UCL tadqiqot natijalari shuni ko’rsatmoqdaki, uch yoshdan yetti yoshgacha bo’lgan bolalarda ruhiy tushkunlik, depressiya va o’zlariga zarar yetkazish xavfi ortadi. London universiteti tadqiqotchilari 7000 dan ortiq bolalarning ma’lumotlarini o’rganib chiqib, ularning ota-onalariga 3-7 yoshlar oralig’ida asabiylashish holatlari haqida savollar berishdi. Javoblar bolalar o’ziga zarar yetkazish holatlari bilan birga tahlil qilindi.
Natijalarga ko’ra, yuqoridagi yosh oralig’ida asabiylashish va depressiya holatiga ko’p tushgan bolalarda o’smirlik davrida o’z-o’ziga zarar yetkazish, jumladan, o’z joniga qasd qilish ehtimoli katta. “Doimiy asabiylashish – hissiyotni jilovlay olmaslik, qochish, tahdidni his qilish, jamiyatdan chetlashish va salbiy hayot kechirish xavfini oshirishi mumkin”,- deb yozadi mualliflar.
Ma’lumotlarga ko’ra, o’gil bolalar qiz bolalarga nisbatan asabiylashishga ko’proq moyil bo’lishadi. Ta’kidlanishicha, ushbu holatni oldini olish yoki shu vaziyatni boshdan kechirayotgan bolalarga g’amxo’rlik qilish kelajakdagi ruhiy salomatlik muammolarini oldini olishda yordam beradi.
Yuqorida tilga olingan tadqiqot bolalarda erta asabiylik holatlarini kelajakdagi ruhiy muammolar bilan bog’laydigan birinchi tadqiqotdir.