x

Halifa hazrat Umar roziyallohu anhu har galgidek kechqurun shaharni kezib yurardilar. Ko`chadan o`tib ketayotganlarida achchiq–achchiq yig`layotgan chaqaloqning ovozini eshitdilar. Bir oz poylab turdilar, chaqaloq yig`isi to`xtashini kutdilar. Ammo bola borgan sari qattiqroq yig`lar edi. Hazrat Umar roziyallohu anhu chidayolmay, eshikni taqillatdilar va:
– Nega bolani yig`latmoqdasiz, uning onasi yo`qmi? – deb so`radilar.

Chiqqan xotin:
– Men uning onasi bo`laman, – degan edi, xalifa unga:
– Sen nega bunchalik shafqatsiz onasan, nega bolani bunchalik yig`latasan, – dedilar.

Hotin:
– Nega holimizni bilmay, bunday deysiz, ozor berasiz?
Bolani yaqinda sutdan ajratdim, uyimizda egulik biror narsa bo`lsaydi, bolamni ovutar edim, – dedi.

Hazrat Umar roziyallohu anhu:
– Bolang necha yoshda? – deb so`radilar.

Hotin:
– Hali bir yoshga to`lgani yo`q, – dedi. Hazrat Umar roziyallohu anhu:
– Nega bunday erta sutdan ayirding? – deb so`radilar.

Hotin:
– Alloh xalifaga insof bersin. Bolalar sutdan ajratilmaguncha nafaqa bermaydi. Shuning uchun erta sutdan ajratdim, – deb javob berdi.

Hazrat Umar roziyallohu anhu bomdod namozlarini o`qigandan so`ng mulozimlaridan birini chaqirib:
– Sizning Umaringizga uyat! – deb ikki marta nadomat bilan qaytardilar.
– Har bir musulmon bola tuqqanida xalifaga darhol xabar berilsin. Baytul moldan – davlat xazinasidan nafaqa tayinlansin. Hech bir ayol nafaqasiz qolmasin va bolasini erta sutdan ayirmasin. Shu onda kimning chaqalog`i bo`lsa, bolani keltirib, nafaqa yozdirsin, – dedi.

Alohida jarchilar Madina ko`chalarida yurib, aholiga bu qarorni e'lon qildilar.

Aziz o`quvchi! Jahon tarixida adolati zarbulmasal bo`lgan hazrat Umar barcha musulmonlar va o`zining qaramog`idagi xalqqa shunday g`amxo`rlik qilar edi. Madina ko`chalarida ko`cha qorovullari vaqti–vaqti bilan kezib, dardli fuqaro bormi», deb yurardi va ko`pincha bunday odamlarga shaxsan o`zi yordam berardi. Bir kuni bolalari yig`lagan ayolning farzandlari uchun un orqalab borgan Umar do`stining bunday qilmagin, degan e'tiroziga qaramasdan:

«Unni Umar tashisin, faqirlarning ko`nglini olmoq, uchun terlasin. Alloh taolo Umarni afv etsin», deb unni o`zi tashidi.
So`ngra u xotinning uyiga kelib, o`z qo`llari bilan ovqat pishirib edirdilar. Olovni o`zlari yoqdilar, o`t yoqar ekanlar, soch–soqollari kulga belanib ketdi. Hotin yordam berishni istaganda, unga:
– Bor, bolalaringni ovut. Men o`zim ularga ovqat tayyorlab beraman, – dedilar. Bolalar qorinlarini to`ydirib yotdilar.

Umar roziyallohu anhu huzur qilib dam oldilar. Va:
– Ertaga oldimga boring. Sizga nafaqa tayinlab beraman, – deb xayrlashdilar.
Adolatning timsoli bo`lgan Umar roziyallohu anhu shunday bir Umar edi. Alloh taolo undan rozi va xushnud bo`lsin.

«Hikmatlar xazinasi» kitobining 1-juzidan

Ushbu maqola O`zbekiston Respublikasi Din ishlari bo`yicha qo`mitaning 2023 yil 30 noyabr' 03-07/9089-sonli xulosasi asosida tayyorlandi.

Manba: Islom.uz

To Top ↑
To Top ↑