Bolalarning kasallikka chalinishi ulardagi immun tizimi, atrof-muhit ta’siri, mavsumiy kasalliklar yoki boshqa ko’plab faktorlar bilan bog’liq bo’lishi mumkin. Quyida, bolalar orasida eng ko’p uchraydigan kasalliklar va ular borasida kichik maslahatlar bilan tanishamiz. Unutmang, bemorlik vaqtida davolashning eng to'g'ri yo'li shifokor ko'rigiga olib borishdir.
1. Shamollash
Shamollash nafaqat kattalar, balki, bolalar orasida ham ko’p kiuzatiladigan kasallanishlardan biri. Burun bitishi yoki oqishi, ko’zlar yoshlanishi, yo’tal, isitma, sovqotish shamollashning asosiy belgilaridan hisoblanadi. Bu holatda farzandingizga ko’proq suyuqlik ichirish, uni gavjum joylardan uzoqroq tutish maqsadga muvofiq. Ammo, kasallik bir necha kundan keyin ham o’tib ketmasa, shifokorga murojaat qiling.
2. Bronxit
Bolada xirillash, nafas olishda qiyinchilik yoki hushtaksimon ovoz eshitilishi, tez-tez nafas olish bronxit yoki bronxiolitdan darak beradi. Bunda o’pkaning kichik havo yo’llari infeksiyalangan bo’lishi mumkin. Mazkur belgilar kuzatilganda, C vitaminiga boy ichimliklarni ichirish, tutunli joylardan saqlash tavsiya etiladi. Agar farzandingizda xirillash birinchi marta sodir bo’layotgan bo’lsa, nafas olish qiyinlashib, holsizlanish kuzatilsa darhol shifokorga olib boring.
3. Oshqozon grippi (gastroenterit)
Ko’ngil aynishi, qayt qilish, hidli va suyuq axlat chiqarish belgilari ushbu kasallikdan darak beradi. Shu bilan bir qatorda, ichki og’riqlar va isitma ham kuzatilishi mumkin. Bu holatda farzandingizga tez-tez tarkibida sut bo’lmagan ichimliklar bering. Yuqumli bo’lgai uchun odamlar bilan aloqani cheklagan ma’qul. Simptomlar kuzatilishdan to’xtamasa mutaxassisga murojaat qiling.
4. Allergiya
Atrof-muhit buzilishining ta’siri yoki boshqa sabablar bilan allergiya eng ko’p kuzatiladigan xastaliklardan biri. Doimiy aksirish, burun oqishi, ba’zan uyqu buzilishi allergik rinit belgilaridan hisoblanadi. Mazkur simptomlar kuzatilsa bolangizni chang, tutunga yaqinlashtirmang. Xonada changni tozalovchi havo filtridan foydalanish samarali sanaladi. Bundan tashqari, yotish paytida farzandingiz boshiga qo’shimcha yostiq qo’yish tavsiya etiladi. Bu unga oson nafas olishda yordam beradi.