x

Koʻpchilik bolalikda aka-ukalari bilan janjallashadi. Bunga turli narsalar sabab boʻladi. Baʼzida uy ishlarining taqsimoti borasida nizo chiqsa, boshqa payt televizor koʻrish navbati talashiladi, yo boʻlmasa yana nimadir muammo chiqib, aka-ukalar va opa singillar orasida oʻzaro shovqin koʻtarilishiga sabab boʻladi. Barcha ota-onalar bunday vaziyatlarda bolalarni tinchlantirishga, kattaga sen kattasan, kichikka sen kichiksan, deb oʻzaro murosaga chaqirishga urinishadi.

Biz ham opa-singillarim bilan koʻp urishardik. Onamizni bir-birimizdan qizgʻonardik. Shunda marhum onam bizlarni bir xonaga toʻplab, bu ishimiz yaxshi emasligini muloyim ohangda tushuntirardilar. Keyin bizga Yusuf alayhissalom qissalarini soʻzlab berardilar. U kishining akalari bilan boʻlgan hodisalar, akalari tarafidan qanday nohaqliklar koʻrganlari, akalari otalarini rashk qilib Yusuf alayhissalomni hatto quduqqa tashlab kelganlari, Yusuf alayhisalom boshlaridan oʻtgan koʻplab qiyinchiliklar, shuncha zahmat chekkanlariga qaramay akalarini kechirib yuborganlarini taʼsirli qilib aytib berardilar.

Qissa oxirida Yusuf alayhissalom otalariga “Otajon, bu avval koʻrgan tushimning taʼbiridir” degan joylarida doim koʻzimizda yosh boʻlardi. Qissani eshitib boʻlganimizdan soʻng oʻzimizga kelardik. Gʻazabimiz bosilib, qarshimizda talashib tortishayotganimiz bir qorindan talashib tushgan jigarlarimiz ekanini anglab, bir-birimizni bagʻrimizga bosar edik, aytgan dilozor gaplarimiz uchun bir-birimizdan uzr soʻrardik.

Lekin oradan yana bir qancha vaqt oʻtgach, onamning nasihatlari yodimizdan chiqib qolardi. Keyin onam bizga yana oʻsha uslubda oʻsha muloyimlik va sabr bilan Yusuf alayhissalom qissalarini soʻzlab berardilar.

Bir necha yillar onam sabr-toqat bilan bizga mana shu uslubni qoʻlladilar. Yusuf alayhissalom qissalarini har eshitganimizda qissaning oʻzimiz uchun yangi boʻlgan jihatlarini kashf qilardik. Bora-bora bu qissa bizga yod boʻlib ketdi. Qachon opa-singilalar oʻzaro nizolashib qoladigan boʻlsak, oʻz-oʻzidan shu qissa yodimizga keladigan boʻlib qoldi. Qissa yodimizga kelishi bilan darrov jahlimizdan tushib, janjalning oldini olardik.

Oradan yillar oʻtdi. Onam qeksayib omonatlarini topshiradigan payt barcha farzandlarini atroflariga toʻpladilar. Hammamizga eshittirib shunday nasihat qildilar: “Sizlarga ikki narsani nasihat qilaman. Birinchisi, Yusuf alayhissalomning qissalarini unutmanglar, doimo bir-birlaringizga eslatib turinglar, ichlaringdan kimdir unutsa, boshqalari unga eslatsin. Ikkinchi nasihatim shuki, Alloh taolodan qoʻrqinglar. Agar sizlar Alloh taolodan qoʻrqsalaringiz, Alloh taolo sizlarga barcha qiyinchilik va tashvishlardan chiqish yoʻlini ato qiladi, men ham sizlardan ana oʻshanda rozi boʻlaman va goʻrimda tinch yotaman...”.

Onamning soʻnggi nasihatlarini tinglarkanmiz qoʻllarimiz koʻzlarimizdan oqayotgan yoshlarni artishga ulgurmasdi. Onam nasihatlarining soʻnggida tez kunlarda Jannatda diydor koʻrishishni soʻrab duo qildilar va shahodat kalimalarini aytib boqiy dunyoga koʻchib oʻtdilar...

Oʻshandan beri qancha yillar oʻtib ketdi. Lekin onamning oʻsha kungi nasihatlari umrbod qalbimizga muhrlandi. Onamning bergan tarbiyalari va nasihatlari sharofatidan hayotimizda qanday muammoga yoʻliqsak, Yusuf alayhissalom qissalarini eslaydigan, u zotni quduqda biror yordamchisiz boʻlgan paytlarida qutqargan Alloh bizni ham bu hayot qiyinchiliklaridan olib chiqib ketishiga ishonadigan boʻldik. Jigarlar bilan oʻzaro oqibatimiz ham goʻzal boʻldi. Alloh taolo onamizni Oʻzi rahmatiga olsin, bizlarni Yusuf alayhissalom va onamiz bilan jannatda uchrashtirsin.

Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmuʼtining
“Farzand tarbiyasida 700 ta saboq” kitobidan
Gʻiyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.

To Top ↑
To Top ↑