Bola tarbiyasida tinchlantirish uchun qo’rqitish texnikasidan foydalanish illati, afsuski, keng tarqalgan holatlardan biri. Soha mutaxassislarining aytishicha, shu kabi holatlar Osiyo mamlakatlarida avj olgan. Ayniqsa, bu bizning xalqimiz orasida “milliylashib” ketganligi hech kimga sir emas. Bola yig’lashdan to’xtamasa, ogohlantirishlarga quloq solmay gapingizga kirmasa, uxlamasa, ovqat yemasa yoki shu kabi biror ishni qilsa-yu to’xtatishning imkoni bo’lmasa ota-ona yoki tarbiyachilar qo’rqitish yo’liga o’tishadi. Ajinalar, arvohlar, ukol qiladigan doktorlar va boshqa qo’rquv uyg’otuvchi faktorlar shular jumlasidandir. Ammo, bunday xatti-harakatlar bolaning psixologiyasini jiddiy shikastlashi haqida hech kim o’ylab ko’rmaydi.
Psixologlar fikriga ko’ra, bolalarda haddan tashqari qo’rquvni uyg’otish uzoq muddatli ruhiy izlarni qoldirishi hamda travmadan keyingi stress, vahima, behalovatlik va boshqa turli psixologik kasalliklarni yuzaga keltirishi mumkin. Mazkur buzilishlar natijasida ongostidagi salbiy o’zgarishlar tufayli bola shaxsiyati yomonlashadi.
Ko’plab tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, yuqoridagi holat tufayli ko’pchilik bolalar qorong’ulik qo’rquviga moyil bo’lib qolishadi. Bu vaqtida nazorat qilinmasa o’smirlik davrida ham ddavom etishi mumkin. Uyqu oldidan qo’rquvni his qilish, bezovtalik hissi ham shular jumlasidandir. Shu bilan bir qatorda, qo’rqitish taktikasi bolalarga yurak-qon tomir va asab tizimida muammolarni orttirib olishiga ham “xizmat” qilishi mumkin.
Aziz ota-ona! Arzimas bo’lib ko’ringan qo’rqitishlar jondan suyuk farzandingizning ruhiyatiga putur yetkazib qo’yishidan asrang. Xalqimizda “qalovini topsang qor ham yonadi” degan naql bor. Siz bolangizdan istagan harakat yoki ishni go’zal ko’rinishda tushuntirishning ham albatta imkoni bo’ladi. Zero, farzandni Vatan va jamiyat uchun qo’rqmas, mukammal hamda komil inson sifatida tarbiyalab berish har bir ota-onaning orzusi va burchidir.