x

Oʻgʻlim huquqshunoslik fakultetida talaba edi. Men u bilan juda koʻp tortishib qolardim. Biror bir kun uni koyishdan, u bilan gap talashishdan xoli oʻtmas edi. Oxiri toqatim toq boʻlib oʻz oʻgʻlimni koʻrganda bezillaydigan boʻlib qoldim. Uning ham menga munosabati bundan yomon boʻlsa, yomon ediki, yaxshi emasdi. Oʻgʻlim bilan oʻrtamizdagi sovuqchilikka sabab boʻlayotgan narsa uning darslariga beparvoligi edi.

Bir kuni kechasi xonasining oldidan oʻtayotib eshigining qiya ochiq qolganiga koʻzim tushdi. Ichkariga qarasam, oʻgʻlim ustini yopmay uxlab qolibdi. Xonasiga kirdim-da, ustini yopib, eshik tarafga qarab yurdim. Eshik dastasini ushladim hamki, birdan oʻgʻlimni oʻpib qoʻyish xayolimga keldi. Orqamga qaytib oʻgʻlimni oʻpdim. Ha, peshonasidan oʻpdim-da chiqib ketdim.

Ertalab oʻgʻlimning kayfiyati yaxshi, oʻzini tutishi ham boshqacha edi. Avvalgi qovoq uyish, qoʻrs-qoʻpolliklari bugun negadir yoʻq edi. Menga salom berib oldimga oʻtirdi. Birga nonushta qildik. Shundan keyin oʻgʻlim kun sayin men bilan yaxshi muomala qiladigan va darslarini oʻz vaqtida bajaradigan boʻlib qoldi. Xulqi goʻzallashdi. Men bu holatdan ajablanib ehtimol Alloh taolo bechora onasining duolarini ijobat qilgan boʻlsa kerak deb xulosa qildim. Lekin bir kuni bu katta oʻzgarishning sirini onasidan eshitib bildim.

Oʻgʻlim onasiga aytgan gaplarini qanday boʻlsa, shundayligicha aytib bera qolay:

“Oʻsha kecha otam xonamga kirganlarida uxlamagan edim. Shunchaki, ular bilan gaplashmaslik uchun oʻzimni uxlaganga solib yotgandim. Otam tepamga asta kelib, meni uxlayapti deb oʻylaganlari uchun uygʻotib yubormay deya ohista harakatlar bilan ustimni yopdilar. Keyin eshik tomon yoʻnaldilar. Xonamdan tashqariga yoʻnalgan qadam tovushlari meni xotirjam qildi. Chunki oʻsha paytda otamni koʻrishni ham, u kishi bilan gaplashishni ham xohlamasdim. Ular ham huddi shunday meni yomon koʻradilar deb oʻylardim. Lekin oʻsha kecha mening his-tuygʻularimni tamoman oʻzgartirib yubordi. Otam orqaga qaytib peshonamdan oʻpar ekan, qalbimning tub-tublaridan bir nimalar toʻlqinlanib ketganini his qildim. Men tushundimki, otam meni yomon koʻrmas ekanlar, balki men ahmoq u kishi haqlarida doimo notoʻgʻri fikrda boʻlgan ekanman. Men oʻsha kechani xatolarimni anglab, yigʻlab oʻtkazdim. Yigʻlar ekanman, endi bundan buyon yaxshi tarafga oʻzgarishga, otamga nisbatan yaxshi muomalada boʻlishga qaror berdim”.

Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmuʼtining
“Farzand tarbiyasida 700 ta saboq” kitobidan
Gʻiyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.

To Top ↑
To Top ↑