Gohida farzandlarimizni biror aybi uchun tanbeh bermoqchi boʻlsak, gʻazab otiga minib olamiz. Ularga ogʻir-bosiqlik bilan nasihat qilish oʻrniga ichimizdagi bor yomon gaplarni, soʻkishu haqoratlarni yogʻdiramiz.
Ayrimlar oʻz jigarporasini biror ongsiz hayvonga oʻxshatsa, yana ayrimlar boshqa turdagi fahsh gaplar bilan bolalarini soʻkadilar. Yana ham eng yomoni farzandining beboshlik qilib sodir etgan aybi uchun ularni qargʻaydiganlardir.
Baʼzilar esa nasihat qilish kerak ekan deb soatlab maʼruza oʻqib, gaplarining taʼsirini oʻzlari kamaytirib qoʻyishadi. Aslida-chi? Aslida tarbiya jarayonidagi tanbeh qanday qilinsa toʻgʻri boʻladi?
Otalardan biri aytadi: “Ayolimning aytishiga qaraganda, men bolalarni urishib berayotgan paytimda ularga juda qoʻpol gapirar ekanman. Lekin oʻzim nima deyotganimga eʼtibor bermas ekanman. Ayolimning gapidan keyin oʻzimning nima deyishimga, qanday gaplar bilan farzandlarimga tanbeh berishimga ahamiyat berdim. Ayolim haq ekan, haqiqatda men juda yomon gaplarni ishlatar ekanman. Oʻshandan keyin ularga tanbeh bermoqchi boʻlsam, faqat yaxshi soʻzlardan foydalanishni qasd qildim. Masalan: “Astagʻfirulloh”, “Aʼuzu billaahi minash shaytonir rojiym”, “Laa havla valaa quvvata illaa billaah” degan zikrlarni aytib jazolaydigan boʻldim. Alhamdulillah, shundan keyin gʻazabim kelsa ham oʻzimni bosib tura oladigan boʻldim. Gaplarim ham oldingidan koʻra farzandlarimga yaxshiroq taʼsir qiladigan boʻldi”.
Onalarning biri aytadi: “Farzandlarimni jazolab taʼzirini berayotgan paytim “Alloh hidoyat qilgur” deyman. Menga bu gapni aytish odat boʻlib qolgan. Qachon bolalarim jahlimni chiqarishsa, quloqsizlik qilishsa, hatto ularni savalashga toʻgʻri kelib qolsa ham oʻsha paytda ogʻzimdan beixtiyor “Alloh hidoyat qilgur” degan gap chiqib ketadi. Men bu soʻzlarni onamdan oʻrgangan boʻlsam kerak. Onam ham bizning biror ishimizdan achchiqlari chiqsa, shunday deb tanbeh berardilar”.
Imom Buxoriy rahmatullohi alayh oʻzlarining Sahihlarida keltirishlaricha, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning davrlarida mast qiluvchi ichimlik ichishga oʻrgangan bir kishi boʻlgan ekan. Nabiy aalayhissalom unga qaytarilgan ishni qilgani uchun taʼzir belgiladilar. Haligi odam taʼzirini olgandan bir muddat oʻtib, yana shu aybi bilan qoʻlga tushdi.
Nabiy alayhissalomning takror buyruqlari bilan yana qamchi urildi. Bu holatni kuzatib turgan sahobai kiromlarning biri hadeb bir ishni qilaveradigan kishining holatidan achchiqlanib “Allohning laʼnatiga uchragur” deb yubordi. Shunda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam uni laʼnatlashdan qaytarib, ummatga har qanday vaziyatda ham tilni tiyish kerakligini oʻrgatdilar.
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmuʼtining
“Farzand tarbiyasida 700 ta saboq” kitobidan
Gʻiyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.