Turkiyada ta’lim Otaturk islohotlariga muvofiq tashkil etilgan milliy tizim bilan hozirgacha boshqarib kelinmoqda. Mamlakatda ta’lim olish majburiyligi qonun bilan mustahkamlangan bo’lib, 12 yil davom etadi. Ba’zi Yevropa davlatlaridan farqli o’laroq, bolalar bog’chalari maktab ta’limiga taalluqli va daxldor emas. Statistikalarga ko’ra, Turkiyada bugungi kunda 71 mingga yaqin maktab faoliya yuritmoqda. Ularning 15 mingga yaqini xususiy maktablardir.
Maktab ta’limi boshlang’ich va yuqori bosqichlarga ajratilgan. Boshlang’ich ta’lim 8 yil davom etib, 6-14 yoshdagi bolalarni o’z ichiga oladi. Ma’lumotlarga ko’ra, o’qishga layoqatli bolalarning 97%i qamrab olingan. Suriya qochqinlari tufayli bu ko’rsatkich sezilarli darajada pasaygan. Inqiroz davrida ko’plab suriyalik bolalar maktablarni tark etgan.
Maktabning 1,2,3-sinflarida to’rtta asosiy fan mavjud: turk tili, matematika, “hayot ta’limi” va chet tili. To’rtinchi sinfda ijtimoiy fanlar ko’paytiriladi. O’qitiladiga chet tillari nemis, ingliz, fransuz, ispan tillaridan iborat bo’lib, ularning eng ko’p tarqalgani ingliz tilidir.
6,7-sinf o’quvchilari asosan turk tili, matematika, tabiatshunoslik, ijtimoiy fanlar va chet tillaridan tahsil olishadi. Sakkizinchi sinfda ijtimoiy fanlar o’rniga “Turk inqilobi va Kamalizm” o’qitiladi. Shu bilan maktabning boshlang’ich bosqichi yakunlanadi. Bitiruvchilarga yakunlaganlik to’g’risida diplom beriladi.
Boshlang’ich ta’limdan keyingi umumiy-o’rta ta’lim o’quvchilarning 15 dan 17 yoshgacha kamida uch yil davomida o’qishini ta’minlaydi. Umumiy-o’rta ta’lim muassasalariga litseylar, chet tili, fan va san’at litseylari kiradi. Bundan tashqari o’quvchilar kasb-hunar va texnik o’rta-ta’lim majmualarida o’qishlari ham mumkin. Ushbu bosqichda o’quvchilar har kuni har biri 40 daqiqa davom etadigan 6 ta darsga qatnashishadi. Ular asosan, turk tili va adabiyoti, matematika, fizika, kimyo, biologiya, geometriya, tarix, geografiya, din va ahloq, jismoniy tarbiya va chet tillaridan ta’lim olishadi.
Avvallari bitiruvchilarga o’zlari tanlagan yo’nalishlari bo’yicha diplom berilar edi. Va ushbu diplom oliy o’quv yurtlariga kirishda imtiyoz berardi. Ammo, 2011-yildan boshlab barcha o’quvchilarga bir xil namunadagi shaxodatnoma berish boshlangan.
O’quvchilar 12-sinfni tugatgandan so’ng yakuniy imtihonlarni topshirishadi. Bu imtihon turk tili-matematika, aniq fanlar, ijtimoiy fanlar va chet tillarida bo’lib o’tadi.
Shu bilan bir qatorda, turk ta’limi tanqid qilinmaydi desak adashgan bo’lamiz. Mamlakatda ta’lim tizimining surunkali o’zgartirilishi doimiy bahs-munozaralarga sabab bo’ladi. Jumladan, o’rta maktablarga qabul shartlari, o’qitiladigan fanlar, OTMlarga kirish tizimi, diniy fanlar qisqartirilishi va shu kabi yo’nalishlardagi “islohotlar” norozilik reaksiyalariga sabab bo’ladi.
Eslatib o’tamiz, rubrikamizning avvalgi sonlarida AQSH, Xitoy va Saudiya Arabistoni kabi davlatlarning o’rta ta’limi haqida yozgan edik.
Umidjon Sayfullayev tayyorladi.