x

Xalqimizda farzand dunyoga kelishidan oldin ham keyin ham qilinishi kerak bo’lgan ishlarga katta e’tibor qaratiladi. Jumladan, “tanglay ko’tarish” iborasi va bajarilishi barchaga tanish bo’lsa ham, asl istilohni ko’pchilik bilmaydi. Keling, ushbu amalning asl asosi bilan tanishsak.

Payg’ambarimiz Muhammad alayhissalom yangi tug’ilgan chaqaloqning haqlari borasida hikmatga to’la muborak sunnatlarini qoldirganlar. Ular – munosib ism qo’yish, qulog’iga azon va takbir aytish, tanglay ko’tarish, aqiqa qilish, sochini olish va o’g’il bola bo’lsa xatna qilishdir. Biz yuqorida tilga olgan tanglay ko’tarishning asosi bo’lmish hadis quyidagicha:

Abu Muso roziyallohu anhu aytadi: “O’g’lim tug’ilganda uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga olib bordim. U zot alayhissalom o’g’limga Ibrohim deb ism qo’ydilar va tanglayini xurmo bilan ko’tardilar. Unga baraka tilab duo qildilar”.

E’tibor beradigan bo’lsak, bola tanglayini ko’tarish uchun maxsus kishi va duo tayin qilinmagan. Maqsad esa, chaqaloqning birinchi totgani shirinlik bo’lishi va ona sutiga tezroq kirishishidir. Faqat undan so’ng chaqaloq haqqiga duo qilish sunnatdir. Arab diyorlarida xurmo mevasi keng tarqalganligi uchun, undan ko’proq foydalaniladi. Agar xurmo bo’lmasa, uning o’rniga mayiz, quruq mevalar yoki asaldan ham foydalanish mumkin. Shirinlikni chaynab yoki ezib, bir qismini barmoq uchiga surtib, bolaning og’ziga tekkiziladi.

To Top ↑
To Top ↑