Bilamizki, ramazon oyida 30 kun ro‘za tutish islomda farz amallardan hisoblanadi. (Farz – bajarilishi shart bo‘lgan amal). Biroq balog‘atga yetmagan bolalarga ro‘za farz emas.
Imom Buxoriydan rivoyat qilingan sahih hadislarda aytiladiki, sahobalar farzandlarini ro‘za bilan chiniqtirish, tayyorlab borish uchun ham ramazon oyida ro‘za tutirishgan. Hatto ular farzandlari ochiqqanini aytsa, turli o‘yinchoqlar bilan ovutishga harakat qilishgan. Bundan shuni anglash mumkinki, sahobalarning farzandlari o‘yinchoqlar bilan ovunadigan davrdan boshlab ro‘za tutishgan. Bu ehtimol 6-7 yoki 9-10 yosh bo‘lishi ham mumkin. Bu borada aniq ma'lumot keltirilmagan. Shunday bo‘lsa-da, balog‘atga yetmagan bolalarga ro‘za tutish farz hisoblanmaydi.
Xo‘sh, bola qachon balog‘atga yetadi?
Og‘il bolalarda erkaklik ya'ni farzand ko‘rishga qobiliyati paydo bo‘lgan vaqt balog‘atga yetgan hisoblanadi. Qizlarda ham shunday. Bundan tashqari balog‘atga yetgach, sog‘lom bo‘lishi, muqim bir joyda ekanligi ya'ni o‘z yurtida bo‘lsa, ularga ro‘za tutish farz hisoblanadi.