar suhbati boʻlayotgandek bahs-munozalar maydoniga aylanib ketardi.

Qoʻllagan tadbirim orqali barcha bolalarim kitobxonlarga aylanishdi. Yoshlari ulgʻaygach, oʻqigan kitoblariga pul ham soʻramay qoʻyishdi. Qaytanga farzandlarimning kattalari kichiklarini menga qoʻshilib ragʻbatlantiradigan boʻlishdi.

Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
"Farzand tarbiyasida 700 ta saboq" kitobidan
G`iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.

To Top ↑
To Top ↑