x

Ramazon, 1-kun
Bugun uyda ajoyib bir holat. Hamma jimgina ishiga, o‘qishiga ketmoqda. Oyijonim: «Zaynab, kelaqol qizim, senga nonushta tayyorlab beray», – dedi. Hech kim hech narsa yemayapti, hatto suv ham ichmayapti. Opam ham!

Ramazon, 5-kun
Boshida bular parhez qilishyapti deb o‘yladim. Kechga tomon hammalari sokinlashib qolishadi. Dasturxonni yasatib, azonni kutishadi. Ularni bu holatda kuzatish shunaqa maroqliki. Boshqa paytda jim turishni bilmagan opamning bu holidan kulgim kelyapti. Lekin kulishga jasorat qayerda deysiz.

Ramazon, 9-kun
«Nimaga bunday qilyapsizlar?» – deb opamdan so‘radim. «Katta bo‘lganda tushunasan…», – dedi. Boshqa nima ham derdi…Oyijonimdan so‘rasam, Ramazon dedi. Dadamdan so‘rasam, Ro‘za dedi.

Ramazon, 11-kun
Demak, bu Ramazon va Ro‘za ismli kishilar juda qattiqqo‘l ekan, biznikilarga yeyish-ichishni taqiqlabdi.
O‘rtog‘im Fotimadan so‘radim, uning oilasidagilar ham yeb-ichmayotgan emish.

Ramazon, 14-kun
Qoshiq tovushlari, kimlarningdir gaplashayotgani qulog‘imga chalindi. Uyg‘onib ketdim. Dadamga xabar beray deb yugurib borsam, xonalarida yo‘qlar. Chorasiz opamning xonasiga yugurdim. U ham yo‘q!

Qo‘rqmadim! «Men bu o‘g‘rilarning ta’zirini berib qo‘yaman!» – dedim. Qo‘limga supurgini oldim, oshxona eshigini shiddat bilan ochdim. O‘g‘rini uraman deb supurgini boshim uzra ko‘targanimni bilaman, shu holatda qotib qoldim.

Ne ko‘z bilan ko‘rayki, biznikilar ovqatlanishyapti!

Voy sharmandalar! Kunduz kuni Ro‘za bilan Ramazondan qo‘rqib, kechasi ovqat yeb o‘tirishibdi. Yana ustimdan kulishganinichi…
Qo‘rqoqlar!

Ramazon, 17-kun
Boshida shu Ro‘za bilan Ramazonni topib, bulardan shikoyat qilmoqchi bo‘ldim, lekin shu kunlarda ovqat yemagan opamning paxtaday yumshoq, shoyiday muloyim bo‘lib qolganini ko‘rib, fikrimdan qaytdim. Dadam bilan oyijonim ham umuman tortishmay qo‘yishdi.

Yo‘q, shunday davom etaversin! Bu Ro‘za bilan Ramazon amaki yaxshi insonlarga o‘xshayapti.

Ramazon, 19-kun
Bugun biznikiga qarindoshlar kelishdi. Erkaklar qayergadir ketishdi. Eshitganim Taroveh degan kishinikiga.

Ayollar esa har doimgiday kelini, qaynonasi, seriallar haqida gaplashishmadi. Birgalikda o‘tirib Qur’on tilovat qilishdi, uzundan uzoq duolar qilishdi. To‘g‘risi, oyijonimning quchoqlarida uxlab qolibman.

Ramazon, 22-kun
Hamma narsa o‘sha-o‘sha davom etmoqda. Televizorda ham faqat yaxshi narsalar. Ajoyib…

Anglaganim, hamma Iftor-Iftor deb kimnidir kutadi, kelganini o‘yinga chalg‘ibmi ko‘rmadimu, u kelgandan keyin hamma birdan ovqat yeyishni boshlaydi.

Ramazon, 24-kun
Shu Ro‘za degan amaki kimligiga rosa qiziqib qoldim. Tunov kuni Oysha xolam bilan oyijonim «Mana bunaqa qilsa, Ro‘za ochilib ketadimi?», «Bunday bo‘lsa Ro‘za buziladimi?» – deb gaplashayotganlarini eshitib qoldim. Demak, Ro‘za amaki juda ham nozik inson. Insonlar yomon bo‘lsa, asabi buzilib, ketib qoladi.

Shu Ro‘za bilan Ramazon amakining kimligiga rosa qiziqyapmanda. Ular bilan tanishishni juda xohlayapman…

Ramazon, 25-kun
Shu kunlarda hammaning og‘zida Qadrning kechasi. Endi bu Qadr degani kim bo‘ldi? Qanday qilib insonda kecha bo‘lishi mumkin? Yana uning kechasi ming oydan yaxshiymish. Qadr amakining kechasida uxlamaslik kerak ekan, namoz, Qur’on o‘qish kerak emish.

Ramazon, 27-kun
Qancha qiziquvchan bo‘lmay, uxlab qolibman. Qadr amaki kechasi bilan birgalikda kelib ketibdi. Men ko‘rolmay qoldim. Hamma osmonga qarab: «Mana Quyoshga qara, mayin shamolga qara, bir-ikki tomchi yomg‘ir ham yog‘di. Qadr kechasida bu, Qadrda», – deyishdi. Umuman hech narsani tushunolmadim. Ob-havoning Qadr amaki va uning kechasiga qanday aloqasi bo‘lishi mumkin?!

Shu sababli ham akamni juda sog‘indim. Opamdan shularni so‘rasam, to‘yib-to‘yib kuladi. Kamiga dugonalariga ham aytib beradi, ular ham kulgidan o‘zlarini to‘xtata olmaydilar. Jahlim chiqib ketadi.

Akam katta shaharda universitetda o‘qiydi. «Akam qachon keladi?» – deb so‘radim oyijonimdan. «Bayram kelsa, u ham keladi», – dedi oyim.

Ro‘za, Ramazon, kechasi bilan birga kelgan Qadrdan so‘ng endi Bayram kelarmish!..

Nimaga endi u kelmasdan akam kelolmas ekan-a? Balki u akamning do‘stimikan? Akamni juda sog‘indim. Eh, shu Bayramniyam birga olib tezroq kelaqolsaydi. Hech bo‘lmasa Bayram amaki bilan tanishardim.

Ramazon, 29-kun
Oxirida bir ayol kishining ham ismini eshitdim. Arafa? Ajoyib ism ekan. Orifa boʻlishi kerakmasmikan? Kelinoyimning ismiga oʻxshab…

“Arafa kelyapti, hali hech narsaga ulgurmadik, hamma yerni tozalab boʻlmadik”, degandi kecha oyijonim. Bu Arafa xola juda tozaliksevar shekilli. Yaxshigina tashvishlanib qolishdi.

Bir Arafa deyishadi, bir Bayram, ertalabdan beri tinim bilishmayapti. Tozalash ishlarini tugatib, dasturxon uchun tayyorgarlik koʻra boshlashdi. Tez-tez kelib tursin-ey shu Arafa xola! U ham menga oʻxshab shirinliklarni yaxshi koʻradi shekilli, turli-tuman pishiriqlar tayyorlashdi.

Oyimdan: “Bayram qachon keladi?” – deb soʻradim. “Arafadan keyin”, – dedilar. Demak, Bayram amaki bilan Arafa xola bir-biriga qarindosh emas. Umuman hech narsaga tushuna olmayapman. Akajonim tezroq kelsalar edi, hammasini tushuntirib berardilar.

Va Bayram keldi!

Oyimning aytishiga qaraganda, bugun Bayram kelishi kerak edi, demak, akam ham kelgan. Ertalab uygʻonishim bilan oshxonaga yugurdim. Hamma chiroyli yasatilgan dasturxon atrofida nonushta qilardi. Akam, akajonim ham kecha kechqurun kelibdilar. Men uxlab qolgan ekanman. Xursandligimdan xayqirib yubordim. Uning quchogʻiga oʻzimni otdim, bir-birimizni juda sogʻinibmiz.

“Bayram qani?” – deb soʻradim akamdan. “U bilan birga kelishingiz kerak ediku”, – dedim. Hamma kulib yubordi.

Keyin boʻlgan voqealarni boricha akamga aytib berdim. Men toʻlqinlanib gapirarkanman, uning yuzimga qarab jilmayayotganini koʻrdim. “Yaxshiyam opamga aytmaganim”, dedim oʻzimga-oʻzim. Akam jilmaygan joyda opam qah-qaha otishi tayin.

Hafa boʻlganimni koʻrib, akam bir boshdan hammasini tushuntirib berdi, bu safar men oʻzimni kulgudan toʻxtata olmadim.

Akam bu voqeani yozish uchun mendan izn soʻradi. Men rozi boʻldim. Siz oʻqigan kundalik mana shunday paydo boʻldi. Akam bunga “5 yoshli bolaning Ramazon sindromi” deb nom qoʻyishini aytdi. Toʻgʻrisi sindrom nimaligini tushunmadim. Mayli, akamga ishonaman.

Lekin, bayramni juda ham yaxshi koʻrib qoldim. Lekin opam yana oʻsha shaddod holiga qaytishini oʻylab, Ramazonning ketganidan rosa hafa boʻldim.

Qaniydi, har kunimiz Ramazon boʻlsa! Qanday yaxshi boʻlardi-a?!

Shaxnoza Olimboy qizi tarjimasi

To Top ↑
To Top ↑