Otam qiyinchilik koʻrib katta boʻlgan ekanlar. “Maktabni ham zoʻrgʻa bitirganman” derdilar. Gaplarining rostligi biror nima oʻqisalar, juda sekin, hijjalab oʻqishlaridan bilinib turardi. Bilmagan odam dadamning sekin oʻqishlaridan koʻzlari xiralashib qolganmikin deb oʻylardi. Yozishlari ham shunga yarasha edi. Lekin bizga juda mehribon edilar. Agar gap bizning oʻqishimizga kelib taqaladigan boʻlsa, qayerdan boʻlsa ham, tunlari ishlab boʻlsa ham pul topib berishga harakat qilardilar. Bizga yaxshi yedirib ichirish, oʻqitish uchun qoʻllaridan kelgan bor imkoniyatlarini ishga solardilar.
Bir kuni dadam bilan Qohiraga bordik. Shahar katta, koʻchalar gavjum edi. Tushlik uchun kichikroq bir oshxonaga kirdik. Men oʻsha paytlarda oʻsmir yigit edim. Otam oshxona xizmatchisiga oʻzlari uchun 250 grammlik, menga esa 500 grammlik qovurilgan goʻsht buyurtma berdilar. Men hayron boʻlib, “Nega menga koʻproq?” deb soʻradim. Otam: “Sen yosh yigitsan, hozir yeydigan payting. Katta-katta yeyishing kerak. Mening uncha ishtaxam yoʻq”, dedilar.
Ovqatlanib boʻlganimizdan soʻng choyxoʻrlik qildik. Dadam gapni uzoqdan olib kelib menga nasihat qila boshladilar. Ayni qonim qizigan navqiron paytim boʻlganim uchun boʻlsa kerak, meni zinodan qattiq ogohlantiridlar. Koʻzimni va barcha aʼzolarimni bu chirkin ishni qilishdan saqlashimni tayinladilar. Buning uchun nimalar qilishim, nimalardan ogoh boʻlishim kerakligi, doʻstlarim qanday boʻlishi kerakligigacha tushuntirdilar.
Oʻsha kundan beri necha yillar oʻtdi. Lekin dadamning oʻsha nasihatlari qulogʻimda qoldi. Allohga shukrlar boʻlsinki, Oʻzining fazli ila men hech ham bu qingʻir yoʻlga qadam bosmadim. Qachon xayolimga shu gunohni qilish fikri keladigan boʻlsa, dadamning nasihatlari yodimga tushar va oʻzimni bu ishdan tiyardim. Dadam oʻsha kuni yoʻl-yoʻlakay ovqatlanish uchun kirgan paytimizdan ham oʻsha fursatdan juda zoʻr foydalangan ekanlar.
Farzandingiz bilan oshxonaga ovqatlanishga kirishingiz katta bir tarbiyaviy fursatdir. Siz taom ustida oʻgʻlingiz yoki qizingizga taʼsirli gaplar aytib nasihat qiling. Bu gʻanimat fursat. Farzandingizning faqat tanasiga emas, ruhiga ham ozuqa berishga shoshiling.
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmuʼtining
“Farzand tarbiyasida 700 ta saboq” kitobidan
Gʻiyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.